2
Tuzuvchi:
Katta o`qit. M Usmonov
Taqrizchilar:
t.f.n. dots. O. Bo`riyev
t.f.n. A. Pardayev
Ma`ruzalar matni Qarshi DU Tarix fakulteti ilmiy Kengashning 2012 yil 29
avgustdagi 1-son majlis bayoni hamda “Jahon tarixi va arxeologiyasi”
kafedrasida
2012 yil 30 avgust 1-son bayonnomasida muhokama qilingan va tasdiqlangan.
3
KIRISH
G‘arb mamlakatlarining eng yangi tarixi (1918-2005 yillar) kishilik jamiyatining XVII asr
40-yillaridan boshlangan yangi tarixning davomi, umumiy tarixning so‘nggi, eng murakkab va eng
muhim qismi hisoblanadi. G‘arb mamlakatlarining eng yangi tarixi 1918 yildan hozirgi vaqtgacha
dunyoda bo‘lgan muhim
voqealarni, mamlakatlarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishlarini,
jahon tarixiy taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini, jahon miqyosida yuz bergan ziddiyatlarni,
ozodlik kurashi jarayonlarini, sotsializmning inqirozi sabablari
va undan keyingi rivojlanish
taraqqiyot bosqichlarini, shuningdek, 1918-2005 yillar ichida sodir bo‘lgan xalqaro munosabatlar
muhim xususiyatlarini o‘rgatadi.
Dunyo xalqlari hayotida yuz bergan va yuz berayotgan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni,
xalqaro munosabatlar rivojlanishining yo‘nalishlarini bayon qilish eng yangi tarix fanining muhim
vazifasidir.
Shuningdek, eng yangi tarix fani urush va tinchlik muammolarini,
tinchlik uchun kurash
masalalarini, tashqi siyosatdagi qarama-qarshi yo‘llar va tendensiyalarni tushuntiradi.
Eng yangi tarix masalalari g‘oyatda katta siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, bunda sinflar,
partiyalar, oqimlar, turli nuqtai nazarlar kurashi, haqiqat va adolat, ozodlik va sotsial taraqqiyot
uchun kurash masalalari turli mamlakatlar misolida keng va chuqur gavdalanadi.
Hozirgi dunyo murakkab va turfa xil dunyodir. Unda turli mamlakatlar yonma-yon yashaydi
va bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi. Butun dunyo bilan muvaffaqiyatli munosabatlarga kirishish, do‘stlik
va hamkorlikni rivojlantirish uchun mavjud voqeylikning muammolarini
chuqur bilish va bu
bilimdan umum manfaat yo‘lida foydalanish lozim bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida:
xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida dunyo mamlakatlari
bilan tinch-totuv yashash xususida shunday yozadi: “Biz yashayotgan davr qanday xususiyatlarga
ega? So‘nggi vaqtlarda jahonda yuz bergan, dunyoning jo‘g‘rofiy-siyosiy tuzilishini va xaritasini
tubdan yangilagan o‘zgarishlar hozirgi zamon va kelajak uchun qanday tarixiy ahamiyatga molik ?
Bular haqida mulohaza yuritish va ularga to‘g‘ri baho berish juda muhim”
1
.
Insoniyat XX asrda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy
taraqqiyotda ulkan qadamlar
tashladi. Asrimizning 20-yillarida boshlangan ilmiy-texnikaviy inqilob hayotning barcha sohalarida
tub o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Inson tarixda birinchi marta ochiq fazoga chiqdi va Oyga qadam
qo‘ydi. Atom energiyasi, inson irsiyati sohasidagi kashfiyot, elektronika, fazoviy
televideniye, eng
yangi harakat vositalari xalqlarning o‘zaro munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.
Shu bilan birga hali hal etilmagan bir talay muammolar borki, ularni bartaraf etish uchun
insoniyat o‘z kuchlarini birlashtirishi zarur. Ochlik va qashshoqlik, atrof-muhitning ifloslanishi, og‘ir
yuqumli kasalliklarga qarshi kurash va turmush darajasini yuksaltirish, inson huquqlari va
erkinliklari uchun kurash, xalqaro huquq mezonlarini qaror toptirish shular jumlasidandir.
Ilmiy-texnikaviy inqilob va uning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalardagi ko‘rinishi muhim
ahamiyat kasb etdi, jahon ijtimoiy hayotida quyidagi yangi tamoyillarning yuzaga kelishiga sabab
bo‘ldi.