Avstraliya hududi Avstraliya materigining asosiy qismini (shimolidan tashqari), Tasmaniyani va uning sharqida joylashgan qo`shni orollarni o`z tarkibiga birlashtiradi. Maydonining kattaligiga va ekologik sharoitlarining keng doirada tebranishiga qaramay faunasining tarkibida turlar soni nisbatan kam bo`ladi. Bunday xususiyat mazkur hududning nisbatan alohidalashganligi bilan tushuntiriladi.
Ushbu hududda cho`llar va savannalarga xos hayvon turlari keng tarqalgan hamda turlarning ko`pchiligi cho`l mintaqasida ham, savannada ham uchraydi. Cho`l mintaqasining hayvonot dunyosi uzoq tarixiy alohidalanish sharoitida shakllangan bo`lib, turlarda cho`l sharoitiga nisbatan moslashish hamda o`ziga xos hayotiy shakllar yetarli darajada yaqqol namoyon bo`ladi. Bu yerda yirik hayvon guruhlari, jumladan yirtqichlar, tuyoqlilar va boshqa qator turlar uchramaydi.
Sutemizuvchilar faunasi tarkibida (qo`l qanotlilardan tashqari) 41 avlod, 139 tur uchraydi, shundan 34 avlod 106 tur xaltalilarga tegishli. Bitta guruhga aloqador bo`lgan bunday xilma-xillik orol faunasiga xos xususiyatlardan biridir. Xaltalilarning 6 ta oilasi uchraydi, ularning deyarli hammasi endemiklardir. Cho`l va savannada uchraydigan xaltalilarga malla va kul rang kenguru, vollabi va kengurusimon kallamushni kiritish mumkin. Bu turlar asosiy fitofaglar rolini bajaradi. Mazkur guruhga xaltali qo`shoyoqchani, xaltali sichqonlarni va xaltali kalamushlarni ham kiritish mumkin. Ayni vaqtda kengurusimon kalamushlar itlar va tulkilar tomonidan ko`plab qirilgan hamda quyonlar ta`sirida o`z areallarini qisqartirishga majbur bo`lishmoqda. Hozirda ular kam sonda chala cho`l mintaqasida saqlanib qolgan.Qo`lqanotlilarning xilma-xilligi nisbatan yuqori darajada namoyon bo`ladi va ularning 14 oilasi va taxminan 30 turi uchraydi. Ulardan bitta avlod va 17 tur darajasidagi endemiklar uchraydi. Bir teshiklilardan faqat o`rdakburun tarqalgan.
Qushlarning 270 avlodi uchraydi va shundan 100 tasi endemiklardir. Tasqara, vyurok, qizilishton, chug`urchuq va boshqa ayrim qush guruhlari uchramaydi. Qurg`oqchil mintaqa uchun xos bo`lgan eng tipik qush turiemudir. Xuddi shunday, barcha qurg`oqchil mintaqalarda to`qimachilar va mayda to`tilar kabi boshoqlilarning urug`lari bilan oziqlanuvchi turlar tarqalgan.
Cho`l mintaqasi uchun turli-tuman reptiliyalar xos va ular orasida kaltakesaklar ustunlik qiladi. Ayniqsa, agamalar, stsinklar va echkemarlar oilalari nisbatan keng tarqalgan.
Umurtqasizlardan uncha ko`p bo`lmagan saprofaglar–termitlar nisbatan keng tarqalgan. Xuddi shunday chumolilarni hamma joyda uchratish mumkin. Ayniqsa, yirik va tajovuskor buldog chumolilari katta jag`lari hamda nashtari bilan ajralib turadi. Ular sodda tuzilishga ega bo`lgan ponerin kenja oilasiga mansub bo`lib, Afrikada ham tarqalgan. Ammo Avstraliyada ularning qadimgi turlari tarqalgan. Buta va o`t o`simliklarida hamda xazondan shakllangan qatlamda turli-tuman chigirtkalar, juft qanotlilar, kapalaklar, suvaraklar va chumolilar juda ko`p. Akatsiyalarning ildizlarida ayrim qo`ng`izlarning yirik lichinkalari yashaydi va ular aborigenlar uchun sevimli oziqa bo`lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |