ILMIY AXBOROTNOMA FILOLOGIYA 2019-yil, 6-son
23
mayxo‘r, masjidda Xudoning yo‘lini tut, Har eshikdan fayz yetsa, tilagingni tila” mazmunidagi matla’ bilan
boshlanadi. G‘azal nihoyasida Komila mamduh eshigi tuprog‘idan ko‘zlariga to‘tiyo tilaydi.
Komila devonida shoira o‘zini rind, qalandar deb atagan baytlar, g‘azallar mavjud. Ilohiy ishq
talqini keltirilgan “omadam” radifli g‘azalda shoira “ishq libosini kiyganman, murod tojini boshimga
qo‘yganman, aylanib turgan charx piyolamdir, men bir rind qalandarman”, deb yozadi:
Kisvati ishq dar baram, to
ҷ
i murod bar saram,
Gardishi charx sog‘aram, rindi qalandar omadam.
Keyingi baytlar shoira mushohadalarini yanada aniqroq ifodalaydi:
Fahru fano tariqi man, mehru vafo rafiqi man,
Ishqi buton shafiqi man, volai dilbar omadam.
Bas, ki rahi malak zadam, naqshi vu
ҷ
udi haq zadam,
Poy ba no‘h falak zadam, bar sari chambar omadam... [2. S. 164]
Bu baytlarda shoira sufiya ayol sifatida namoyon bo‘ladi. U faqr va fano yo‘lida yo‘lchi ekanligini
bayon etmoqda. Demak, shoira qaysidir tariqatga rasman aloqador bo‘lmasa–da, qalban ixlosmand bo‘lgan.
Balki, keyingi baytda ishora etilayotganidek, “Haq vujudini naqsh etib”, naqshbandlarga ixlos qilgandir.
Shoira bundan faxr etadi. U faxriya usulida ijod etilgan bir g‘azalida olamlarni kuydirguvchi haqiqiy
ishqdan bahramand bo‘lganligini, shu ishq dardiga mubtalo oshiqlar qatorida ekanligini shukrona tarzida
bayon etadi:
Muridi ishqi olamso‘zman ushshoq bazmida,
Navoi nolai naydek baland etti maqomimni. [1. S. 296]
Xuddi shunday faxriya bilan ajdodlari haqida so‘zlar ekan, shoira naqshbandiya tariqatiga bag‘oyat
ixlosmand bo‘lgan bobokaloni Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo nomini tilga oladi:
Sayodat xonadoni, shohi Bobur nasli pokiman,
Xudoyo, rahmat ayla, barcha ajdodi izomimni. [1. S. 6]
Bobur Mirzoning buyuk naqshbandiy diniy rahnamo Hazrati Xoja Ahrori Vali (q.s) va ul zoti pok
xonadoniga bo‘lgan ixlosu muhabbati, bu oilaning Bobur Mirzo hayoti bilan bog‘liq karomatlari haqida
shoira, albatta, “Boburnoma” orqali xabardor bo‘lgan. Bobur Mirzoning Xoja Ahror Validan keyin
Movarounnahrdagi yirik naqshbandiy tariqatpesha Hazrat Mahdumi A’zam Dahbediy (q.s) ga murid va
niyozmand bo‘lganligidan ham (balki, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob”i orqali orqali), pirga
Hindistondan turib sovg‘a salomlar yuborganligidan ham shoira xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkin [6. S.
53]. Bu tafsilotlar shoira ta’kidlagan “faqru fano” tariqatga munosiblik bevosita o‘sha davrning yetakchi
mafkurasi sanalmish naqshbandiya tariqati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan mulohazalarni uyg‘otadi.
Shoira asarlarida uning biror tariqat piriga ixlos qo‘yganligi haqida ma’lumot yoki ishora uchramaydi.
Uvaysiy o‘zining ikki pir – Xoja Ahrori Vali va Mashrabga ixlosu sadoqatini ochiq bayon etadi. Ammo,
Nodira she'riyatida shayx va pirlarga, akobiri kiromga nisbatan hurmat izhor etilgan bayt va g‘azallar
uchraydi. “Sabo‘h” radifli g‘azalida shoira pirlarni izzat – ikrom qilish davlatning obro‘yidir, har tong
o‘rningdan turgach, ularning izzat – hurmatini o‘rniga ko‘y, mazmunidagi fikrlarni bayon etadi:
Komila ikromi piron obro‘yi davlat ast,
Har safar barhyez az
ҷ
o bahri ikromi sabo‘h. [2. S. 70]
Nodirabegim chuqur orifona mazmunli she'rlar bitgani holda, uning qaysi tariqatga ixlosi yoxud
intilishi ko‘proq ekanligini sezish mushkul. U ichida Do‘stni pinhon aylagan qalb sohibasi va bu
xazinaning ziyrak qo‘riqchisi. U bu davlatni – Do‘st ishqini – hyech kim bilan bo‘lishmoqchi emas:
Fosh etma ulusqa ishq sirrin,
Ko‘ngulda ani nihon etib ket.
Shoira she'riyatida qalandarlik ruhi, devonai Mashrab she'riyati ruhi ham seziladi. “Mardi xudo”
laqabini olgan Hazrat Mashrabning “Ayo do‘zax, mani kuydur, xaloyiq kuymasun hargiz” deya jonfidolik
qilishlari, bir “oh” bilan yetti tamug‘ni kul qilishni istashlari, fig‘on chekishlari ruhidagi bayt va g‘azallar
Nodira ijodida ham mavjud.
Komila devonida “Ey Komila, agar bir subh payti miqdorida dunyoda yashash imkoniyati bo‘lsa,
bir hazin oh tortib, ikki dunyo ishini qilib ketgin”, mazmunidagi mashrabona fig‘on “subh” radifli
g‘azalning maqtaida ifoda etilgan:
Komila kori du olam kun ba yak ohi hazin,
Fursati hasty agar boshad turo, miqdori subh. [2. S. 72]
“Meravad” radifli g‘azal maqta’ida esa “dil pardasi yashiringan shunday sirlarim borki, Mening bir
ohim yashinidan olamda to‘fon turadi”, mazmunidagi mashrabona “ohi so‘zon” mavjud:
Chun nigoh doram nihon dar pardai dil Komila,
Olam az yak barqi ohi man ba to‘fon meravad. [2. S. 100]
Do'stlaringiz bilan baham: |