Mavzu: Pragmalingvistika
Reja:
Pragmatika va uning shakllanishi
Semiotika, pragmatika, lingvistika
Pragmatik lingvistika
Lingvistik pragmatika
Pragmatika va uning shakllanishi. Pragmatika so’zi grekcha pragma, pragmatos so’zlaridan olingan bo’lib, «ish», «harakat» etimologik ma’nolariga ega. Pragmalingvistikaning shakllanishi fandagi pragmatik oqim bilan bog’liq. Kelib chiqishi jihatidan, aslida, falsafiy ta’limot bo’lib, u falsafani har xil hayotiy vaziyatlardagi kishilarning tug’ilgan muammolarni yechishining umumiy metodi sifatida talqin qilgan. Pragmatizm nuqtai nazaridan bilish ob’ektlari amaliy masalalarni hal qilish chog’ida bilish harakatlarining kelib chiqishi uchun sabab maqomiga ega. Boshqacha aytganda, bilish ob’ektlari va bilish harakatlari sabab-oqibat dialektikasini o’zida aks ettiradi. Masalan, tafakkur organizmning ustunlikka erishish maqsadida muhitga moslashish vositasi hisoblansa, bunda tafakkur mahsuli bo’lgan tushuncha va nazariyalar faoliyat jarayonidagi qurol, asboblar mavqeidir; haqiqat pragmatizmda amaliy foydali hodisa sifatida talqin etiladi. Demak, ko’rinadiki, pragmatika amaliyotdagi nazariya, nazariyadagi amaliyot bo’lib, nazariya va amaliyotning dialektik yaxlitligini ifodalaydi.
Pragmatika atamasi «Sokratdan oldingi davrlarda ham qo’llanishda bo’lgan va keyinchalik uni J.Lokk, E.Kant kabi faylasuflar Aristoteldan o’zlashtirganlar».1 Fanda pragmatika ilmiy oqim sifatida XIX asrning 70-yillarida AQShda shakllangan bo’lib, asosiy tamal toshlari Ch.Pirs tomonidan qo’yilgan. Ch.Pirs g’oyalari esa uning salaflari bo’lmish U.Jems, J.Dyui, F.K.Shiller, J.G.Mid, Ch.I.Morris kabi o’z davrining yetakchi nazariyotchi pragmatiklari tomonidan rivojlantirilgan. So’ngra pragmatika semiotikaning tarkibidan ham mustaqil bo’lim sifatida o’rin olib, unda muayyan bir ishoraviy tizimdan foydalanadigan sub’ektlarning munosabatlari o’rganiladigan bo’ldi.
«O’zbekiston Milliy ensiklopediyasi»da pragmatika tushunchasiga olimlarimiz A.Madvaliyev, Y.Solijonovlar quyidagicha tavsif beradi: «Pragmatika insonning ijtimoiy faoliyatini o’zida qamrab oluvchi nutq jarayoni, muayyan aloqa vaziyati orqali namoyon bo’ladi. Lingvistik pragmatika aniq shakl, tashqi ko’rinishga ega emas; uning doirasiga so’zlovchi sub’ekt, adresat, ularning aloqa-aralashuvidagi o’zaro munosabatlari, aloqa-aralashuv vaziyati bilan bog’liq ko’plab masalalar kiradi».2 Pragmatikada bevosita nutq bilan bog’liq qator ko’p tarmoqli hodisalar ham diqqat markazida bo’ladi: «Bayonning oshkora va yashirin maqsadlari (biron-bir axborot yoki fikrni yetkazish, so’roq, buyruq, iltimos, maslahat, va’da berish, uzr so’rash, tabriklash, shikoyat va b.); nutq taktikasi hamda nutq odobi turlari; suhbat, so’zlashish qoidalari; so’zlovchining maqsadi; so’zlovchi tomonidan adresatning umumiy bilim jamg’armasi, dunyoqarashi, qiziqishlari va b. xislatlariga baho berilishi; so’zlovchining o’zi bayon qilayotgan xabarga munosabati kabilar. Pragmatikada nutq adresati, o’zaro aloqaga kiruvchilarning munosabatlari, muayyan aloqa vaziyati singari omillar bilan bog’liq holda ham ko’plab masalalar o’rganiladi. Bugungi kunda pragmatika g’oyalari evristik (yo’naltiruvchi) dasturlash, mashina tarjimasi, informatsion-qidiruv tizimlarida faol qo’llanilmoqda».3
Pragmatika terminining boshqa sohalarda qo’llanishida ham hayotiy voqelik, real fakt asos qilib olinadi. Masalan, tarixiy voqelikni anglatuvchi «1438 yilgi pragmatik sanksiya», «1713 yilgi pragmatik sanksiya» (Sanctio pragmatica) xrononimlari fikrimizning dalilidir.
XXI asrning dastlabki yillarida o’zbek tilshunosligida ham pragmalingvistika sohasida tadqiqotlar yuzaga kela boshladi.
M.Hakimovning «O’zbek tilida matnning pragmatik talqini» mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida o’zbek tilshunosligida lingvistik pragmatikaga oid nazariy masalalar birinchi marta monografik aspektda tadqiq etildi4. Mazkur tadqiqot ishida lingvistik pragmatikaning tarixiy ildizlari, uning umumnazariy masalalari, pragmatikaning tilshunoslikning unga yondosh bo’lgan boshqa yo’nalishlari bilan munosabati, lingvistik pragmatika bilan o’zbek tili sathlari orasidagi o’zaro aloqasi haqida bahs yuritilgan, matn semantik tuzilishida qatnashuvchi pragmatik mazmun turlari o’zbek tilidagi matnlar misolida o’rganilgan5.
Prof. SH.Safarovning 2008 yilda nashr qilingan «Pragmalingvistika» nomli monografiyasi tilshunoslik fanining nisbatan yangi sohasi bo’lgan pragmalingvistika fanining bugunga qadar erishgan yutuqlarini umumlashtirish, uning istiqboli haqidagi nazariy qarashlarni ilmiy tahlil etishga bag’ishlangan. Bu tadqiqot pragmalingvistikaning «zurriyodlari» bo’lmish etnopragmatika, sotsiopragmatika, qiyosiy pragmatika va boshqa qator ilmiy yo’nalishlarning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati to’g’risida keng ko’lamdagi ilmiy materiallarni jamlagan dastlabki tajribalardandir6.
Shunday qilib, pragmatika tilshunoslikning yangi amaliy tarmog’i sifatida tilning nutqiy jarayon, nutqiy vaziyat, nutq ishtirokchilariga xos kommunikativ niyat bilan aloqador muammolarini o’rganuvchi7 soha sifatida shakllanmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |