–
Allohning borligi va birligiga imon keltirish,
ya’ni Allohning Qur’oni Karimda va
Muhammad a.s. hadislarida bayon qilingan barcha ismlari va sifatlariga imon keltirish. Ibodat
qilish va sig‘inishga, undan o‘zga loyiq zot yo‘q deb bilish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish
va barcha man’ etgan narsalaridan qaytish. Qur’onning «al-Ixlos» surasida Alloh taoloning
yagonaligi shunday ta’riflanadi: «Aytgin (Ey, Muhammad a.s.): Alloh yagonadir, beniyozdir (hech
kim va hech narsaga muhtoj emas, balki barcha unga muhtojdir), tug‘magan, tug‘ilmagan va uning
tengi yo‘qdir» (Qur’on, 112:1-4).
–
Farishtalarning borligiga imon keltirish.
Farishtalar nurdan yaratilgan bo‘lib, Allohning
buyruqlarini so‘zsiz bajarib, amridan tashqari chiqmaydigan xos bandalaridir. Ulardan Jabroil
(Jibril), Mikoil (Mikol) kabi buyuk farishtalarning nomlari Qur’onda zikr etilgan. Jabroil
farishtaning vazifalaridan biri payg‘ambarlarga Allohning vahylarini yetkazish bo‘lgan.
Farishtalardan ba’zilari odamlar bilan doim birga bo‘lib, ularning yaxshi va yomon ishlarini yozib
boradilar. Qur’onda ularni «Kiroman kotibin» («Mukarram kotiblar») deb zikr etilgan (Qur’on,
82:10-12). Bundan tashqari, tafsir kitoblarida Isrofil, Azroil nomli farishtalarning ismlari ham
qayd etilgan. Qur’on va hadislarda farishtalar haqida juda ko‘p yerda so‘z yuritilgan. Shuning
uchun ham ularga ishonish imonning shartlaridandir.
–
Ilohiy kitoblarga imon keltirish.
Alloh taolo Muhammad a.s.ga Qur’onni nozil qilganidek,
boshqa Payg‘ambarlarga ham kitoblar tushirgan. Ulardan bizga ma’lum bo‘lganlari: Ibrohim
payg‘ambar «Sahifalari», Musoga «Tavrot», Dovud payg‘ambarga «Zabur» va Iso payg‘ambarga
berilgan «Injil» kitoblaridir. Ulardan boshqa Payg‘ambarlarga yuborilgan kitoblar haqida Qur’on
va hadislarda xabar berilmagan. Yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblarning barchasi Qur’onda
Alloh tomonidan nozil qilingan deb ta’kidlanganligi sababli ularga shunday deb ishonish imonning
shartlaridan hisoblanadi. Islom ta’limotiga ko‘ra, oldingi ilohiy kitoblar buzilib ketganligi sababli
Qur’on ularning ta’limotini tiklab kelgan.
–
Payg‘ambarlarning haqligiga imon keltirish.
Alloh taolo insonlarga to‘g‘ri yo‘lni
ko‘rsatish uchun Payg‘ambarlar yuborgan. Barcha Payg‘ambarlar bir zanjirning bo‘g‘inlari
kabidirlar. Qur’onda 25 payg‘ambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda payg‘ambarlarning
umumiy soni 124 ming ekanligi bayon qilingan. Musulmonlar uchun ulardan Qur’onda nomi zikr
qilingan va zikr qilinmaganlarning barchasiga barobar imon keltirish shart.
–
Oxirat kuniga ishonish.
Dunyoning ibtidosi bo‘lgani kabi uning intihosi ham bor. Islom
ta’limotiga ko‘ra, bu dunyo bir sinov maydonidir. Bu dunyoda qilingan savob ishlar uchun
mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud. Qiyomat kuniga va oxirat
hayotiga ishonish islomning asosiy g‘oyalaridan biridir.
–
Taqdirga – yaxshiligu yomonlik Allohdan ekaniga – e’tiqod qilish.
Yuqorida aytib
o‘tilganidek, islomning ma’nosi «taslim bo‘lmoq», «o‘zini topshirmoq»dir. Shunga binoan, inson
hayotda ro‘baro‘ bo‘ladigan barcha yaxshi-yomon ishlarni o‘zi uchun Alloh tomonidan
belgilangan sinov va imtihon deb bilishi lozim. Yaxshiliklarga shukr qilmog‘i, qiyinchilik va
mashaqqatlarga sabr qilmog‘i imonning shartlaridan biridir.
–
O‘limdan keyin qayta tirilish.
Islom ta’limotiga ko‘ra, qiyomat kuni bo‘lganda barcha
insonlar qabrlaridan turadilar va mahshargoh maydoniga yig‘iladilar. U yerda barcha odamlar
dunyodagi amallariga qarab mukofot (jannat) yoki jazo (do‘zax)ga mahkum etiladilar.
Namoz
Namoz - islomda imondan keyin musulmonlarga farz qilingan ikkinchi amal hisoblanadi.
Namoz arkonlari Qur’oni karimda to‘liq bayon etilmagan bo‘lsa ham, ammo u haqda ba’zi
ko‘rsatma va tartiblar berilgan. Namozning vaqti hamda ado etish tartiblari hadislar bilan joriy
etilgan. Har kuni besh vaqt: bomdod – (tong otishidan kun chiqquniga qadar), peshin – (quyosh
tikkadan oqqanidan to biron narsaning soyasi o‘z bo‘yiga ikki barobar kelguniga qadar), asr –
(peshin vaqti chiqishi bilan to quyosh to‘liq botgunga qadar), shom – (quyosh to‘liq botganidan
ufqdagi qizillik yo‘qolguniga qadar), xufton – (shom vaqti chiqqanidan tong otguniga qadar) ado
etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: