Iosif Stalin — bu XX asrda eng mashhur nomlardan biri. U nafaqat SSSR tarixida, balki jahon tarixida ham eng uzoq iqtidorda bo‘lgan hukmdorlar qatorida turadi. U SSSRda 1922 yildan 1953 yilgacha, jami 31 yil hokimiyat tepasida bo‘lgan.
Stalin rahbarlik qilgan yillarda insoniyatga qarshi ko‘plab qatag‘onlar uyushtirilgan, uning shaxsiga sig‘inish esa eng avjiga chiqqan.
1920-yillar qatag‘onlari
Stalin o‘zining ilk qatag‘onlarini 1925-yillardan boshlagan edi. 1927 yilda Sovet-Britaniya munosabatlariga darz ketadi va Britaniya SSSR bilan savdo va diplomatik aloqalarni uzadi. SSSRda bu «chet el intervensiyasi» deb baholanadi hamda shaxsan Stalinning buyrug‘i bilan yoppasiga qama-qamalar boshlanib ketadi.
Eng avval xorijdan mamlakatga qaytgan sobiq muhojirlar qamoqqa olinadi. So‘ng sobiq pomeshchiklar, savdogarlar, poplar, quloqlar qamaladi. Ahamiyatlisi shundaki, o‘shanda SSSR bo‘ylab qancha odam qamalgani haqida hanuz aniq ma'lumotlar yo‘q.
«Shaxta ishi»
Shaxta ishi Donbassda bo‘lib o‘tgan. Donbassdagi ko‘mir va ruda konlarini o‘zlashtirishda xorijdan mutaxassislar chaqirilgan edi. 1928 yilda chet el josusi sifatida xorijlik mutaxassislar va ular bilan birga ishlaydigan SSSR fuqarolari bitta ham qolmasdan qamoqqa tiqiladi.
Partiya ichidagi «yot unsurlar» bilan kurash
1927 yil noyabr oyidan 1928 yil yanvar oyigacha SSSRda «partiyaviy tozalash» ishlari olib borildi. Ayniqsa, sobiq menshiviklarga umuman rahm qilinmadi.
Ularning lideri Lev Trotskiy 1928 yilda avval Olmaota shahriga surgun qilinadi. So‘ng xorijga qochishga majbur bo‘ladi.
Kollektivlashtirish davridagi qatag‘onlar
1928-1932 yillarda SSSRda xususiy mulk tugatilib, dehqonlar majburiy tarzda kollektivlashtiriladi. Bunda, dehqonlar qo‘lidagi barcha narsa: yer, suv, chorva mollari, dehqonchilik asboblari yangi tuzilgan jamoa xo‘jaliklar uchun tortib olinadi.
Boylar va o‘rtahollar yoppasiga «boy-quloq» deb atalib qamaladi yoki kimsasiz hududlarga surgun qilinadi.
Xo‘jaligidagi chorva mollari va dehqonchilik anjomlarini jamoa xo‘jaliklarga ixtiyoriy topshirmaganlar qattiq jazolanadi. Qarshilik ko‘rsatganlar hatto joyida otib tashlanadi.
Mamlakatdagi dehqonlarni talab, ularni majburiy tarzda jamoa xo‘jaliklariga a'zo qilish ishlariga Mixail Kalinin boshchilik qiladi.
Lagerlar bosh boshqarmasi (GULAG) maxsus bo‘limi ma'lumotlariga ko‘ra, 1930-1931 yillarda, SSSR bo‘ylab kollektivlashtirish ishlarida 381 mingta oila quloq qilingan va 1 million 803 ming 392 nafar kishi qamalgan.
Stalin qatag‘onlari haqida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazgan tarixchi V.N.Zamskov bergan ma'lumotlarga ko‘ra, SSSRda 1930-1940 yillar oralig‘ida aynan kollektivlashtirish davrida 2,5 million kishi qamalgan va 1930-1933 yillarda 600 ming kishi halok bo‘lgan.
Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra kollektivlashtirish davrida jami 4 million dehqon qatag‘on qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |