Ernest Xeminguey(1899-1961). XX asr tengdoshi bo‘lgan Ernest Xeminguey davrning asosiy voqyealariga guvoh bo‘ldi. U o‘z davri va o‘zi bilgan odamlar haqida yozdi, yozganda ham haqqoniy, aniq, xayron qolarli darajada lo‘nda, sodda va teran yozdi. Uning mahorati ham aynan shunda edi. Hayotlik paytidayoq u Amerika prozasining klassigi sifatida tan olingan edi.
“Yozuvchining vazifasi o‘zgarmasdir, - deydi Xeminguey. –Uning o‘zi o‘zgarishi mumkin, biroq vazifasi muqimligicha qoladi. Ya'ni, haqqoniy yozish kerak va haqiqatni anglagach, uni shunday bayon qilish kerakki, u o‘quvchining ongiga o‘z tajribasining ajralmas qismi sifatida singsin”52.
Ernest Xeminguey Ouk-Park shahrida vrach oilasida tug‘iladi. U maktabni bitirgandan so‘ng, kichik bir gazetada ishlaydi. yevropaga boradi: avval Fransiyada, keyin Italiyada joylashgan Amerika sanitar qismlarida turib, Birinchi jahon urushida qatnashadi. Urushdan so‘ng u Amerika gazetalarining muxbiri sifatida o‘z mamlakatiga qaytib, Florida sohillarida istiqomat qiladi.
Xeminguey Ispaniya respublikachilarining fashist fitnachilariga qarshi olib borgan kurashlarida faol qatnashgan va bu haqda ko‘p asarlar yozgan, Ikkinchi jahon urush yillarida aviatsiya qimlarida muxbir bo‘lib ishlagan. Ittifoqchilar armiyasining Fransiyaga bostirib kirishlarida ishtirok etgan.
Xeminguey ijodining boshlanishi Birinchi jahon urushidan keyingi yillarga to‘g‘ri keladi. « Bizning zamonda» (1925) kitobiga kirgan hikoyalarida yozuvchi, birinchidan asarning lirik qahramoni Nik Adamsning yoshligi, o‘smirlik yillari, sevgisi va oilasi haqida hikoya qilsa, ikkinchidan tinch hayot haqidagi hayollarga qonli urush voqyealarini qarama-qarshi qo‘yadi. Individualistik xarakterda bo‘lsa ham, asarda urushga qarshi qahramonning noroziligi bayon etiladi.
Imperializm keltirib chiqargan bosqinchilik urushlarni nafratlashga bag‘ishlangan «Alvido, qurol!» (1929) romani yozuvchi ijodida muhim bosqichni tashkil etadi. Asarda Birinchi jahon urushi yillarida Avstriya frontida ro‘y bergan voqyealar hikoya qilinadi. Sanitar xizmati leytenanti amerikalik Genri urushning butun dahshatlari - ocharchilik, ifloslik, o‘zaro qon to‘kish va son-sanoqsiz begunoh kishilarning o‘lib ketayotganligini ko‘rib, urush haqidagi fikrlarining pup hayoldan iborat ekanini biladi va umidsizlikka beriladi. Italyan soldat, ofitserlari bilan samimiy suhbat va aloqalar uni milliy xudbinlik va mag‘rurlikdan xoli qiladi. Shuning uchun leytenant Genri urushdan yuz o‘girib, qurolini tashlab, betaraf mamlakat - Shveytsariyaga o‘tib ketadi. Yozuvchi urush qabohatlariga shaxsiy hayotni qarshi qo‘yadi. Genri Ketrin Berkliga bo‘lgan sevgisi bilan urush dahshatlaridan ham tashqi, dunyo mashaqatlaridan ham qutilishga intiladi. Lekin u shaxsiy hayot va muhabbatdan ham baxt topa olmaydi. Ketrin tug‘riqxonada o‘lganidan so‘ng Genri butunlay umidsizlikka tushib qoladi. «Alvido, qurol!» romanida Birinchi jahon urushi va umuman urush qoralanadi. Biroq unda bayon etilgan norozilik shaxsiy yo‘sindadir.
Bu kitobning muallifi, - deb yozadi Xeminguey asar boshida, – ongli suratda shu fikrga keldiki, urushlarda jang qilayotgan odamlar dunyodagi eng ajoyib odamlardir, frontning qizg‘in janglar olib borayotgan qismlariga kirib borganing sari bunday ajoyib kishilarga ko‘proq duch kela boshlaysan. Lekin urushni boshlaganlar, uning oloviga yana olov tashlab turganlar, iqtisodiy raqobatdan, foyda undirishdan boshqa narsani o‘ylamaydigan to‘ng‘izlardir… Men urush olovini yoqqanlar … otib tashlanmog‘i zarur, deb hisoblayman.
Xemingueyning 30-yillarning o‘rtalarigacha bo‘lgan asarlarida u, tashqi dunyoga munosabatida ziddiyatli va individualist ijodkorligicha qoladi. O‘sha yillari ocherk shaklida yozgan “Tushdan keyingi o‘lim” (1932) kitobida o‘lim mavzusi yana ham ochiq ko‘rinadi. Asarda buqalar jangi va unga bog‘liq qoidalar batafsil beriladi. Buqalarni o‘ldiruvchi matadorlar yoki matadorlarni halok etuvchi buqalar, otlarning yorilib ketgan qornidan otilib chiqayotgan qonlar fojea ustiga fojea va ayniqsa jarohatlangan odamning o‘limi oldidan kechirgan azoblari umidsizlik ruhida tasvirlanadi.
“Afrikaning yashil tepaliklari”da (1935) ham yuqoridagi kitobiga xos bo‘lgan o‘lim masalasi ko‘tariladi. Agar “Tushdan keyingi o‘lim” matador bilan buqa o‘rtasidagi olishuvda ikkalasidan birini halok etishi bilan tugasa, bunda ovchi haqida gapiriladi va albatta voqyea ovchining g‘alabasi hamda hayvonning o‘limi bilan yakunlanadi.
Yolg‘izlik, umidsizlik yozuvchining boshqa hikoyalarida ham aks etadi. Masalan, “Toza va yorug‘ joyda” (1936) kitobi qahramoni kecha va qorong‘ulikdan vahimaga tushadi, uning uchun yagona makon toza va yorug‘ mayxona bo‘lib qoladi. 30- yillarning o‘rtalarida Xeminguey ijtimoiy voqyealarga murojaat qiladi. Shu davrga xos romani “Hayot yoki mamot” (1937) qahramoni Garri Morgan o‘z oilasini boqish yo‘lida tinmay ishlaydi Garri yashashga bo‘lgan tabiiy extiyojini qondirish maqsadida burjua jamiyatining vahshilika asosalangan qonunlariga tayanib o‘zini ham ayamaydi, boshqalarga ham shafqat qilmaydi. Hatto odam o‘ldirishgacha borib yetadi. U faqat o‘zining shaxsiy kuchiga ishonadi. Kuba anarxistlari bilan to‘qnash kelgan va jarohatlangan Garri Morgan o‘limi oldidan yolg‘iz odam hyech narsa qila olmaydi, degan fikrga keladi. Qahramonning fojiali halokati yozuvchidagi individualistik qarashlarning samarasizligini ko‘rsatadi.
“Daryoning narigi tomonidagi daraxtlar soyasida” (1950) asarida ijtimoiy hayotdan chetda turuvchi yakka qahramon paydo bo‘ladi. Bu ikki urushda qatnashgan amerikalik polkovnik Richard Kentuelldir. Asar qahramoniga xos narsa shuki, u hamma vaqt o‘lim hayoli bilan yashaydi, bu esa qissaning g‘amgin ruhini ko‘rsatadi.
Xeminguey so‘nggi «Chol va dengiz» (1952) qissasi uchun Nobel mukofotini olgan. Asar qahramoni kubalik qari Santyago baliq oviga chiqqaniga ancha kunlar bo‘lsa ham, lekin ishi yurishmaydi. Uning yelkaniga “ko‘p yamoq tushgan” qayiqqa qanday qilib ham baliq ilinsin. Santyago keksa bo‘lsa ham, lekin o‘zi tetik. Shuning uchun yozuvchi bu odam “taslim bo‘lmaydi” – deb uqtiradi».
Chol to‘riga katta baliq tushganida cheksiz quvonadi. “Baliq, – deb chaqirdi u sekingina, – o‘lsam o‘lamanki, sendan ajralmayman». Chol butun kuch g‘ayratini ishga solib, baliq bilan olishadi va uni yengadi. “Uning: “Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni bo‘ysundirish mumkin emas” degan so‘zlari inson qudratiga yozuvchining cheksiz ishonchini ko‘rsatadi.
Santyago uchun umidsizlik gunohdir. Kitobxon ko‘zi o‘ngida mag‘lubiyatni bilmaydigan, irodali inson timsolida namoyon bo‘ladi. Santpyago shu jihatdan yozuvchining oldingi asarlari qahramonlaridan farq qiladi. Uni qirg‘oqda kutib olgan bola navbatdagi baliq ovida chol bilan birga borishni va undan ko‘p narsa o‘rganish zarurligini aytadiki, bu – Santyagoning yolg‘iz emasligiga ishoradir. Xemingueyning har qanday hikoyasini tahlil qilish- murakkab vazifa. Hatto juda nozik did bilan yondoshilganda ham asarning yaxlitligini, emotsional ta'sirini buzib yuborish mumkin. Bu ma'noda Xeminguey asarlariga A. Qahhor hikoyalari yaqin turadi.Ularning asarlarida muallif ohang(intonatsiya)i va tagma'no muhim. Hikoyalarda qahramonlarning kayfiyati va xis- tuyg‘ularidagi nozik o‘zgarishlar ifodalanadi. Ular haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmaydi, voqyealar bayoni yo‘q, yozuvchi ular haqida hikoya qilmaydi, u qahramon hayotining qaysidir bir lahzasini tasvirlaydi, go‘yo muhim bo‘lmagan detallarini eslatadi, ammo bularning barchasidan olam va vaqt obrazini barpo qiladi.
Matnda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalanmagan, biroq detallar va replikalardan, ohangdan, bayon qilishning muomalasidan tushunarli bo‘ladigan tagma'no muhim ahamiyatga ega. Xeminguey badiiy usulining bu o‘ziga xos ko‘rinishi “aysberg prinsipi” nomini olgan. Barcha narsalar haqida qisqa, aniq, lo‘nda aytiladi, biroq tagma'noning tubida ko‘p narsalar yashiringan: azob-uqubat, umidsizlik, ishonch, befarqlik.
“Yomg‘irda qolgan mushuk” hikoyasi ixcham bo‘lib, atigi uch sahifadan iborat. Hikoyada tashqi hodisalarning kamligi diqqatni tortadi. Ko‘rinib turibdiki, gap ularda emas, balki qahramonlarning kayfiyatidagi xarakat va o‘zgarishlarda, nozik ruhiy tafovutlarni ifodalashda. Bayonning siqiqligi, tavsifning lo‘ndaligi oxirgi chegaraga yetkazilgan. Hikoyada ekspozitsiya, tugun, kulminatsiya va yechim mavjud. Asarning har bir tarkibiy qismi uchun atigi ikki-uch ibora ishlatilgan. “Otelda amerikaliklardan faqatgina ikki kishi bor edi. Ular o‘z xonalariga ko‘tarilayotganda zinapoyada uchraganlarning hyech birini tanimas edilar”. Hikoya mana shu ikki ibora bilan boshlanadi. Ular vatanidan yiroqda bo‘lgan insonning yolg‘izligini xis qilgan, turmush o‘rtog‘i bilan ajralish arafasida bo‘lgan, o‘z uyining taftini sog‘ingan ayol haqidagi hikoyaning ekspozitsiyasi bo‘lib xizmat qiladi. Hikoyaning ikki asosiy qahramoni o‘rtasidagi begonalashuvlik ortib boradi.
Tugun ham lo‘nda va qisqa: “Amerikalik ayol deraza oldida turib bog‘ni kuzatardi. Xonalari derazalarining shundoqqini ostida, yomg‘ir suvlari tomchilab turgan yashil skameyka ostida bir mushuk yashirinib olgandi.
– Men pastga tushib miyovxonni olib kelaman,- dedi amerikalik ayol”. Mushukni samarasiz qidirishlardan keyin, vestibyulda ketayotib va unga ta'zim qilgan mexmonxona xo‘jayinini chetlab o‘tib, ayol “ichida nimadir beixtiyor yumaloqlanib junjikib ketgandek bo‘ldi”. Mana shu qisqa ibora – hikoyaning kulminatsiyasi. Bundan keyingilari ilgari jilovlanib kelingan xis- tuyg‘ularning qo‘qqisdan yuzaga chiqqan oqimidir. Ayol o‘z orzulari haqida uni tinglamayotgan va tinglashni ham istamayotgan, uning gapini bor yo‘g‘i ikki marta luqma tashlab, noaniq g‘o‘ldirab, jim bo‘lib kitob o‘qish haqidagi maslaxat bilan bo‘lgan odamga gapiradi. Jorjga berilgan oxirgi savol javobsiz qoladi: “Agar uzun soch mumkin bo‘lmasa, xech bo‘lmaganda vaqtni ko‘ngilli o‘tkazish uchun mushuk mumkindir?” – “Jorj eshitmasdi. U kitob o‘qiyotgandi”.
Hikoyaning yechimi – xonada “katta olachipor mushukni” bag‘riga bosgan oqsochning paydo bo‘lishi va uning “Buni padrone sinoraga berib yubordi” degan so‘zlari.
Hikoyada an'anaviy portret chizgilari yo‘q. Ayolning tashqi ko‘rinishi haqida erining bir necha gapidan: “Sen bugun juda chiroylisan”, - va boshini ko‘tarib uning “o‘g‘il bolalarnikiga o‘xshash sochlari kalta qirqilgan gardanini ko‘rdi” tasavvur qilish mumkin xolos. Boshqa xech narsa deyilmagan. Hatto ismi ham berilmagan. U shunchaki amerikalik ayol.
“Yomg‘irda qolgan mushuk” sarlavhasi poetikasida katta ma'no yotadi. Xonadon tafti va shinamligining ramzi bo‘lgan mushuk yomg‘irda qoladi. Ayolning mushukka va, o‘ziga rahmi keladi.
Xemingueyning birinchi kitobiga kirgan boshqa hikoyalari kabi “Yomg‘irda qolgan mushuk” ham urushni ko‘rgan, uning asoratlarini xis qilib turgan insonlarga bag‘ishlangan. Yozuvchi, adabiy tanqidchi, adabiyotshunos Ralf Uoldo Ellison (1914-1994) - o‘zining yagona yakuniga yetkazilgan “Ko‘rinmas odam”(1952) romani bilan nom qozondi. Bo‘lajak yozuvchi AQShning Oklaxoma shtadidagi Oklaxoma-Siti shahrida tug‘ildi.
1933-yili u Alabamadagi Taksigi universitetiga o‘qishga kirdi. Bu yerda u modernistik adabiyot bilan jiddiy qiziqib qoldi. O‘qishni tugatish uchun mablag‘ yetishmaganligi bois, uch yildan keyin o‘qishni tashlab, Nyu-York shahriga keladi. Bu yerda u rassom Romare Birden va yozuvchi Richard Rayt bilan tanishadi. Rayt unga o‘z kuchini yozuvchilikda sinab ko‘rishni maslahat beradi va tez orada Ellison o‘zining birinchi hikoyasi “Hymie’s Bull”ni chop ettiradi. 1937—1944 yillarda u muntazam ravishda Nyu-York jurnallarida hikoya va tanqidiy maqolalari bilan ishtirok etadi. 49-yillarning oxirlaridan Ellison “Ko‘rinmas odam” romani ustida ishlay boshladi.
Roman XX asrning 40-yillarida Nyu-York shahrida istiqomat qiluvchi, ismsiz afroameriklikning nomidan yozilgan bo‘lib, tabulangan mavzularga ham to‘xtalib o‘tadi. Asar katta muvaffaqiyat qozondi, hamda muallifga nufuzli Milliy kitob mukofoti topshirildi.
1955—1958 yillarda Ellison yevropada bo‘lib, bir necha muddat Rimda yashadi. Keyin u Qo‘shma shtatlarga qaytib, Bard shahridagi kollejda Amerika va rus adabiyotidan dars bera boshladi. 1964 yildan Rutger va Yel universitetlarida ishladi. 1964 yili uning “Ta'qib qil va harakat qil” (Shadow And Act), esselar to‘plami chop etildi. Bu yillarda Ellison tugatishga ulgurmagan “19 iyun”(Juneteeth) romani ustida ishladi. Uning yozishicha, roman qo‘lyozmasining asosiy qismi yozuvchining Massachusets shtati Pleynfild shahridagi uyida 1967 yili sodir bo‘lgan yong‘in paytida nobud bo‘lgan.
1985-yili yozuvchining o‘n yettita essedan iborat “Hududga ketayotib” (Going to the Territory) to‘plami nashr ettirildi. To‘plamga mashhur yozuvchi Uilyam Folkner va yirik afroamerikalik ijodkor Richard Raytlar ijodi, shuningdek afroamerikaliklarning AQSh madaniyatiga qo‘shgan hissasi tadqiq qilingan esselar ham kiritilgan. 1970-yili Ellison Fransiyaning san'at va adabiyot Ordeni bilan taqdirlandi va Nyu-York universiteti o‘qituvchilarining tarkibiga doimiy a'zo qilib tayinlandi.
Ellison 1994-yilning 16-aprelida vafot etdi. O‘limidan keyin uning chop etilmagan qo‘lyozmalari topildi. 1996-yili “Uyga uchib ketayotib va boshqa hikoyalar”(Flying Home: And Other Stories) kitobi, 1999-yili esa adibning professor Jon F.Kallaxan tahriri ostida 368 sahifadan iborat tugallanmagan “19 iyun”(Juneteeth) romani nashrdan chiqarildi.
Amerikalik yozuvchi Jerom Devid Selinjer (1919-2010)ning asarlari 1940- yillarning ikkinchi yarmi va 50- yillarda The New Yorker jurnalida nashr etila boshlandi.
Selinjer 1919-yilning 1-yanvarida Nyu-Yorkda yahudiy oilasida tavallud topdi. U 1936-yili Velli-Forj shahridagi harbiy bilim yurtini tamomladi. 1937-yili Jerom Nyu-York universitetida ma'ruzalar tingladi. 1939-yilda Kolumbiya universitetiga o‘qishga kirdi va “Stori” jurnalining muharriri U.Bernettning qisqa hikoyalar haqidagi ma'ruzalarini tingladi.
Selinjer Manxettenda ulg‘aydi va maktabda o‘qib yurgan yillari hikoyalar yoza boshladi. Uning ilk asari bo‘lgan “Yoshlar” hikoyasi Ikkinchi jahon urushidan oldin, 1940-yili “Stori” jurnalida chop etildi. 1941-yildan «The New Yorker» jurnali bilan hamkorlik qila boshladi va bir nechta hikoyalarini chop ettirdi. Urush boshlanganda ko‘ngilli bo‘lib frontga ketdi. 1944-yili serjant Selinjer Normandiya, Ardenna va Xyurtgendagi janglarda qatnashdi. Urushda u harbiy muxbir Ernest Xeminguey bilan uchrashdi. Frontda tutgan kundaligiga: “Men kerakli vaqtda kerakli joyda ekanligimni his qilmoqdaman, chunki bu yerda butun insoniyatning kelajagi uchun jang ketmoqda”, deb yozib qo‘ygan edi.
1948-yilda yozilgan “Bananka – balig‘i yaxshi ovlanmoqda” hikoyasi uning birinchi jiddiy muvaffaqiyati bo‘ldi.
1940-yillarni ikkinchi yarmida Selinjer Amerika novellistikasining eng mohir muallifi sifatida nom qozondi. Birinchi hikoyasi chop etilgandan o‘n bir yil o‘tgach, 1951-yilning 16 iyulida yozuvchining “Javdardagi tik jarlik ustida” romani bosmadan chiqdi va juda katta muvaffaqiyat qozondi, tanqidchilarning e'tiboriga tushdi. Yuqori sinf o‘quvchilari va talaba yoshlarning bir necha avlodi asar qahramoni, voyaga yetayotgan Xolden Kolfildning bolalikdagi orzu-umidlari, tasavvurlarini birin-ketin yo‘qolib borishini achinib, xayrixohlik bilan kuzatib bordi. Qisqa muddatda kitob 60 million nusxada sotildi va hozirgi vaqtda ham har yili 250 000 nusxada sotilmoqda.
Selinjerning aksariyat asarlarining qahramonlari o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan o‘smir yoshlar. Biroq uni “bolalar” yozuvchisi deyish to‘g‘ri emas. Selinjer o‘z asarlarida (birinchi navbatda “Javdardagi tik jarlik ustida” romani) o‘smir-qahramonlarning ularni o‘rab turgan “kattalarning” qabih va shafqatsiz dunyosiga qarama-qarshiligi mavzusini ko‘tarib chiqadi. Yozuvchi adabiyot vositalari yordamida intuitiv ravishda 1980-90 yillarda fransuz faylasuflari Jan-Lyuk Nansi va F. Laku-Labartlar “inkor qiluvchi, rad etuvchi” deb atagan sub'ektning obrazini yaratdi.
1965-yildan keyin yozuvchi o‘z asarlarini chop ettirmay qo‘ydi va uzlatda yashay boshladi. O‘zining so‘nggi intervyusini 1980-yili berdi. Hayotining so‘nggi yillarida u tashqi olam bilan aloqani uzib, deyarli hyech kim bilan muloqat qilmadi. Selinjer 2010-yilning 27-yanvarida 91 yoshda vafot etdi.
Amerika yozuvchisi Uilyam Stayron (1925 - 2006) adabiyot sohasidagi ko‘plab mukofotlar, jumladan, Pulitser mukofoti (1968) sohibi, nosir, dramaturg, essenavis. Virginiya shtatida tug‘ilgan Uilyam, Shimoliy Karolina shtatidagi Devidson kollejini tamomladi va Ikkinchi jahon urushi so‘ngida harbiy xizmatda bo‘ldi. Urushdan keyin Dyuk universitetida o‘qib, 1947-yili ingliz tili bo‘yicha bakalavr darajasini oldi.
Stayronning ilk romani “Zulmatga ket” 1951-yilda nashr etildi, unda o‘z joniga qasd qilgan yosh ayol taqdiri, otasining tilidan bayon qilinadi. Asar tanqidchilar tomonidan ijobiy baholandi.
1967-yili nashrdan chiqqan “Nat Tyornerning iqrori” romani o‘tkir bahs-munozara, tortishuvlarga sabab bo‘ldi, yozuvchiga Pulitser mukofotini taqdim etdi. Asar qayta-qayta nashr qilindi, dunyoning yigirmadan ortiq tillariga tarjima qilindi. Roman asosida 1831-yilgi baptist-targ‘ibotchi Nat Tyorner boshchiligidagi qora tanli qullarning isyoniga asoslangan tarixiy voqyealar yotadi. Tyornerning o‘limidan oldin istig‘for keltirishi 50 yaqin oq tanli erkaklar, ayollar va bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan. Romanning bosh qahramoni diniy mutaassib odam sifatida tasvirlanadi. 18 yoshli oq tanli go‘zal qiz Margaretni sevib qolgan Tyornerni shahvoniy his-tuyg‘ular ta'qib qiladi. Qizni o‘ldirgan ruhoniy vijdon azobida qiynaladi, o‘zining to‘g‘ri yo‘l tutganiga shubhalana boshlaydi.
Kitob chiqqandan keyin qora tanli yozuvchilar muallifni tanqid qilib, rasizmda aybladilar.
Stayronning keyingi yirik romani “Sofining tanlovi” (1979) ham shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, yahudiylar turlicha munosabat bildirdilar. Asarda natsizm azoblarini Osvensim konslagerida boshidan o‘tkazgan polshalik Sofi va yahudiy yigit Natanning sevgi fojeasi tasvirlanadi. Natan o‘z sevgilisini tirik qolgani uchun ayblaydi. 1983-yili roman asosida badiiy film yaratilib, bosh rol ijrochisi “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Yozuvchining o‘n yil davomida yozilgan so‘nggi romani “Jangchining yo‘li” o‘limidan keyin 2010 yili nashrdan chiqdi. Stayron 2006-yilning 1-noyabrida 81 yoshida vafot etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |