ILMIY AXBOROTNOMA PSIXOLOGIYA 2019-yil, 6-son
155
tug‘ilayotgan farzandlar ham yoki kutilmagan farzandlar ham dunyoga kelmoqda. Dunyoga kelgan farzand
kutilganligining qay darajadaligi esa onaning dastlabki muloqoti va mehrli munosabatini belgilaydi. Shu
paytdan boshlab go‘dak ongida tashqi muhit bilan o‘rnatiladigan munosabatlarning modeli shakllana
boshlaydi.
Yana shuni aytish lozimki, go‘dakning ona tomonidan oziqlantirilishi ham dastlabki obyektlar
o‘rtasidagi munosabatlarning o‘rnatilishi hisoblanadi. Go‘dak bilan bo‘ladigan barcha dastlabki
munosabatlar uning ijtimoiy muhitda o‘z o‘rnini topishi jarayonida bosqichma-bosqich shakllanib boruvchi
ona va bola o‘rtasidagi insoniy munosabatlarning boshlanishidir.
Go‘dakning ijtimoiy muhitga moslashishi, shaxslararo munosabatlarda o‘z o‘rnini topishida oila,
oilaviy munosabatlar, ona-bola-ota uchligi o‘rtasidagi muloqotning ahamiyati qanchalik katta ekanligi
ma’lum. Biroq bu masalaning bir tomoni, boshqa tomoni esa go‘dakning qanchalik fiziologik jihatdan
sog‘lomligiga ham bog‘liq.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, davlatimiz tomonidan oilaga tayyorlash, oila qurilgunga qadar oila,
sog‘lom ona va bolalarga qaratilayotgan e’tibor yuqorida ta’kidlangan bolalarning ham fiziologik, ham
biologik, ham psixologik jihatdan sog‘lom dunyoga kelishlari va ijtimoiy muhitga jadal kirishishlariga
zamin yaratmoqda.
Aynan shunday munosabatlar bola dunyoga kelishi jarayonida oiladagi shaxslararo munosabatlar,
ya’ni ota-ona munosabatlari, ayniqsa, onaning psixologik holati, uning homiladorlikka nisbatan ijobiy
munosabatlarining shakllanishiga ham xizmat qiladi. Onaning homiladorlik vaqtidagi ruhiy holati bola
shakllanishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi ham ko‘p tadqiqotlar natijasida isbotlangan. Biroq ayolning
ruhiy holati homilaning jinsiga nisbatan ham turlicha ta’sir ko‘rsatishi, ya’ni o‘g‘il bolaga nisbatan
boshqacha ta’sir ko‘rsatsa, qiz bolaga nisbatan esa mutlaqo boshqacha ta’sir ko‘rsatishi bugungi kunga
kelib endi-endi ma’lum bo‘lmoqda. Yana shuni aytish mumkinki, onaning ruhiy holati qiz bolaga nisbatan
o‘g‘il bolaga ko‘proq ta’sir qiladi va bu bola tug‘ilganidan keyingi davrlarda ham ahamiyatli hisoblanadi.
Sharq va g‘arbiy Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar
bola rivojlanishi jarayonidagi dastlabki muloqot bir kishi bilan – odatda onasi bilan bo‘ladigan muloqotni
go‘dakning to‘laqonli rivojlanishi uchun ideal deb hisoblashadi. Ushbu fikrlarni tasdig‘i sifatida professor
V.M.Karimovaning “Dastlabki muloqot va mehrli munosabat bola shaxsi shakllanishiga xizmat qiluvchi
asosiy omil”[2] degan konseptual fikrlarini keltirishimiz mumkin. Bunday muloqot mehrga to‘laligi,
o‘yinlar va interaktiv dialoglarga boyligi bilan ajralib turadi. Ushbu muammo doirasida olib borilgan
tadqiqot va izlanishlar natijalari go‘daklik va bolalik davridagi jismoniy, biologik hamda psixologik
erkinlik bolaning shaxs sifatida to‘g‘ri shakllanishiga xizmat qiladigan asosiy omillar ekanligini
ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, go‘dakning onasi bilan kechadigan dastlabki muloqoti boshqa ko‘plab
buvisi, buvasi, opa-singil kabi keng doiradagi muloqotlarning ham shakllanishi va rivojlanishiga asos
bo‘lib xizmat qiladi. Bola rivojlanishining dastlabki davrlarida unga atrofdagilarning g‘amxo‘rligi juda
zarur. Shu bilan birga, bu munosabatlar qanchalik muloqotga boy bo‘lsa, bola shunchalik sog‘lom va o‘ziga
ishonch bilan voyaga yetadi. Bola bir yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan davr noverbal (so‘zsiz) muloqot
davri bo‘lib, undagi barcha o‘zgarishlar yaqinlari, ayniqsa, onasi bilan emotsional, bevosita
munosabatlarning natijasi sifatida bora-bora muomalaga til hamda tovushlar bilan bog‘liq belgilar kirib
kela boshlaydi. Agar ota va ona tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik doimiy va samimiy bo‘lsa, ya’ni
haqiqiy, g‘amxo‘r ona bolasining ayni paytdagi barcha ehtiyojlarini qalban his qilib, o‘sha zahoti
qondirishga harakat qiladi, masalan, chanqasa suv, och qolsa ko‘krak suti berish kabi ishlarni o‘z vaqtida
bajarib boradi. Bu jarayonda tan-vujud bilan ona-bolaning yaxlitligi o‘ziga xos hissiyot bo‘lib, ya’ni ona
o‘z farzandini qo‘lidan ushlab, tanasi tanasiga tekkanda his qiladigan kechinmalari orqali boladagi
o‘zgarishlarni tuyadi, his qiladi. Go‘dak bola ham onasini shu qadar yaqin hissiy-emotsional tarzda his
qiladiki, shu sababli u hattoki ma’lum masofadayoq onaning kelayotganligini, yaqinlashgani va “hozir
qo‘liga olishini” bilar ekan. Aynan shu holatni psixologlar go‘dakdagi yetakchi faoliyat deb atab, unga juda
katta ahamiyat beradilar.
Mutaxassislarning fikricha, “mehrli munosabatlar”i kam bo‘lgan onalarning shaxsiy muammolari
ko‘p bo‘lib, ular bolani qo‘lida ushlaganda ham deyarli hech nimani his etmaydilar [3]. Ana shunday
chaqaloqlarda keyinchalik beixtiyor tarzda ro‘y beradigan psixik funksiyalar rivojida muayyan muammo-
larni vujudga keltirishi mumkin, masalan, ixtiyoriy ravishda diqqatni bir narsaga to‘plash, ixtiyoriy
ravishda u yoki bu narsani eslab qolish, gapirish, mantiqiy fikrlash kabilar.
Gapirish, nutq faoliyati bilan bog‘liq psixik funksiyalar ko‘pincha sinxronizatsiya jarayonida
shakllanadi. Bolasini suyib, uning his-kechinmalarini bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan ona odatda bolasining
psixik rivojlanishida barcha qiliqlarini, ulardan qanday foydalanish malakalarini orttirib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |