Zaruriy mudofaa holatida sodir etilgan, ya’ni mudofaa-lanuvchi yoxud boshqa kishining shaxsi yoki huquqlarini, jamiyat yoki davlat manfaatlarini qonunga xilof tajovuzlardan tajovuz-chiga zarar yetkazgan holda himoya qilish chog‘ida qilingan harakat, agar zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.
|
Zaruriy mudofaa holatida qilingan harakat qonunga xilof hisob-lanmaydi, chunki hayotga, sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, mulkka va boshqa jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga qilingan tajovuzlardan himoya qilish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi va zaruriy mudofaa holatida tajovuzchiga zarar yetkazish jinoyat hisoblanmaydi.
Har bir fuqaroning o‘zi, boshqa shaxslar, davlat manfaatlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan har qanday boshqa ijtimoiy munosabat-larni himoya qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasining Konstitu-tsiyasida (20, 27-va boshqa moddalarida) mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida Respublika fuqarolari sha’ni va obro‘siga, hayoti va sog‘lig‘i, shaxsiy hayoti, erkinligi va qadr-qimmatiga qarshi tajovuzlardan sudda himoyalanish, shaxsning sha’ni va obro‘siga qarshi tajovuzlardan zaruriy mudofaalanish huquqiga ega ekanligining belgilanganligi ushbu masalani hal etish uchun rahbariy ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat qonunida birinchi marta har qanday fuqaro boshqa shaxslar yoki hokimiyat organlariga yordam so‘rab murojaat qilish yoxud tajovuzdan o‘zga yo‘sinda qutulish imkoniyati bor-yo‘qligidan qat’i nazar, to‘g‘ridan to‘g‘ri zaruriy mudofaani qo‘llash huquqiga egaligi belgilab qo‘yiladi (Jinoyat kodeksi, 37-modda 3-qism). Haqiqatan ham jinoyatchilikka qarshi kurash olib borishda jinoyat qonun bilan qo‘riqlanadigan obyektga qilingan tajovuzdan qochib qutulish orqali emas, balki jinoyatning oldini olishga qaratilgan qat’ilik bilan qilingan harakatlar orqali erishiladi. Zaruriy mudofaa huquqi har bir fuqaroning jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qilingan tajovuzlardan himoya qilish huquqini kafolatlovchi konstitutsiyaviy qoida hisoblanadi.
Bizning fikrimizcha, zaruriy mudofaa huquqi himoya huquqi bilan ta’minlangan manfaatlarga qarshi qasddan, shu bilan birga birgalikda, ehtiyotsizlikdan sodir etilgan tajovuz natijasidir.
Fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmati jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadi, ushbu obyektlarga qilingan tajovuz jinoyat deb topiladi (Jinoyat kodeksi, 139,140-moddalar). Shuning uchun jinoyat qonuni bilan muhofaza qilinadigan bunday manfaatlar mudofaalanuv-chi qonunda mustahkamlangan zaruriy mudofaaning huquqiyligi shartlariga rioya qilinganida, zaruriy mudofaa choralari bilan himoya qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi 1996-yil 20-dekabrda qabul qilingan “Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan zaruriy mudofaa huquqini ta’minlovchi qonunlarni sudlar tomonidan qo‘lla-nilishi to‘g‘risida”gi qarorining 1-bandida ham shunday nuqtayi nazar nazarda tutilgan.
Jinoyat huquqi nazariyasida, mudofaalanuvchining ijtimoiy xavfli tajovuzlardan qonun bilan mustahkamlangan shartlarga rioya qilib amalga oshiradigan harakatlari faqat qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarni himoya etish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, zaruriy mudofaa deb topilishi lozim.
Ijtimoiy xavfli tajovuzlardan tajovuzchiga zarar yetkazish orqali himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashda ham ahamiyatga ega-dir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi plenumining yuqorida nomi keltirilgan qarorida ayrim sudlar tajovuzga uchragan shaxs, undan qochib qutulish, boshqa fuqarolarga va hokimiyat vakillariga yordam so‘rab murojaat qilish yoki boshqa usullar bilan tajovuzdan saqlanish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bunday tajovuzga qarshi faol ravishda mudofaalanish huquqiga ega bo‘lmaydilar, degan noto‘g‘ri fikrga asoslanadilar deb ta’kidlanadi. Shu munosabaat bilan Plenum sudlar shuni e’tiborga olishlari kerakki, fuqarolar qonun talabiga muvofiq ijtimoiy xavfli tajovuzdan qochib qutulish yoki boshqa usullar bilan saqlanish imkoniyatiga ega bo‘lishlaridan qat’i nazar, tajovuz qiluv-chiga zarar yetkazish yo‘li bilan aktiv himoyalanish huquqiga egadirlar, deb ko‘rsatilgan1.
Yuqorida aytilganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, zaruriy mudofaa holatida qilingan harakat jinoyat hisoblanmaydi, chunki u ijtimoiy xavfli bo‘lmay, aksincha, ijtimoiy foydali harakatdir.
Zaruriy mudofaada ijtimoiy xavflilik xususiyatining yo‘qligi shundaki, zaruriy mudofaani qo‘llash orqali shaxsning hayoti, sog‘li-g‘i, jinsiy erkinligi (daxlsizligi), mulki va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qilingan tajovuz bartaraf qilinib, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan zarariy oqibatlarning oldi olinadi. Tajovuz qiluvchining hayoti va sog‘lig‘i tajovuz vaqtida qonun bilan qo‘riqlanmaydi.
Zaruriy mudofaani qo‘llash har bir shaxsning shaxsiy huquqidir va bunday huquqni amalga oshirish faqat uning o‘zigagina bog‘liq bo‘lib, bu huquq zaruriy mudofaani qo‘llash vaqtida amalga oshiriladi. Ammo ayrim turkumdagi shaxslar uchun zaruriy mudofaani qo‘llash shaxsning yuridik majburiyati hisoblanadi. Bularga qonunda to‘g‘ri-dan-to‘g‘ri ko‘rsatib qo‘yilgan yoki xizmati yuzasidan jinoyatchilikka qarshi kurash olib borish, odamlarni qutqarish, jamoat tartibini saqlash vazifasi yuklatilgan shaxslar kiradi.
Jinoyat qonuniga zaruriy mudofaa institutining kiritilishi qonun himoyasidagi manfaatlarni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan mudofaa qilishda har bir fuqaroning faol qatnashishini ta’minlash maqsadiga xizmat qiladi.
Zaruriy mudofaani qo‘llashning zarurati va asoslari jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektlarga (shaxsga, davlat va jamoat manfaatlariga) ijtimoiy xavfli tajovuz qilinganligidir.
Shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxslarning manfaatlariga jinoiy tajovuz qilinganligi zaruriy mudofaani qo‘llashning asosi bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunda jinoyatning subyekti yoshiga yetmagan yoki aqli noraso shaxslarning ijtimoiy xavfli tajovuziga nisbatan ham zaruriy mudofaaning qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, qonunda birinchi marta (Jinoyat kodeksi, 37-modda 4-qism) zarar yetkazish maqsadida qasddan hujum qilish istagini qo‘zg‘atish zaruriy mudofaa hisoblanmasligi ko‘rsatilgan. Bu yerda shunday holatlar nazarda tutilganki, bunda aybdor muayyan bir shaxsga zarar yetkazish maqsadida uning “jig‘iga (asabiga) tegadi, keyinchalik u bilan hisob-kitob qilish maqsadida uning javob harakatlarini sodir qilishini xohlaydi.
Bunday hollarda aybdor yetkazilgan zarar uchun umumiy asos-larda javobgarlikka tortiladi. Jinoyat kodeksi va O‘zbekiston Respub-likasi Oliy sudining Plenumi qarorida shaxs o‘zining g‘araz niyatlari (urishish, azob berish, o‘ch olish) tufayli hujumning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bunday harakatlarni zaruriy mudofaa yo‘sinda qilingan deb topish mumkin emas, bunday holatlarda sodir etilgan xatti-harakatlar umumiy asoslarda kvalifikatsiya qilinishi lozim deb ta’kidlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |