10
BOSHLANG‘ICH TA’LIMDA ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALARDAN
FOYDALANISHNI TATBIQ QILISH
Qurbonova Nargiza
Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumani
7-son maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Telefon:+998974522534
Annotatsiya: Mazkur maqolada boshlang‘ich sinfda o‘qitishning o‘ziga xos jihatlari, zamonaviy
innovatsion texnologiyalar asosida darslarni tashkil etishning afzalliklari, imkoniyatlari haqida
fikr yuritiladi, ularni tatbiq qilish usullari ko‘rsatib o‘tiladi.
Kalit so‘zlar: boshlang‘ich ta’lim, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, innovatsiya,
ijodkorlik, demokratik uslub, interaktiv metodlar, multimedia.
Ma’lumki, ta’lim o‘qituvchi hamda o‘quvchilarning hamkorlikdagi faoliyati hisoblanadi.
Darslar mobaynida o‘qituvchilar o‘z bilimi, malakasini turli usullar: mashg‘ulotlar, topshiriqlar
vositasida yetkazishga harakat qiladi. Bu jarayonda nafaqat o‘qituvchidan, balki o‘quvchidan
ham o‘z ustida ishlash: ma’lumotlarni qabul qilish, ularni qayta ishlash va hayotga tatbiq qilish
kabi vazifalar belgilanadi.
Ta’lim-tarbiyaning maqsadi o‘qituvchi o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri, aniq o‘rinli foydalana
olishi, malaka va ko‘nikma hosil qilish, mantiqiy-ijodiy tafakkurni rivojlantirish, zamonaviy
texnologiyalar asosida bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davr haqida ma’lumotlar yetkazish
va milliy g‘oya sharqona tarbiya va ma’naviyatini boyitish hamda ularni o‘quvchi ongiga
singdirish, yetkazib berish bilan belgilanadi.
Bu maqsad vazifalar boshlang‘ich sinf o‘qitish davrida, ayniqsa kuchli talab qilinadi. Chunki
bu davrda bola o‘zining tub mohiyati va vazifasini anglab yetmaydi, balki shunchaki hamma
maktabga borishi kerak deb o‘ylaydi. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach ya’ni vazifalar ko‘payib
boravergach bu aqliy mehnat ekanligini anglab boradi va shu vaqtda uning o‘qishdan ko‘ngli
soviydi hamda unda umidsizlik uyg‘onadi. O‘qituvchi esa bunday holatning oldini olish uchun
o‘quvchiga ta’limning o‘yindan farqi va o‘ziga xos qiziqarliligi haqida tushunchalar berishi
va uni shu faoliyatga tayyorlashi zarur. O‘qituvchi dars mobaynida o‘quvchiga shunday muhit
yaratishi kerakki, o‘quvchi mustaqil topshiriq olganida, o‘zini tengdoshlari orasida lideri deb his
qilsin. Bu jarayonda o‘qituvchining o‘quvchilarga bo‘lgan munosabatidan demokratik uslubdan
foydalanishini lozim ko‘ramiz. Zero, bu uslub bolalarni birlashtiradi. O‘z-o‘zini boshqarishga,
o‘z xatti-harakatini o‘zi nazorat qilishga o‘rgatadi. Har bir ishga mas’uliyat bilan yondashish hissi
shu yoshdagi bolalar bilan demokratik muomala munosabati asosida shakllanadi. Bu muomala
munosabatida ilg‘or pedagogik va yangi axborot texnologiyalarini tatbiq qilish muhimdir.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar va axborot texnologiyalarini o‘quv
jarayoniga qo‘llash kundan-kunga oshmoqda. Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, interfaol metodlar
va zamonaviy axborot texnologiyalari o‘quv mashg‘ulotlarining samaradorligini oshiribgina
qolmay, ilm-fan va AKT yutuqlarini amaliyotda qo‘llash orqali mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan
shaxs tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni shu davrgacha an’anaviy ta’limda
o‘quvchilar faqat tayyor bilimlarni egallashga yo‘naltirgan bo‘lsa, endilikda bu ma’lumotlarni
mustaqil tarzda qidirib topish, o‘rganish, tahlil qilish va xulosalash ko‘nikmalari shakllantiriladi.
O‘qituvchi esa bu jarayonda o‘quvchining ta’lim-tarbiyasiga sharoit yaratadi va bevosita uni
boshqaradi, yo‘naltiradi.
Hozirgi vaqtda ta’limda “Aqliy hujum”, “Tarmoqlar” metodlari, “Sinkveyn”, “Beshinchisi
ortiqcha”, “Bumerang”, “Bahs-munozara”, “Kichik guruhlarda ishlash”, “Venn” diagrammasi
va boshqa ko‘plab zamonaviy pedagogik texnologiyalar keng qo‘llanmoqda. Bundan tashqari,
axborotlashtirilgan multimediali ta’lim texnologiyalarini boshlang‘ich ta’limga joriy etish orqali
o‘tiladigan fanlar mazmunini o‘quvchilar ongiga to‘liq singdirib borish, innovatsion vositalar
bilan tanishtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Multimedia darslar o‘quv jarayonini ko‘rgazmali
olib borishda ko‘maklashadi. Zero, ta’limda ko‘rgazmalilik asosiy o‘rinlardandir. Bundan
tashqari, o‘quvchi faoliyatining ijobiy motivini hosil qiladi, mashg‘ulotlarni jonli va muloqot
tarzida olib borishga imkon beradi. Bu esa o‘quvchida o‘ziga bo‘lgan ishonchni, tezkor fikrlashni
va ijodkorlikni shakllantiradi. Shuningdek, ta’lim mazmuniga tegishli materiallarni kompyuter
559
10
xotirasida saqlab, ularni o‘quvchilarga xoxlagan vaqtda yetkazish imkoniyati bo‘ladi. Shu bilan
bir qatorda multimedia usulida axborotning xilma-xilligini matn, lavha, bezak, nutq, musiqa,
videofilmlardan parchalar, telekadrlar, animatsiyalar orqali ko‘rsatish ta’lim samaradorligini
oshiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Ishmuhamedov R.J. Innovatsion texnologiyalar yordamida ta’lim samaradorligini oshirish
yo‘llari.
2. Sayidaxmedov N. Pedagogik amaliyotga yangi texnologiyalarni qo‘llash namunalari.
3. G‘ulomova M.X., Sobirova N.K. Yangi innovatsion texnologiya yordamida ta’lim
samaradorligini oshirish usullari.
560
Do'stlaringiz bilan baham: |