1. Bog‘langan qo‘shma gaplarning formal -sintaktik talqini.
2. Bog‘langan qo‘shma gaplarning turlari:
a) biriktiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar;
b) zidlov bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar;
v) ayiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar;
g) inkor bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar;
3. Bog‘langan qo‘shma gaplarda shakl va mazmun munosabati.
4. Xulosa.
An’anaviy sintaktik nazariyalarda bog‘langan qo‘shma gaplar mavqei jihatdan teng huquqli bo‘lgan sodda gaplarning tenglanish munosabati asosida mazmun va grammatik jihatdan o‘zaro birikuvidan tashkil topgan gaplar sifatida talqin etiladi.20 Quyida bog‘langan qo‘shma gaplarning formal hamda semantik-sintaktik tadqiqi natijalari xususida fikr yuritamiz.
Bog‘langan qo‘shma gaplarni tashkil etuvchi teng huquqli qismlar shaklan mustaqil, mazmunan o‘zaro bog‘langan, ba’zan mantiqan biri-ikkinchisiga tobe gaplardan tashkil topadi. Bunday aloqa-bog‘liqlik qo‘shma gap qismlarining tuzilishida, kesimlarining mazmunan va grammatik munosabatida yoki umumiy gap bo‘laklarining mavjud bo‘lishida ko‘rinadi. Anglashiladiki, bunday turdagi qo‘shma gaplarning qismlari mantiqan bir-birini taqozo qilsa-da, grammatik jihatdan tobe bo‘lmaydi.
Bog‘langan qo‘shma gaplardagi birinchi komponent birmuncha mustaqillik xususiyatiga ega bo‘lsa, ikkinchi komponent birinchi gapga bog‘liq holda tuziladi. Bu qismlar birgalikda yaxlit sintaktik qurilmani, ya’ni qo‘shma gapni hosil qiladi.
Bog‘langan qo‘shma gaplar qismlari: 1) teng bog‘lovchilar; 2) teng bog‘lovchi vazifasida qo‘llanadigan yuklamalar; 3) bo‘lsa, esa yordamchilari; 4) tenglik ohangi yordamida bog‘lanadi.
Biriktiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar. Biriktiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gap qismlari ma’lum bir paytda yoki ketma-ket ro‘y beradigan voqea-hodisani bildiradi hamda va, hamda, ham, -u (-yu), -da, bo‘lsa, esa yordamchilari orqali bog‘lanadi.
Va, hamda bog‘lovchilari, ham yuklama-bog‘lovchisi yordamida tuzilgan qo‘shma gaplarda bir vaqtda va turli vaqtlarda yuzaga kelgan voqea- hodisa yoki harakat ifodalanadi. Qiyoslang:
1. Qo‘shma gapda bir vaqtda yuzaga keladigan voqea-hodisa ifodalanadi: Mudir jadal qadam tashlagan holda to‘xtovsiz gapirar va uning so‘zlari hammani qiziqtirar edi. (P.T.)
2. Qo‘shma gapda turli vaqtda yuzaga kelgan voqelik yoki harakat ifodalanadi: Soy guvillab oqar va uning muzdek shamoli qirg‘oqda tartibsiz o‘sgan o‘tlarni silkitar edi (S.Ahm.)
-da, -u (yu) yuklamalarining biriktiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gap tarkibida qo‘llanishida quyidagi holat kuzatiladi:
1. -da yuklamasi qo‘shma gap tarkibida harakatning odatdagidan ko‘ra tezroq bajarilishini ifodalaydi: Eshik g‘irch etib ochildi-da, ruxsat so‘rab Darveshali kirdi. (O.)
2. -u(-yu) yuklamasi hodisalarning bajarilish paytini, sababini, harakat yoki voqea-hodisaning to‘satdan, kutilmaganda va ketma-ket bajarilishini ko‘rsatadi: Shu payt to‘satdan ko‘cha eshigi ochildi-yu, Zunnunxo‘ja xaloslagancha kirib keldi. (A.Q.)
Bog‘lovchi vazifasida qo‘llanuvchi bo‘lsa, esa so‘zlari yordamida tuzilgan bog‘langan qo‘shma gaplarda ham bir paytda yoki ketma-ket sodir bo‘lgan voqealar ifodalanadi, shu bilan birga bunday tuzilishdagi gaplarda qiyos, izoh, zidlik kabi ma’no munosabatlari ham shakllanadi.24 Masalan: Uning gavdasi juda katta, tovushi bo‘lsa juda baland edi. (S.A.)
Do'stlaringiz bilan baham: |