ILMIY AXBOROTNOMA PSIXOLOGIYA 2019-yil, 6-son
156
Bolaning kognitiv rivojlanishi, ya’ni fikrlar tarbiyasi, dunyoqarashlarning shakllanishiga ham
onaning xulq-atvori katta ta’sir qiladi. Yevropalik mutaxassislarning kuzatishlarida onaning har bir
harakati, mimikalari, suyishlari, bolaning tepasida turib, unga qiladigan muomalasi, erkalashlari bora-bora
bola o‘zlashtiradigan alohida iboralar, so‘zlarda namoyon bo‘ladi. Shaxsiy kuzatishlarimiz asosida shu
narsa ma’lum bo‘ldiki, onaning qiliqlari tobora bolaning nutqli-nutqsiz, mantiqiy-mantiqsiz harakatlariga,
ishoralariga aylanib boradi, keyinchalik bola alohida so‘zlarni talaffuz qila boshlaganda ham beixtiyor
onaning mimikalari, talaffuz uslublarini qaytaradi. Shu tariqa onaning bevosita ishtiroki va yordamida bola
dunyoni taniydi, o‘rganadi, o‘zi haqidagi tasavvurlari ko‘lami ham borgan sari ortib boradi.
Aynan yuqorida ta’kidlagan “mehrli munosabat” tushunchasini tushunish uchun tipik o‘zbek
oilalaridagi shaxslararo munosabatlarni ko‘z oldimizga keltiraylik. Buvilarimiz nabiralarini kuzatar ekan,
ko‘pincha bola yig‘lamasdan turib uning chanqaganligi yoki och qolganligini oldindan his qilib aytishlarini
kuzatishimiz mumkin. Buni ham o‘ziga xos sog‘lom oilaviy muhitda shakllangan ko‘nikma, sog‘lom
muloqot va mehrli munosabatning bir ko‘rinishi deyish mumkin.
XX asr o‘rtalaridan boshlab psixologlar go‘dakning unga g‘amxo‘rlik qilayotgan odamlar bilan
dastlabki munosabatlarini tadqiq etib, bu jarayonga nisbatan “mehribonlik” atamasini qo‘llay boshladi. Bu
tushunchani kuchli o‘zaro yaqinlik, ikki tomonlama intensiv hissiyotlar va emosional aloqalar bilan
izohlash mumkin.
Psixolog mutaxassislar uch toifali – mehribon, tortinchoq, qaysar bolalarni kuzatar ekanlar,
ularning o‘zlarini tutishlarida, psixik rivojlanishida va tengqurlari bilan muloqotda bir-birlaridan tubdan
farq qilishini aniqlashdi.
Mehribon bolalar 18 oyligidayoq hamkorlikdagi faoliyatga tayyor ekanliklari, ularning ishtiyoqlari
baland ekanligi va qat’iyatliliklari namoyon bo‘ladi. Ikki yoshda esa tengqurlari bilan faol muloqotga
kirisha oladi, o‘yinchoqlarni tartib bilan o‘ynaydi va turli o‘yinlarda o‘z fantaziyalaridan foydalana oladi.
Besh yoshli bolalarda ham bunday farqlar saqlanadi. Keyinroq boshlang‘ich sinflarda esa juda mehribon
bo‘lgan bolalar o‘qishda ham yaxshi yutuqlarga erishib, tengqurlari va kattalar bilan faol muloqotga kirisha
oladilar [4].
Ko‘plab tadqiqotlar tahlili bolaning ijtimoiy-psixologik rivojlanishini onasining rahmdilligi va
ziyrakligi bilan bog‘laydilar. O‘tkazilgan tadqiqotlar vaqtida juda mehribon bo‘lgan bolalarning onalari
o‘ta ziyrak ekanliklari va bolasining savollariga hushyorlik bilan javob qaytarishlarini aniqladi. Bundan
tashqari, bir yoshli juda mehribon bolalarning onalari ularning har bir harakatiga ziyraklik bilan javob
qaytarib, bolaning ovqatlanish va o‘yin vaqtlarini bir-biriga moslay olishadi.
Shuningdek, boshqa tadqiqotchilar ham bunday bolalarning onalari farzandining ehtiyojlarini
ziyraklik bilan aniqlay olishini hamda unga qachon, nima kerakligini uning yuz harakatlari va ovozidan
bilib olishlarini ta’kidlashgan.
Tadqiqotlar yana shuni ko‘rsatadiki, endi yurishni boshlayotgan bolalar, ya’ni jismoniy zo‘riqishni
boshdan kechirayotgan bolalarga mehribonlik ko‘rsatilmasa, ularda o‘z “Men”ini anglashi va nutqining
shakllanishida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Agar bolalar hayotining birinchi yilida kimgadir juda
mehr bilan bog‘lanib qolsa, ikki yoshligida unga qilingan noto‘g‘ri munosabatlarning noxush ta’siri ham
kamroq bo‘ladi.
Oilaviy shaxslararo munosabatlarda ona roli va timsolining ahamiyati yana shundan iboratki, bola
bir yoshga to‘lgunga qadar ota va ona shaxsini bir obyekt ona sifatida ko‘radi va bir yoshdan boshlabgina
otani alohida shaxs sifatida anglay boshlaydi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, bola onaning mehrini his qiladi va unga ham shu tarzda
javob qaytaradi. Bu psixologiya tili bilan aytganda, sog‘lom oilaviy muhit, undagi insonlarning o‘zaro
mehr-muruvvatli munosabatlaridan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |