“Qisasi Rabgʻuziy” asarining oʻziga xos xususiyatlari
Milodiy 1309–1310 yillarda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” asarini kitobat olamining goʻzal, betakror bir obidasiga qiyos etgulik! Yozma yodgorlikda Odam Ato va Momo Havodan tortib, Muhammad Mustafogacha yashab oʻtgan paygʻambarlarning hayoti, ezgu oʻyu amallari hikmatlar, rivoyatlar orqali mohirona aks ettirilgan. Unda Sharq falsafasi bilan qadimiy milliy qadriyatlarimiz uygʻunlashib ketgan .
Qadimiy turkiy tilni oʻzida ifoda etgan bebaho durdona ikki kitobdan iboratdir. Sobiq sovetlar davrida hayoti va ijodi oʻrganilishi taqiqlangan allomaning ushbu asari Mustaqillik sharofati va tariximizga munosabat oʻzgarganligi tufayli darsliklardan oʻrin oldi. Masalan, 9-sinf adabiyoti majmuasiga Nosiruddin Burhonuddin Rabgʻuziy(oxirati obod boʻlsin)ning mashhur asarlaridan namunalar kiritilgani buning isbotidir. “Qisasi Rabgʻuziy” asari oʻzbek nasriy adabiyotining birinchi yirik namunasidir. El orasida qadimdan mashhur boʻlgan bu asar “Paygʻambarlar qissasi” yoki “Avliyolar qissasi”deb ham yuritiladi. Zero, asarda Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhis-salomgacha oʻtgan barcha paygʻambarlar haqida zikr etiladi. Kitobda afsonaviy paygʻambarlar bilan birga paygʻambarlashtirilgan shaxslarga, jumladan, Luqmoni hakim, Iskandar Zulqarnaynga ham katta oʻrin berilgan.
Asar muqaddimasida aytilishicha, qoʻlyozma Xorazmda Rabotoʻgʻuz degan joyning qozisi Burhonuddin oʻgʻli Nosiruddin tomonidan musulmon dinini qabul qilgan, eʼtiborli moʻgʻul beklaridan hisoblangan Nosiruddin Toʻqbugʻaning iltimosiga koʻra, hijriy 709 (milodiy 1309–1310) yilda yozilgan. Nosiruddin Rabgʻuziy asarni deyarli bir yillik tinimsiz mehnatdan soʻng hijriy 710 yilning Hut (melodiy 1310 yil 21 fevral-21mart) oyida nihoyasiga yetkazadi. Bu haqida qoʻlyozmaning soʻzboshisida yaʼni, Rabgʻuziyning oʻzi tomonidan yozilgan birinchi kitobdagi muqaddimada keng qamrovli sharh berilgan.Shuningdek, muallif ikkinchi kitobning sheʼriy xulosasida ham uni qachon yozganligini ifoda etadi. “Oʻzgalar dunyo lazzati deb, qimmatbaho toshlardan mol dunyo yiqqanida, xushmanzara joylarda koʻngil ochib yurganida men soʻzdan gavharu dur tuzdim”, deb bashorat qiladi. Darhaqiqat, ushbu kitob oʻlmas ganjina boʻlib, asrlardan asrlarga, xalqlar tilidan oʻzga xalqlar tiliga oʻtib kelyapti. Rabgʻuziy uni shunday ifoda etadi:
Oʻzgalar koʻp olamunchoq tuzdilar el tizginib, Man guvar, dur, yinju tuzdim, kezmadim yobon yozi. Yetti yuz oʻn erdi yilgʻakim bitildi bu kitob, Tugʻmish erdi ul oʻgʻurda Hut saodat yulduzi.
Darhaqiqat, allomaning oʻzi aytganidek, asarni duru gavharga qiyos etgulik. Ayni paytda bu kitobni butun jahon ahli oʻqib oʻrganayotganligi buni tasdiqlaydi. Asarning eng qadimiy qoʻlyozmasi XV asrda koʻchirilgan boʻlib, u Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Ushbu nusxaning faksimelisi mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan. Qarangki, bizning kitobxonlarimizga oʻqish taʼqiqlangan kitob, oʻsha davrda Yevropada keng tarqalgan va qiziqish bilan oʻqilgan.
Rabgʻuziy asarining qoʻlyozma nusxalaridan eng moʻtabarlaridan yana biri Rossiya Sharqshunoslik institutining Sank-Peterburg boʻlimida S-245 inventar raqami bilan saqlanayotgan nusxasi boʻlib, u XV yoki XVI asrda koʻchirilgan deb taxmin qilinadi. “Qisasi Rabgʻuziy”ning boshqa nusxalari keyingi davrlarda koʻchirilgan boʻlib, bularning leksikasi vaqt taqozosiga koʻra oʻzgarib borgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida yodgorlik Toshkent, Qozon shaharlarida litografiya asosida bir necha marta nashr qilingan. Asarning toʻla teksti ilk marta rus turkshunos olimi N. I. Ilminskiy tomonidan 1859 yili Qozon shahrida eʼlon qilingan. Bu nashr nisbatan keyinroq koʻchirilgan nusxaga asoslangan boʻlib, til jihatdan asl nusxadan ancha farq qiladi.
XIX asr oxirlari va XX asrning boshlarida “Qisasi Rabgʻuziy”ning ayrim parchalarining ruscha tarjimasi, baʼzi lingvistik sharhlar bilan P. M. Melioranskiy, S. Ye Milov, N. F. Katanov, N. F. Ostroumov kabi olimlar tomonidan oʻquvchilar hukmiga havola qilingan. Olimlarning asarga boʻlgan eʼtiborining oʻzi ham bu asarning katta ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatib turibdi.
Ayniqsa, ushbu asar milliy kitobatimiz tarixining durdonasi ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega. Nosiruddin Burxonuddin Rabgʻuziyning (oxirati obod boʻlsin) “Qisasi Rabgʻuziy” asari Mustaqilligimiz sharofati va bir guruh olimlarimizning saʼy-harakati bilan kitob javonlarimizdan oʻrin oldi. Asarning eng qadimiy qoʻlyozmasi boʻlmish, XV asrda koʻchirilgan, Britaniya muzeyida saqlanayotgan nusxaning faksimelisi yaʼni mashhur matnshunos K. Gronbek tomonidan 1948 yili Kopengagenda nashr qilingan faksimile-“Qisasi Rabgʻuziy” kitobini tayyorlovchilar – filologiya fanlari nomzodlari Abdullo Yunusov, Hamidullo Dadaboyev tomonidan asos qilib olingan. “Yozuvchi” nashriyotida 1990 yil chop etilgan kitobga filologiya fanlari doktori, professor Ergash Fozilov soʻzboshi yozgan. Oyatlar, hadislar, arabiy sheʼrlarni hozirgi oʻzbek tiliga filologiya fanlari nomzodi Yusufxon Shokirov tarjima qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |