Aim.uz
Pirimqul Qodirov
(1928-yil tug‘ilgan)
Adibning hayot va ijod yo‘li. Pirimqul Qodirov o‘zbek adabiyotiga XX asrning o‘rtalarida kirib kelgan yangi avlodning atoqli vakilidir. Bo‘lajak adib 1928-yil 25-oktabrda tug‘ilgan.
Halol cho‘ponlikdan suruv-suruv qo‘ylar egasiga aylangan badavlat Qodir aka oilasi sho‘ro tuzumi tomonidan boy-zodagonlikda ayblanib, jo‘jabirday farzandlari bilan Tojikistonning Shahristonidagi Kengko‘ldan O‘zbekistonning Xovos tumanidagi Iskandar qishlog‘igabadarg‘a qilinadi. Bu adolatsizlik, uqubatlar Pirimqulning bolaligidan hayotga tiyrak ko‘z, sinchkov nazar bilan qarashga o‘rgatdi.
Maktabda a’lo baholarga o‘qidi. Toshkent Davlat universitetining sharqshunoslik fakultetida tahsil oldi. Moskva aspiranturasini tugatib, Abdulla Qahhor ijodi yuzasidan dissertatsiya yoqladi va fan nomzodi bo‘ldi.
Bu vaqtga kelib u el nazariga tushgan adib edi. Pirimqul Qodirov badiiy va ilmiy ijodni birga qo‘shib olib bordi. O‘zbek realistik prozasidagi badiiy til jozibasi, uning xalq tili bilan aloqalari masalasiga bag‘ishlangan tadqiqotlar e’lon qildi.
Tashkilotchi, olim, jamoat va davlat arbobi sifatida Moskvadagi yozuvchilar uyushmasida, Respublika Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida va mustaqillik davriga kelib, mamlakat Oliy Majlisida mas’ul lavozimlarda ishladi.
Badiiy tarjima yozuvchi Pirimqul Qodirov mahorati shakllanishida muhim rol o‘ynadi. U rus adiblari Tolstoyning «Kazaklar», K. Fedinning «Ilk sevinchlar», turkman yozuvchisi X. Deryayevning «Qismat» romanlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Adabiyotimizni rivojlantirishdagi katta xizmatlari uchun ,,O‘zbekiston xalq yozuvchisi» yuksak unvoniga sazovor bo‘ldi.
P. Qodirov hassos, nozikta’b, o‘ziga xos yozuvchi. Uning asarlaridagi yetakchi xususiyatlar so‘zdagi hissiyot tiniqligida, asar hujayralaridagi uyg‘unlik va yaxlitlikda, qahramonlar va muallif tilining musiqiy ranginligida, fikrlash madaniyatidagi jozibada ko‘zga tashlanadi.
P. Qodirovning nasriy asarlan
Pirimqul Qodirov, umuman, hikoya va qissachilik emas, balki ayni milliy hikoya va qissachilik rivojiga katta hissa qo‘shgan yozuvchidir. Uning «Qalbdagi quyosh», «Kayf», «Jon shirin» singari hikoyalari o‘quvchiga yaxshi tanish. «Qalbdagi quyosh»da yozuvchi yoshlar hayotini ko‘rsatdi, undagi ayrim adashish va xatolarini ichdan yoritdi. Muhabbat, oila tushunchasida muhim milliy an’analardan uzilish, yangilikka munosabatda parvonasimon shoshqaloqlik inson taqdirini nechog‘lik darz ketkazishi mum-kinligini ko‘rsatdi. Adib badiiy niyatiga qahramon Chinnixon ismidagi ma’noni singdiradi. «Kayf» adib ijodida yumoristik ruhda yozilgan hikoyalardan. Brigadir bo‘yniga yubileyda gulchambarini osadilar. Kutilmaganda qahramonning kayfi oshadi-qoladi. Yubileyga o‘chlik kasali chiroylikkina tanqid qilingan bu hikoya hozir ham ayrim yubileyxo‘r idoralar uchun ibrat bo‘la oladi.
Adib qahramonlarini chuqur o‘ylar girdobida, ikkilanish, iztiroblar jarayonida va ijtimoiy dardlar to‘qnashgan nuqtada tasvirlashga intiladi. Shunday asarlardan bin «Jon shirin» hikoyasidir (1967). Uning qayta ishlab boyitilgan nusxasi 1973-yilda chop etildi.
Hikoyada paxta yakka hokimligi davrida hukm surgan ayrim dahshatlar qahramonlarning achchiq taqdiri orqali ro‘yi-rost ko‘rsatib berilgan. Paxtaga sepilgan doridan yosh bola halok bo‘ladi. Atrofdagilar zaharlanadi. Bu, mohiyat e’tibori bilan, millatning, irsiyatning paxta zug‘umi ostida zaharlanib borayotganiga, himoya qilinishi lozim bo‘lgan haq-huquqning tili qisiqligiga ishora edi. Aybdorlar esa elni mutelikka solgan markazdagilargina emas, uni shu holatda tutib turgan o‘zimizdagilar, brigadir-u rais, firqa kotibi-yu undan yuqoridagilar. Bir vaqtlar mashhur «Nazir otaning g‘azabi»da tosh yog‘sa ham paxtani terishga da’vat etilgan edi. Bu asar esa paxtaga sepilgan dorilar odamni o‘ldirib yuborsa ham rejani bajarish kerak, deyilgan siyosatning insonlar taqdiridagi badiiy ko‘rinishi edi.
Yozuvchi hikoyada mutelik, qaramlikni keskin fosh etdi. Sodir bo‘lgan dahshatni ochish, aybdorlarni jazolash o‘rniga, hamma amaldorlar ishni bosdi-bosdi qilish tarafdori. Chunki bu ishda hammasining aybi bor, egatlarni zaharlab bo‘lsa-da, yuqoriroq hosil olish va mansab-martabani qo‘ldan chiqarmaslik-hikoyadagi mansabdorlarning maqsadi shu. Sepilayotgan dorini, doridagi zaharni bilishmaydi deysizmi? Bilishadi. Bolaga, uning otasiga achinishni ham unutishmaydi. Lekin jinoyatni oshkor qilishmaydi. Mutelik, qullik davom etsa etaversin, bolalar nest-nobud bo‘lsa bo‘laversin. Unga qarshi chiqish uchun esa jon shirinlik qilyapti, lekin tokaygacha demoqchi bo‘ladi yozuvchi.
Hikoya asosida 1997-yilda yaratilgan videofilm ham muvaffaqiyatli chiqdi.
Badiiy asar markazida, asosan, inson turadi. Uni o‘yga, hayajonga solgan muammolar aks ettiriladi.
Pirimqul Qodirovning «Qadrim», «Erk», «Meros» qissalari markazida inson shaxsiga ehtirom, shaxs tabiatining mehvari sanalmish erk, o‘zlik, qadriyat muammolari qo‘yilgan. «Qadrim» qissasiga nazar tashlaylik.
Iskandar kim nima desa xo‘p deydigan itoatkor, mutelikni, hatto, ma’lum darajada, oddiy bir hayotiy haqiqat sifatida qabul qiladigan yigit. U zarur bo‘lganda mustaqil fikrini, xohishini, raddiyasini ham ma’lum qilishga qimtinadi. Sevgilisi Zulayho esa, aksincha, o‘zgalarga qaramlikka ko‘nika olmaydi. Uning vujudida qo‘rquvga, hadikka, o‘zgalarga qaramlikka qarshi bir tug‘yon bor. U birovning turtkisi bilangina harakatga kelishni yoqtirmaydi. Mustaqil mushohada yuritmay, o‘zganing ta’sirida fikrlay boshlovchi kishidan orlanadi. Mana shunday xislatli Iskandarni kezi kelganda siltab tashlashgacha boradi.
Hayotga endi kirib kelayotgan yigit qiyofasida tasvirlangan bu qaramlikka qarshi isyon, qadr-qimmat, o‘zlikni, g‘ururni himoya qilish va mustaqil fikrlashga da’vat deganda adib kichik bir shaxsiy, xususiy maqsadnigina nazarda tutgani yo‘q. Uning zamirida chuqur ijtimoiy ma’no: tutqun g‘oyalarga qaramlik va bo‘ysunishdan qutulishga chorlov maqsadlarini ham ifodalashga urindi.
Bu haqda asar yozilgandan keyin yigirma yildan so‘ng yozuvchining o‘zi bunday deydi: «Totalitar imperiya bizni qaram ahvolga solib, qadr-qimmatimizni yerga urishini ich-ichimizdan sezib, ruhan behad qiynalardik. Lekin buni ochiq aytolmay, «Qadrim», «Erk» kabi qissalarda ichki erkini yo‘qotgan, mutelik dardiga giriftor bo‘lgan qahramonlar hayotini hamdardlik bilan ko‘rsatish orqali ozodlik va mustaqillikka bo‘lgan tashnalikni qondirishga intilardim». Bu fikrni tiniq tushunish muhim. Sho‘ro tuzumi, g‘oyasi tomonidan qadr-qimmat oyoqosti qilinishi haqida gap borar ekan, sababini Moskvadan tashqari, ma’lum ma’noda, o‘zimizdan ham qidirish kerak. To‘g‘ri, tizgin markaz qo‘lida edi. Lekin tizginni ishga soluvchilar, amalga oshiruvchilar o‘z ichimizda, qatorimizda oz emasdi. Ular o‘z yurtdoshlarimiz, ayniqsa, turli toifadagi amaldor va firqaviylar edi. Qadr-qimmatimiz, erkimiz, o‘zligimiz-o‘z qatorimizda yura turib, o‘z vatandoshimiz bo‘la turib, ana shundaylar tomonidan ham oyoqosti qilingani, chin erkimiz, ozodligimiz bo‘g‘ib turilgani sir emas.
Yozuvchi qadr-qimmat, erk uchun kurash, o‘zgaga mute va qaram bo‘lmaslik g‘oyalarini ilgari surar ekan, bunga to‘sqinlik qilgan yurtdoshlarimizni ko‘rsatish orqali, ular timsolida tuzumni va uning tizginini olisdan boshqarib turganlarni nazarda tutgandek bo‘ladi.
Yozuvchi «Erk» qissasi markaziga ham erk va qadr-qimmat masalasini qo‘ydi. Bu masalani, asosan, muhabbat va oila orqali yoritdi.
Sattor ota-ona qistovi bilan muhabbatsiz uylandi, farzandli bo‘ldi. Uni rafiqasi Oysha qanchalik sevmasin, ko‘ngli isimaydi. Oyshani mutlaq tushunmaydi emas, tushunadi, farzandini ham o‘ylaydi. Lekin o‘z ko‘ngliga, vijdoniga, qalb amriga qarshi borolmaydi. Munofiqlik qilib yashashni esa xohlamaydi.
Sattor institutda o‘qib yurganida haqiqiy muhabbatini Roziyada topadi. Shu bilan qissa tugashi mumkin edi. Lekin yozuvchining bosh muddaosi bunda emas. Barcha qahramonlar vujudidagi tug‘yon, ko‘nglidagi iztirob iskanjasida, yurak qo‘ygan savollarga javob izlash qiynoqlarida ko‘rsatilar ekan, bu izlanishlar erk va qadr-qimmat mohiyatini uqishga bo‘ysindirilar. Rostda Oysha-baxtsiz, farzand-yetim, Roziya-sevilibman deb, Sattorning o‘zi esa. aylanay, yangi muhabbat degancha ketavermaydi-ku! Bu insonlar yuragida qanchadan qancha talotumlar yotibdi, axir. Atrofdagilar ham ularning tutumini turlicha baholaydilar. Bahs-munozaralarning keti ko‘rinmaydi.
Yozuvchi bu ichki tug‘yon sabablarini, ildizlarini izlaydi, badiiy tahlil etadi va bizga ko‘rsatgandek bo‘ladi. Xo‘sh, Sattor va Oyshaning bu ahvolga tushish sababi nimada? Erksizlikda, erk degan muqaddas tushunchani e’zozlay bilmaslikda, deb javob beradi yozuvchi badiiyati. Xastaman, uylanganingni ko‘rib qolay, deb ota o‘qishga ketayotgan o‘g‘lini o‘z ra’yiga ko‘ndirgan. Qaytib kelguningcha Oyshaxonni birov ilib ketadi, deb onasi ham o‘g‘lini uylanishga qistalang qilgan.
Boshqa tarafdan, Oysha ham Sattor o‘zini sevish-sevmasligini aniq bilmay, o‘zining ham Sattorga ko‘ngli bor-yo‘qligini chuqur his etmay tegavergan. Muhabbat degan xilqat talablariga Sattor tuyg‘ulari bilan javob beradimi-yo‘qmi, o‘ylab o‘tirmagan. Oyshadagi itoatkorlik, g‘urur sustligi uning erkiga g‘ov bo‘ladi. Demak, ikkala qahramon ham o‘z erki qadriga yetmagan, ikkovi ham erksizlik qurboni. Qissa oxirida Sattor Oyshaga yordam qo‘lini uzatadi, Oysha ko‘nglida o‘zini anglash, g‘urur hislari uyg‘onadi.
O‘z qalblarini o‘zlari tahlil etish natijasida qahramonlar asar nihoyasida erk tuyg‘usining muqaddasligini anglash yo‘liga o‘tadilar. Sattor ming mulohazalardan so‘ng Oysha tomonda qolish burchi ekanini his etadi. Lekin yozuvchi, ayni vaqtda, Sattor, Oysha, Roziyalar taqdirini ochiq qoldiradi. Buni o‘zidan ko‘ra kitobxonlar hal qilishiga moyillik bildiradi.
«Meros» qissasida yozuvchi el-yurtni doimo to‘lqinlantirib yurgan muammo-paxtachilik mashaqqatlarini qalamga oladi. Unda butun umrini paykalda o‘tkazayotgan, hurmat-izzat-u azob-uqubatini shu mehnatdan topayotgan paxtakorlarning halol, jozibali qiyofalari aks ettiriladi. Bu mehnat bizga otameros, dala ilmi, paxtachilik qonimizga singib ketgan, degan g‘oyani ham ko‘rmaslik mumkin emas.
Yozuvchi Yolqin Otajonov timsolida paxtachilik mashaqqatlarini butun tafsilotlari bilan haqqoniy tasvirlaydi. Ammo bu tinib-tinchimaslik mehnat farog‘ati sifatidagina taqdim etilmagan. Yozuvchi bu mehnatni doim mustaqil mushohadasiz, itoatkorona qabul qilingan jarayon sifatida bermaydi. Paxtakor xalqining bu masalaga nolavor munosabatini adib Tursun qiyofasida umumlashtirishga harakat qiladi. Tursun ba’zan paxta mehnatidagi zo‘riqishdan, e’tiborsizlikdan, adolatsizlikdan ochiqdan ochiq noliydi. Bu erk-iroda, qadr-qimmat va umidini bukib tashlayotganlarga ishora edi. Biroq, afsuski, bu qarash asar mehvariga ko‘tarilmaydi. Yolqin Otajonov kabi yetakchi qahramonlar faoliyati va dunyoqarashida ko‘rinmaydi.
«Meros» yozilgan o‘tgan asrning 70-yillarida bu fikrlarni ilgari surish qiyin edi. Sho‘ro siyosati va mafkurasi bunga yo‘l qo‘ymasdi, albatta. Bulardan qat’iy nazar, qissadagi Yolqin Otajonov obrazi yozuvchining mahorat bilan yaratgan jonli, intiluvchan, jozibali qahramonlari qatorida turadi.
Adib mahorati romanlarida yangi bosqichga ko‘tarildi.
P. Qodirovning romanlari
Pirimqul Qodirov o‘zbek adabiyotini barkamol romanlar bilan boyitdi. Bu romanlar davrning, zamonning muhim ijtimoiy, insoniy muammolarini haqqoniy ko‘rsatish, qahramonlar hayoti va jonli xarakterlar pishiq va teran ishlanishi jihatidan o‘ziga xos.
Pirimqul Qodirov Abdulla Qahhorning shogirdi. Uning ijodini ilmiy jihatdan ham chuqur o‘rgangan. Ustozning shogirdiga ham inson, ham yozuvchi sifatidagi ta’siri kuchli. Shu ma’noda Pirim-qul Qodirov birorta asarida hayot haqiqatiga zid ish tutmadi, mafkurabozlikka berilmadi, shaxsiy manfaatlar yo‘lida asarini kimlarningdir manfaatiga moslamadi. Aksincha, u romanlarida dolzarb va murakkab masalalarni birinchilardan bo‘lib yoritdi.
Yozuvchi romanlarida qahramonlar harakatidagi kenglik va miqyosni ko‘rsatishdan ko‘ra, ular ruhiyatidagi nozik nuqtalargacha kirib borishga intiladi. So‘z sehri bilan tuyg‘ularni tilga kiritadi. Ularni bamisoli suratdagidek muayyan shaklga tushiradi. Adib voqealar kechmishi, ziddiyatlar yechimi va tuyg‘ular kechimini kitobxonga eng samarali, ta’sir etadigan shakl va tartibda joylashtirishga ham usta. Shu bilan birga muallif nutqi, qahramonlar tilidagi yolqinli samimiyat ham Pirimqul Qodirov romanlaridagi mahoratning xarakterli belgilaridir. P. Qodirovning o‘z tili bilan aytganda, «Yozuvchi hayotni mustaqil tadqiq» eta bilmog‘i kerak. Uning mahoratini belgilovchi omil ham mana shunda. Hayot manzaralari, davr muammolari voqealar, hodisalarni mustaqil tadqiq etishni u, ko‘proq, shularning qalblarda to‘yingan hissiy jarayonlarini aks ettirish orqali amalga oshiradi. Uning «Uch ildiz», «Qora ko‘zlar», «Olmos kamar» singari zamonaviy romanlari bu masalada tarixiy salmoq bilan nafas olganidek, «Yulduzli tunlar», «Avlodlar dovoni», «Ona lochin vidosi» singari tarixiy romanlaridan shunga xizmat qiluvchi «zamonaviy ruh va falsafiy tafakkur» ufurib turadi. Zamonaviy yoki tarixiy mavzuda bo‘lishidan qat’iy nazar, bu romanlarning barchasini birlashtirib turadigan fazilat bor. Bu ularning qahramonlari timsolida millatimizga mansub go‘zal va noyob ma’naviy xislatlarning yorqin aks etishidir.
«Uch ildiz» (1955-1958) romanida shaxsga sig‘inish oqibatlari keskin fosh etildi. Asar markaziga oliy o‘quv yurtidagi hayot, xususan, talabalar Mahkam va Gavhar muhabbati qo‘yiladi. Biroq ular va ularga kelib bog‘lanuvchi boshqa ko‘plab qahramonlar taqdirida davrning dolzarb muammolari ochila boradi. Bular: odamlarni qo‘rqitib, tuhmat qilib, titroqda ushlab turishga o‘rgangan fakultet dekani Hakimov; ana shunday razillik tufayli nohaq qamalib ketgan tarixchi olim Toshev; ilg‘or, xolis, millatparvar fikrlari, chunonchi, chor hukumati zamonidagi Andijon qo‘zg‘oloni haqida ijobiy fikr aytgani uchun salkam sinfiy dushmanga chiqarib qo‘yilgan Akbarov va boshqalardir. Bular mafkura iskanjasida bo‘lgan zamon dahshatlaridan ayrim ko‘rinishlar edi. Qadr-qimmat mezoni insoniy fe’l-atvor, imon, vijdon emas, balki mafkuraviy «sadoqat» bo‘lib qolgan edi.
Stalin vafotidan so‘ng o‘tgan asrning 50-yillari o‘rtalarida jamiyatda jiddiy yangilanishlar paydo bo‘ldi. Yangi dunyoqarashli yoshlar yetishib chiqdi. Ular tuhmat, ig‘volarga qarshi dadil va mardona kurash boshladilar. Shular tufayligina Akbarov va Toshev singarilarning hayoti omon qoldi. Gavhar, Mahkam, Ochil singari yangi dunyoqarashli, imonli, vijdonli yoshlarning sa’y-harakati bilan Hakimov hamda uning hamtovoq shogirdi Eshonboyevlar tegishli jazolarini oldilar.
Yozuvchi Akbarov timsolida mustaqil fikrlash masalasini ham ko‘tarib chiqdi. Bu qahramon qiyofasida, ma’lum darajada, adibning o‘zi ham aks etadi.
«Uch ildiz» romanida hayotdagi mafkurabozlikka barham berilgani, adolatsizlikka chek qo‘yilgani aks ettirilibdi-da, deb tushunmaslik lozim. Adib avvalgi yillarga nisbatan jamiyatda paydo bo‘lgan yangi qarashlarni, yangi shaxslarni real ko‘rsatish qatorida, ularga o‘z ideallarini ham singdiradi.
Yozuvchi talqinicha, insonning insoniyligini mafkura emas, balki ma’naviy-ma’rifiy asos belgilaydi. Roman nomiga ham inson taqdiri va qiyofasini muhabbat, el-yurtga fidoyilik va bilimdan iborat uch ma’naviy-ma’rifiy ildiz belgilaydi, degan g‘oya singdirilgan. Deyarli yarim asr avval yaratilgan «Uch ildiz» romani istiqlol davrimiz g‘oyalariga ko‘p jihatlari bilan hamohangdir.
Yozuvchi «Qora ko‘zlar» (1963-1966) romanida oila, burch, halollik, e’tiqod, to‘g‘rilik kabi ma’naviyat muammolarining yangi-yangi qirralarini yoritdi. Ma’lumki, asar yozilgan zamonda sho‘rolar mamlakatida-qishloq bo‘ladimi, shahar bo‘ladimi-hamma yoqda hayot farovon, degan soxta, yolg‘on g‘oya hukmron edi. Adib esa, O‘zbekistonning olis Oyko‘l qishlog‘idagi kishilar ma’naviyatini, yashash tarzini aks ettirish orqali hayotning asl, haqqoniy manzaralarini ko‘rsatdi. Yuqorida e’tirof etilgan ma’naviy masalalar asarda qator ijtimoiy muammolar bilan tutashib ketadi. Xo‘jalik raisi Davlatbekov -manfaatparast va mansabparast. «Nima bizga Amerika» qabilida ish tutib, xo‘jalikdagi chorva tuyog‘iga qiron keltirishga bir bahya qolgan. «Davlatbekovchilik» masalasida Ortiq undan ham ustasi farang. Kattalarga yaltoqlanish uning suygan oshi. Uning nazarida vijdon degan narsa ikkinchi, uchinchi darajali matoh. Xuddi shu-vijdonga munosabat aka-uka Ortiq va Avazni bir-biridan keskin ajratib turadi.
Romanda, ayniqsa, Hulkar, Jannatoy, Cho‘lponoy singari ayollar obrazi chuqur mehr bilan tasvirlangan. Ularning og‘ir, mashaqqatli mehnati, oila, muhabbat, qadr-qimmat borasidagi erksizligi, «hurmatli» o‘zgalar inon-ixtiyoridan chiqa olmasligi kuyinchak ehtiros va haqqoniylik bilan yoritilgan. Alloh odamga ulug‘ yosh bersa, zakovatni, diyonatni ham qo‘shib bersin ekan.
Romandagi Ismat bobo esa bunday emas-teskarisi. U o‘zining badxulqligi, kajraftorligi bilan qanchadan qancha kishilarning dilini xufton, baxtini xazon qiladi. Bobo ko‘zi basir bo‘lib ham tinchimaydi. Biroq yozuvchining niyati boshqa: ko‘zgina emas, odamning vijdoni ko‘r bo‘lmasin, demoqchi bo‘ladi yozuvchi.
O‘zbekchilikda tanishlar, yaqinlar, yurtdoshlarga nisbatan mehr bilan, oddiygina «qora ko‘zlar» deb Iutf qilish odati bor. Roman qahramonlari ham o‘tgan asrning 60-yillar chorvachilik turmushidagi ana shunday yaqinlarimiz, tanishlarimiz, ota-onalarimiz. Biz «Qora ko‘zlar» romani orqali ulardan adolat va haqiqat uchun kurashishni, erk va qadr-qimmatni toptamaslikni, ma’naviy pok va halollik sir-sinoatlarini o‘rganamiz.
«Qora ko‘zlar» romanida qishloq hayoti tasvirlangan bo‘lsa, ..Olmos kamar»da (1977) yozuvchi shaharliklar hayotiga murojaat etdi. Asar 1987-yilda qayta ishlandi, ayrim o‘rinlar tahrirda qisqartirildi, ba’zi lavhalar bilan boyitildi.
Mustaqillik davriga kelib, muazzam Toshkent yanada obod bo‘ldi, bir chiroyiga ming chiroy qo‘shildi. Unda yashab, mehnat qilayotganlar qalbi-shuurida ham shaharga, zamonga monand ajib o‘zgarishlar, evrilishlar ro‘y berdi. To‘g‘ri, adib bugungi emas, o‘ttiz yil avvalgi Toshkentni tasvirladi. Lekin romanni diqqat bilan o‘qisangiz, u o‘z davridan tashqari, san’atkor badiiy tahayyulidagi ideal orqali, ko‘proq, bugunimiz bilan bog‘langandek taassurot qoldiradi.
Birgina misol. Shahardagi tabiatni, uning ajib chiroyini, nainki saqlab qolish, balki boyitish, bu ishda milliy an’analarimizni namoyon qilishga xuddi shu-mustaqillik davrimizga kelib davlat darajasida e’tibor berila boshlanmadimi? Lekin «Olmos kamar»ning asosiy maqsadi bundan iborat emas. Bu ish arxitektor, quruvchilarning vazifasiga kiradi. Badiiy asar muddaosi esa, shu jarayonni, unda ishtirok etayotgan kishilar qalbini, orzu-umidlarini, muhabbat-u armonini, bu yo‘ldagi kurashlarini, ruhiyat tamannolarini badiiy tasvirlashdan iborat.
,,Olmos kamar»da shu holni kuzatamiz. Roman Abror va Sherzodning ma’naviyat, kasb, ruhiyat, shuurdagi kurashlarini, hayot, jamiyat, oila, el-yurtga qarashlari aro ziddiyatlarni ko‘rsatish asosiga qurilgan. Ularning ikkovi ham arxitektor-yangi shahar bunyod etuvchi, uni obodonlashtiruvchi mutaxassis. Lekin tarbiyasi, tabiati, burch va mas’uliyatga munosabati, muhabbatga, oilaga qarashda farq kuchli. Abror elparvar, adolatgo‘y, maydonlarga ko‘rk berishda milliy udumlarimiz, an’analarimizga rioya qilish tarafdori. Bahrom esa ishni o‘zboshimchalik bilan do‘ndirishga moyil.
Yangi har doim ham yaxshi bolmasligi bilan ishi yo‘q. Shaharni temir-beton qurilishlar bosib ketsa ham mayli.
Ularning muhabbat va oilaga qarashlarida ham shunga tutash ixtiloflar seziladi. Nechog‘lik achchiq bo‘lmasin, yozuvchi hayot haqiqatini boricha ko‘rsatadi. Haqiqatgo‘y, odil, xolisligiga qaramay Abror ba’zan adashadi. Hayotdan, atrofdagilardan pand yeydi. Ishq-muhabbatda ham sevgilisi bilan o‘rtalariga sovuqchilik tushadi. Sherzodning esa ko‘pincha oshig‘i olchi. Birovning sevgilisiga ko‘z olaytirishdan ham og‘rinmasligi mumkin va hokazo. Xullas, qahramonlarning hayot yo‘li bir tekis emas. Yozuvchi ularni murakkab kechinmalar, iztiroblar, adashishlar, to‘g‘ri yo‘lni topa olish natijasidagi yonig‘ quvonchlar ichida ko‘rsatadi. Bu qahramonlar kitobxonni mustaqil mushohada yuritishga, mayda andishalargirdobiga o‘ralashib qolmaslikka, hayotda kurashlardan qo‘rqmay, el-yurt dardi bilan yashashga o‘rgatadi.
«Yulduzli tunlar» romani bilan PirimquI Qodirov ijodining yangi bosqichi boshlandi. Kitobxonlar buyuk Bobur taqdirining davomiga, farzandlarining qismatiga kuchli qiziqish bildirdilar. Adibni shu yo‘nalishda yangi asar yozishga da’vat etdilar.
«Yulduzli tunlar»ning bevosita davomi-,,Avlodlar dovoni» romani shu tarzda-hayot talabi, kitobxonlar ehtiyoji natijasida yuzaga keldi.
Bu roman qahramonlari timsolida ham millatimizga xosgo‘zal va purma’no ma’naviy fazilatlar aks ettirildi.
Asarning yetakchi qahramonlari Boburning o‘g‘li Humoyun va Humoyunning o‘g‘li Akbardir. Dastlab «Avlodlar dovoni» deb nomlangan roman keyingi nashrlarda «Humoyun va Akbar» deb nomlandi.
Asarda shavkatli Humoyunning otadan qolgan meros-Hindistondagi saltanatni boshqarishi, ichki va tashqi dushmanlar, muxoliflar bilan ayovsiz kurashi, ayrim qattiqqo‘lligi, hayot va sharoit taqozosi bilan tutgan yo‘riqlari, taxtning vafo-yu jafolarini boshdan kechirgan holatlari go‘zal tasvirlanadi. Bundan tashqari, uni nozikta’b shoirona xayollar og‘ushida, muhabbatning sohir-sarosimalarida, do‘st-sadoqatdan shukronalik, xiyonatidan cheksiz iztiroblar girdobida uchratamiz.
Asarning salmoqli qismi Akbar hayotini ko‘rsatishga bag‘ishlangan. Romanda xronikallik kuchli, lekin badiiylikni bosib ketmaydi. U tarixiylikni mustahkam tutib turishga bo‘ysundiriladi, xolos.
Biz Akbarni izlanuvchi, qiynaluvchi, ba’zan adashuvchi, lekin ota-bobolarga munosib ravishda oqil va donishmand qiyofada ko‘ramiz. Butkul umrini Hindistondagi xalqlar boshini biriktirish yo‘liga, tinchlikni barqaror qilishga sarflaydi. Buning uchun u jamiyatni boshqarish yo‘rig‘iga, urug‘-aymoqlararo munosabatlarga qator islohotlar kiritadi. Turli diniy e’tiqodlarga mansub kishilarning ixtilofini bartaraf etishga jon kuydiradi. Hatto turli e’tiqodlarning mushtarakligini ta’minlovchi umumiy din bo‘lishini orzu qiladi. Hind go‘zali Rani Jodha Bayga uylanishi ana shu ulug‘ niyatlariga tutashib ketadi.
Pirimqul Qodirov romanda Rani Jodha Bay qatori oqila Gulbadanbegim, Hamidabonu, Xonzodabegim singari tarixiy ayollarning jozibali obrazlarini ham yaratdi. Ular taxt uchun qirg‘inbarot urushlarga qarshi turadilar, saroy intrigalarini qaytaradilar, oila sadoqati va farzand tarbiyasini muqaddas biladilar. Ular shoir tabiat, ma’naviy dunyolari boy va go‘zal ayollardir.
Ochig‘ini aytganda, moziyning barcha puchmoqlari-yu har qanday mamlakatning har bir saltanatida uchratavermaysiz, bunday tarixiy ayollarni.
Bunday ayollar siymosi Pirimqul Qodirov xayolini qattiq band etdi. «Ona lochin vidosi» (1994-2000) tarixiy asari Gavharshodbegim siymosiga bag‘ishlangan.
Gavharshodbegim sohibqiron Amir Temurning o‘g‘li Shoh-ruh Mirzoning xotini, buyuk olim Ulug‘bek Mirzoning onasidir. U davlat ishlarida faol ishtirok etgan. Manbalarda Gavharshod-begimning ayrim isyonda qo‘li bor oliy tabaqa sayyidlarini o‘limga buyurgani, Shohruh vafotidan so‘ng taxt uchun kurashda ayrim valiahdlar uchun nomaqbul harakatlarda aybdor topilib, Abu Said Mirzo (Mironshohning nabirasi) tomonidan qatl etilgani haqida ma’lumotlar bor.
Pirimqul Qodirov ko‘pdan-ko‘p tarixiy manbalarni o‘rganib, «Ona lochin vidosi» asarida Gavharshodbegim siymosining yoritilishiga birmuncha oydinliklar kiritadi. U, ayrim tarixchilar aytgandek, qattol va badxulq, yuqoridagi singari tarixiy voqealarning sababchisi emas, balki toj-u taxt kurashlarining qurboni, saroy intrigalari hamda ko‘p xotinlilik natijasidagi valiahdlararo kechgan jang-u jadallarning zavoli bo‘lgan oqila, tadbirkor, ma’rifatli ayol ekanini tarixiy-badiiy jihatdan aniq voqealar asosida tasvirlab berilgan.
Asarda ko‘pdan ko‘p tarixiy, qisman badiiy qahramonlarga duch kelamiz. Bular Yodgor Muhammad Mirzo, Husayn Boyqaro, Abu Said Mirzo, Abulqosim Mirzo, Husn Nigorxonim, Abdullatif, Shohruh Mirzo, Halil Sulton va boshqalar bo‘lib, mohiyat e’tibori bilan Gavharshodbegim bilan aloqador voqealarni, uning siymosini ochishga bo‘ysundiriladi.
Asar kompozitsiya jihatidan o‘ziga xos. U yaxlit sujet asosiga qurilgan emas. Deyarli mustaqil hamda bir-birining uzviy davomi sifatida yigirma beshdan ortiq hikoyadan tashkil topgan. Ular, ayni vaqtda, markazda Gavharshodbegim turgan yaxlit asar sifatida uyg‘unlashadilar.
Qahramonning ona lochin deb atalishi bejiz emas. Kitobni o‘qish jarayonida uning Temuriylar saltanatida yorqin iz qoldirgan. ma’naviy dunyosi boy, aql-zakovatda zamonning eng peshqadam ayollaridan biri bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz. Zarur chog‘larda qattiqqo‘l, lekin vujudi ipakdek mayin va mehribon Gavharshod-begimning temuriyzodalarni tarbiyalash, navqiron iste’dodlarni kashf etish, ularni mehr-muruvvat bilan onalarcha parvarishlash singari fazilatlari, ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiyga munosabatlarida yorqin gavdalantiriladi.
«Ona lochin vidosi» Gavharshodbegim obrazi badiiy adabiyotda bu qadar keng va atroflicha gavdalantirilgan dastlabki asardir.
XX asr so‘ngida bu asarning paydo bo‘lishida, undan deyarli yigirma besh yil avval yaratilgan «Yulduzli tunlar» romanidagi tajribalarning o‘rni katta bo‘ldi.
“Yulduzli Tunlar” romani. Asar namki adib ijodi, balki, umuman, XX asr ozbek adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutadi. Uning chop etilib, o‘quvchilar qo‘liga tegish tarixi ham o‘ziga xosdir. Sho‘ro zamonida o‘zbek adabiyotidagi buyuk tarixiy siymolarga bag‘ishlangan birorta asarning qismati oson kechmadi. Bunga «Abulfayzxon», «Muqanna», «Navoiy», «Mirzo Ulug‘bek», «Ko‘hna dunyo» singari asarlar misoldir. «Yulduzli tunlar» ham bundan mustasno emas.
Sho‘rolar bunday asarlar xalqning ko‘zini ochadi, isyonkor ruhni charxlaydi, ulug‘ ota-bobolar orqali buyuk o‘tmishga, ma’naviy qudrat an’analariga intilish va sadoqatni kuchaytiradi, deb qo‘rqdilar va yanglishmadilar. Bunday asarlar mohiyat e’tibori bilan o‘zlikni anglashga chorlashi, xalqni zimdan mustaqillikka tayyorlashi mumkin.
«Yulduzli tunlar» ham aslida shunday asar edi. Shu bois, roman bir necha yil davomida ne-ne azob-uqubatlar bilan yozilganiga qaramay, olti-yetti yil chop etilmay yotdi. Nihoyat bosilib chiqdi (1978), hatto O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi (1981). Lekin ko‘p o‘tmay asar va yozuvchi boshiga ko‘p og‘ir kunlar tushdi. Roman matbuotda feodalizmni targ‘ib qiluvchi asar sifatida qoralandi. Muallifga millatchi, burjua yozuvchisi deb tuhmat qilindi. Yangi zamon, mustaqillik adibni ham, romanni ham xalqqa qaytardi.
«Yulduzli tunlar» shoh, sarkarda, shoir-benazir inson Zahiriddin Muhammad Boburning yorqin siymosi mahorat bilan aks ettirilgan to‘laqonli va sermiqyos badiiy asardir.
Bu asargacha yozuvchi, asosan, o‘z zamondoshlari va zamonasi muammolariga bag‘ishlangan asarlar yozdi. «Yulduzli tunlar»da esa, adib ilk bor tarixiy mavzuga murojaat etdi, buyuk tarixiy shaxs obrazini yaratishga kirishdi. Gap mavzu va qahramonning tarixiyligida emas. Asosiysi, jahon tarixi, xususan, O‘rta Osiyo va Hindiston tarixida o‘chmas iz qoldirgan, markazlashgan davlat tuzib, ko‘pdan ko‘p xalqlarni qirg‘inbarot urushlardan saqlab qolgan, murakkab qismatli podshoh, ne-ne jang-u jadallarda mahorat va jasorat ko‘rsatgan sarkarda, she’rlaridagi har bir satrda o‘z ichki dunyosi, dono porloq qiyofasi porlab turgan buyuk shoir, har bir so‘zidan tarix nafasi keluvchi «Boburnoma» muallifi hamda dilbar tabiat siymosi bu darajada haqqoniy, teran gavdalantirilgan roman shu vaqtgacha o‘zbek adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham yaratilmagan edi.
Jahon tarixi badiiy adabiyotida Bobur haqida to‘g‘ri fikrlardan tashqari bir-biriga zid, ba’zan yanglish, xato, noxolis qarashlar yo‘q emas edi. Boburning haqqoniy qiyofasini yaratish, badiiy haqiqat imtiyozlari bilan moziy adolatini tiklash tarix talabi, zamon ehtiyoji va yozuvchining muqaddas burchi edi.
Shu ma’noda «Yulduzli tunlar» yozuvchi burchini namoyon etgan yulduzli onlardir. Roman yuqorida e’tirof etilgan jihatlari va buyuk bir tarixiy siymoning qaytadan kashf etilishi bilan o‘zbek adabiyotida mustahkam o‘rin egalladi.
Adabiyotimizda buyuk shoh va shoir hayotining ayrim bosqichlariga bag‘ishlangan Oybekning «Bobur», E. Vohidovning «Kelajakka maktub», B. Boyqobilovning «Kun va tun», X. Sultonning «Boburnoma» singari turli janrdagi asarlari mavjud. «Yulduzli tunlar»da esa Boburning deyarli butun ongli hayoti yaxlit yaratilgan. Adib roman janrining yuksak talablariga amal qilish bilangina kifoyalanmay, janr tabiatini yanada boyitishga munosib hissa qo‘shdi.
Roman Bobur siymosini tarixiy haqiqatga mos, badiiy jihatdan jozibali tasvirlashi bilan e’tiborli. Humoyun og‘ir betob bo‘lib yotganida Bobur farzandiga shunday deydi: “Sening betoqatligingga men toqat keltiray! Sening shu og‘ir dardingni xudo sendan olib menga bersin... .
...Bobur umumiy jimlikda Humoyunning boshidan uch marta aylandi-yu:
- E, parvardigor!-deb iltijo qildi.-Menki, Boburmen, agar jon berish mumkin bo‘lsa, umr-u jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroyil mening jonimni olsin-u, xudo Humoyunga shifo bersin!»
Manbalar bu voqea haqiqatan tarixda ro‘y berganini tasdiqlaydi. Humoyun ko‘p o‘tmay tuzaladi. Bobur qazosi shu voqealarga to‘g‘ri keladi. Roman ham ko‘p o‘tmay shu tasvirdan so‘ng yakun topadi.
Yozuvchi bu singari tarixiy faktlarni e’tirof etish bilangina cheklanmaydi, albatta. Taxayyulni erkin qo‘yib, ularga badiiylikning jonli suvini ichiradi. Butun asar davomida qahramonlarni, ularning o‘y-kechinmalarini, harakat qilayotgan shart-sharoitlarni, muhitni, tabiatni, hatto olinayotgan nafaslar haroratini, ayni lahzada pardalardan ichkariga yoyilayotgan nur tarovati va hokazolarni shu qadar mahorat bilan badiiy go‘zal tasvirlaydiki, kitobxon asar o‘qiyotganini unutib, shu muhitda yashayotgandek his etadi o‘zini.
Bobur Hindistonda saltanatni boshqarganda podsho bo‘lishning shon-shavkati bilan bir qatorda, adadsiz pushaymonlarni, iztiroblarni, «xatolig‘-u», «yuzi qarolig‘»larni boshidan kechirgan. Vatan sog‘inchi bilan o‘rtangan. Bu yo‘nalishda uning ajoyib, dilbar she’rlari ham bor. Yozuvchi qahramoni tabiatiga doir ana shunday tarixiy gavhar dalillarni saralab, badiiy yaxlitlik bilan nurlantiradi. Natijada, yozuvchining mahoratidan nurlangan harorat badiiy jozibaga aylanadi va butun asar hujayralariga iliqlik baxsh etadi.
Shu ma’noda romanda Bobur ruhi, ichki dunyosi, xayollari, orzu-armonlarining yuksak mahorat bilan tasvirlanganini ta’kidlash zarur. Onasi Qutlug‘ Nigorxonim bilan Boburning nafas olishdayoq bir-birlarini tushunishlari, inining Xonzodabegimni nainki so‘z, balki yurak bilan anglay bilishi, shoirning havo emas ilhom bilan nafas olayotgan betakror sohir holatlardagi his-hayajonlar tasviri Pirimqul Qodirovning ruhiyat manzaralarini ko‘rsatishdagi ustaligidan dalolat beradi. Yozuvchi Boburni ko‘p hollarda ichki kolliziya, ichki dramatizm, azobli, iztirobli vaziyatlarda ko‘rsatadi. Qahramon o‘z-o‘zini ichdan tahlil etadi, qiynayotgan savollarga shu yo‘sinda javob izlaydi va topadi. O‘zga qahramonlar bilan ba’zan so‘z orqali emas, ichdan, vujud tili orqali muloqotda bo‘ladi. Bu esa qahramon ruhiyatini teran yoritish imkonini beradi.
Mana, Boburning podshoh, sarkarda, shoir, muarrix sifatidagi buyuk fazilatlaridan tashqari oddiy bir inson sifatidagi ko‘rinishi. Zaharlangan Bobur ruhiyati shunday chiziladi: «Boshidan o‘tgan o‘lim dahshati hamon xayolidan nari ketmasdi. Uningj oni shuncha vaqt qil uchida osilib turganini o‘ylasa, beixtiyor vahmi kelardi. Shu qil uzilsa, o‘lim deb ataladigan zulmat qa’riga qulab tushishini ikki kun davomida muttasil his qilish unda yashash istagini behad kuchaytirib yuborgan edi. Hayotning bir lahzasi, bir uchquni dunyoning barcha boyliklari-yu, toj-u taxtlaridan ham aziz ekanligi unga endi astoydil sezildi».
Qahramon ruhiyatini teran, jonli, samimiy ochish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Buning uchun yozuvchi shunday his-tuyg‘ularni o‘z qalbidan o‘tkaza olishi kerak. Pirimqul Qodirov o‘zi aytganidek, adib «tarixiy shaxslarning ichki dunyosiga o‘z ichki dunyosi orqali yo‘l topadi».
Mustaqillik davriga kelib, «Yulduzli tunlar»dek tarixiy asarning qadr-qimmati, ahamiyati yanada oshdi. Roman Vatan, millat, ulug‘ ota-bobolarimizga mehr-muhabbatni yanada e’zozlashga undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |