Adabiyotlar
Internet materiallari: www. vikipediya
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2014 yil № 1, 2014 yil № 8.
Hamdam U. Ruhni uyg‘otguvchi so‘z. (Avstraliya yozuvchisi Natalya Krofts bilan suhbat). T., Turon zamin ziyo. 2017.
Mavzu bo‘yicha nazorat savollari:
Nima uchun Avstraliya, Okeaniya, Afrika va Kanada kabi mamlakatlar adabiyoti o‘rganilishi kerak?
Avstraliya adabiyotining umumiy manzarasi haqida tushuncha bering.
Okeaniya mamlakatlari adabiyotining o‘tmishi va bugungi holi haqida so‘zlang.
Afrika mamlakatlari adabiyotining yevropa adabiyotidan qaysi jihatlariga ko‘ra ajralib turadi?
Kanada adabiyoti qaysi xalqlar adabiyotidan tashqil topgan va ularning o‘ziga xos xususiyatlari nimalardan iborat?
O‘NINCHI MA’RUZA
XX ASR AQSH VA LOTIN AMERIKASI ADABIYOTI
REJA:
AQSh adabiyoti.
T.Drayzer ijodi.
Folkner ijodi.
E. Xeminguey ijodi.
R.Ellison, J.Selinjer, U.Stayron ijodi.
Lotin Amerikasi adabiyoti.
X.L.Borxes ijodi.
Pablo Neruda ijodi.
X.Kortasar ijodi.
G.Markes ijodi.
P.Koelo ijodi.
Tayanch so‘z va iboralar: T.Drayzer, “Amerika fojeasi”, Folkner, E. Xeminguey, “yo‘qotilgan avlod”, “Chol va dengiz”, J.Selinjer, R. Ellison, U.Stayron, X.L.Borxes , Pablo Neruda , X.Kortasar , G.Markes, “Yolg‘izlikning yuz yili”, “maftunkor realizm”, P.Koelo, “Alkimyogar”,
AQSh adabiyoti. XX asr G‘arb adabiyoti ikki asosiy bosqichni bosib o‘tdi. Birinchi bosqich imperializmning so‘nggi davrlariga mos keladi. Bu asrning birinchi yarmi, aniqrog‘i 1945 – yilgacha bo‘lgan davri bo‘lib, ilm-fanning rivojlanishi natijasida madaniyatning yangi shakllari – radio va kinematograf paydo bo‘ldi. Ikkinchi bosqich – 1945 yildan keyingi davr bo‘lib, burjua jamiyatida chuqur qayta qurilishlar sodir bo‘ldi: radikal demokratiyaning zamonaviy tizimlari paydo bo‘ldi, “iste'molchilar jamiyati” shakllandi, jahon iqtisodiyotida globallashish jarayonlari jadallashdi.
XX asrda adabiy jarayon ham tezlashdi, ko‘plab yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi, dabdabali murojaatnomalar qabul qilindi, yangi maktablar paydo bo‘ldi.
XX asr Amerika adabiyoti boy, rang-barang, shu bilan birga, ziddiyatli va murakkabdir. Dunyodagi eng yosh adabiyotlardani biri bo‘lgan AQSh adabiyotining tarixi 400 yildan oshmaydi.Ushbu holat bu adabiyotni o‘ziga xos tarzda rivojlanishiga ta'sirini o‘tkazdi. yevropa adabiyotiga nisbatan XIX asrda ancha ortda qolish va XX asrda jadal sur'atda rivojlanish, romantizm maktabining kech rivoj topishi va realizmning jadal rivojlanishi Amerika adabiyotigagina xos xususiyatlardir
XX asrning birinchi yarmida AQSh adabiyotida katta umumlashmalarga intilish kuchaydi, buni T.Drayzerning “Amerika fojeasi” romani misolida kuzatish mumkin. Tanqidiy realizm yo‘nalishida G.Spenser falsafiy qarashlarining ta'siri sezilarli ekanligi ko‘zga tashlandi. Spenser evolyusionizmining ta'siri T.Drayzerning “Istak trilogiyasi” va J.Londonning bir qancha asarlarida o‘z aksini topdi.
AQSh adabiyotida novella janri XIX asrdagi mavqyeini yo‘qotdi.Uning o‘rnini realistik roman egalladi. Shu bilan birga, bir qatori yozuvchilar faqat novella janrida ijod qildi. Shunday yozuvchilardan biri O.Genri (Uilyam Sidni Porter) edi. U Amerika adabiyotida “happy end”ning asoschisi bo‘ldi va novella janrining yangi yo‘nalishini belgilab berdi.
1900-yili T.Drayzerning “Baxtiqaro Kerri” romani nashrdan chiqdi. Yozuvchining bu yillarda yaratilgan boshqa romanlari kabi ushbu asar ham naturalizm ta'sirida edi. “Yo‘qotilgan avlod” yozuvchilari(E.Xeminguey, F.S.Fitsjerald, G.Stayn, J.Steynbek) yaqin bo‘lgan naturalizm bilan bir vaqtda Amerikaga yevropa modernizmi ham kirib keldi, bu yo‘nalishning vakillari qatoriga Tomas Eliotni kiritish mumkin. U Birinchi jahon urushi davrida adabiyotda yangi she'riy yo‘nalishni ochdi. Shoirning 1917-yilda chop etilgan “Alfred Prufrokning sevgi qo‘shig‘i” to‘plami modernizmning manifesti sifatida e'tirof etildi.
Yigirmanchi yillardan boshlab hikoya tanqidchilar tomonidan Amerika adabiyotiga xos janr sifatida qabul qilina boshlandi, uning rivojlanishida jurnallarning ahamiyati beqiyos bo‘ldi.
XX asrda o‘nta amerikalik yozuvchi adabiyot sohasidagi Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1918-yildan boshlab Nyu-Yorkda, “katta adabiyotdagi” eng nufuzli mukofotlardan biriga aylangan badiiy kitob uchun Pulitser mukofoti topshirib kelinmoqda.
Bolalar adabiyoti rivojlanishda davom etdi. Bolalar adabiyotining klassigi L.Frenk Baumning asarlari butun dunyoda nashr ettirildi. Detektiv janrida ijodi qilgan adiblardan Deshil Xammet, Reymond Chandler, Jeyms Keynlarning asarlari mashhur bo‘ldi. 1949-yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan U.Folkner, XX asrning birinchi yarmida ijod qilgan AQShning eng yirik yozuvchilaridan biri edi.
50-yillar adabiyotida Jerom Selinjerning “Javdardagi tik jarlik ustida” romani alohida o‘ringa ega. 1951-yili chop etilgan bu asar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida mashhur bo‘ldi. Kitoblarda ilgari ta'qiqlangan mavzular ko‘tarib chiqila boshlandi(taniqli shoira Elizabet Bishop, yozuvchi Trumen Kapote). 50-yillar AQSh dramaturgiyasida Artur Miller va Tennessi Uilyamslarning pesalari ajralib turgan bo‘lsa, 60-yillarda Edvard Olbining pesalari ( “Zooparkdagi hodisa”, “Bessi Smitning o‘limi”, “Kim Virjiniya Vulfdan qo‘rqadi?”, “Barchasi bog‘da”) teatr sahnalaridan tushmadi.
Amerika adabiyotidagi rang-baranglik bir yo‘nalishni ikkinchi yo‘nalish tomonidan to‘liq siqib chiqarishga yo‘l qo‘ymaydi, 50-60 yillarda barakali ijod qilgan Jek Keruak, Lourens Ferlingetti, Gregori Korso, Allen Ginzberglar o‘rnini, postmodernizm vakillari (masalan, Pol Olster, Tomas Pinchon) egalladilar. Keyingi yillarda postmodernchi adib Don Delilloning asarlari mashhur bo‘ldi.
AQShda ilmiy fantastika (bu yo‘nalishning birinchi to‘lqini vakillari Edgar Rays, Berrouz, Myurrey Leynster, Edmond Gamilton, Genri Katter asarlarida asosan kosmosga yetib borgan ilk sayyohlarning sarguzashtlari haqida hikoya qilingan), asr o‘rtalariga kelib murakkabroq fantastika ustunlik qila boshladi. Amerikalik fantast-yozuvchilar Rey Bredberi, Robert Xaylayn, Frenk Xerbert, Ayzek Azimov, Andre Norton, Klifford Saymak, Robert Sheklilarning nomi butun dunyoga ma'lum. XX asrning ikkinchi yarmidan esa fentezi adabiyoti keng rivojlandi. Amerika fentezisining gullab-yashnashi 1930-yillarda Robert Govardning ijodi bilan boshlandi. XX asrning ikkinchi yarmida bu janr Rodjer Jelyazni, Pol Uilyam Anderson, Ursula Le Guin kabi yozuvchilar tomonidan rivojlantirildi. Fentezi yo‘nalishining XXI asrdagi eng taniqli vakili Jorj R.R.Martin bo‘lib, u hayolida yaratgan o‘rta asrlar haqidagi “ Taxtlar o‘yini” kvazirealistik tarixiy romanining muallifi.
XX asrning so‘nggi choragi – jahon adabiyoti tarixida yetarli darajada murakkab davr: bir tomondan ko‘plab yozuvchilar bizning zamondoshlarimiz bo‘lib, adabiy oqim “guruchni kurmakdan” ajratgani yo‘q, qaysi asarlar adabiyotning oltin fondga kiradi, qay birlari “o‘tkinchi” bo‘lib, tez orada unutilib ketadi, buni vaqt sinovdan o‘tkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |