1. Texnik nazorat dasturlari. Odatda kompyuter ishlashida yuzaga keladigan nosozliklar manbai uch xil bo‘lishi mumkin:
1. Kompyuter apparat qismidagi nosozliklar.
2. Kompyuter dasturiy-apparat qismidagi nosozliklar.
3. Kompyuter dasturiy ta’minotidagi nosozliklar.
Kompyuter nosozligini aniqlashda muhandislar uchun eng muhim bosqich – bu uning yuqorida keltirilgan manbasini aniqlashdir va shuning o‘zi ishni 80-90% ga yengillashtirishi mumkin. Nosozlik manbai aniq bo‘lgandagina nazorat va tashxis qo‘yuvchi dasturlarni ishlatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Nazorat deganda kompyuterning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ishlayotganligini tekshirib borish jarayoni tushuniladi.
Nazorat qilish mobaynida to‘plangan ma’lumotlar asosida aniq bir xulosa chiqarish jarayoniga tashxis deb ataladi.
Umuman olganda, tashxis jarayonini elementar tekshiruv deb ataluvchi alohida-alohida qismlarga ajratish mumkin.
Tashxis va nazorat jarayonlarini ketma-ketlikda ifolaydigan bo‘lsak, odatda tashxis nazoratdan keyin boshlanuvchi jarayon hisoblanadi, chunki tashxis nazorat sxemalari tomonidan hosil qilingan xatolik signallari asosida boshlanadi va quyidagi funksiyalarni bajaradi:
1) xatolik turini (uzilishdan yoki mutlaqo ishlamay qolishdan hosil bo‘lgan xatolik) aniqlaydi;
2) xatolik uzilishdan hosil bo‘lgan bo‘lsa, dasturni qayta ishga tushirib ko‘radi va tahlilni davom ettiradi;
3) biror qurilmaning buzilishi (ishlamay qolishi) natijasida ro‘y bergan xatolik bo‘lsa, uni avtomatik ravishda sistemadan uzib qo‘yib, tahlilni davom ettiradi va barataraf qilish usullari haqida ma’lumot beradi;
4) har ikkala holatdan kelib chiqqan xatoliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kompyuter xotirasiga fayl ko‘rinishida saqlaydi.
Nazorat mexanizmi odatda mashina ichiga joylashtirilgan bo‘ladi va u avtomatik nazorat deb ataladi.
Avtomatik nazorat va tashxis jarayoni odatda yagona sistemani tashkil qiladi va bir so‘z bilan “xatoliklarni topish sistemasi” deb yuritiladi.