9
Bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar O‘zbekiston zaminida keng
rivojlanib, O‘rta Osiyo hududi dunyo intellektual markazi bo‘lib kelgan. Yurtimiz
hududida yuzaga kelgan birinchi va ikkinchi Renessans davri butun dunyo tan
oladigan mashhur daholarni etishtirib berdi. Muhammad al-Xorazmiy,
Ahmad al-
Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Abu Ali
ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali
Qushchi va Sharqning boshqa olimlari ilmiy tadqiqotlari jahon ilm-fani rivojiga
beqiyos hissa qo‘shdi.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy an’analarini munosib davom ettirgan holda,
XX asrning 40-yillaridan boshlab O‘zbekistonda fizika fanini rivojlantirish
jarayonida nufuzli
ilmiy maktablar tashkil etildi, ularning vakillari xalqaro
mukofotlarga sazovor bo‘ldi va xorijiy akademiyalar a’zolari bo‘lib saylandi. Eng
muhim ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirishda Fanlar akademiyasining taniqli ilmiy
maktablar yaratgan atoqli fiziklari muhim o‘rin tutdi. Mamlakatimiz fizika maktabi
qattiq jismlar fizikasi, atom yadrosi fizikasi, yarim o‘tkazgichlar fizikasi, lazer
fizikasi va issiqlik fizikasi sohalarida jahon ilm-faniga ulkan hissa qo‘shdi.
Bugungi kunda ta’lim muassasalarida fizika fanini o‘qitish sifatini oshirish,
ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish uslublarini joriy qilish, iqtidorli o‘quvchilarni
saralash, mehnat bozoriga raqobatbardosh
mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy
tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka
yo‘naltirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 martdagi PQ-5032-
son qaroriga asosan 2021 — 2023 yillarda fizika fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini
oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini ta’minlash
bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bunda, iqtisodiyotning
real sektori va ishlab chiqarish sohasiga mutaxassis tayyorlovchi oliy ta’lim
muassasalarida fizika fanlarini o‘qitishning integrativ prinsiplarini joriy etish,
yangi va ta’lim bozorida talabgor mutaxassisliklarni ochish hisobidan yoshlarning
fizika ta’limi bilan qamrov darajasini oshirish, tayanch maktablar va fizika fani
chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablarning o‘quv-
10
metodik bazasi holatini yaxshilash, o‘qitish jarayoniga zamonaviy o‘qitish
uslublarini, shu jumladan axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan
holda joriy etish masalalari ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston davlat va jamiyat hayotining
barcha sohalarini tubdan
yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqda, chunki zamon
shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrga yangi fikr, yangi g‘oyaga,
innovatsiyaga tayangan davlatgina yutadi. Demak, endilikda har bir soha va tizim
faoliyatini innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida olib borish muhim
ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, yangilik termini “Modernizatsiya” tushunchasi bilan ham
aniqlanadi. Ta’lim – tarbiya jarayoniga yangilik kiritish tarzida ham mavjud o‘quv
texnologiyalar, o‘quv muassasasi ta’limni mohiyatini o‘zgartirishga qaratilgan
yangi g‘oya sifatida qaraladi. Ta’lim sohasidagi innovatsion ta’lim – tarbiya
maqsadi, mazmuni, usul va shakllari, pedagogik jarayonni tashkil etishda
yangiliklar kiritish nazarda tutiladi. Mustaqil O‘zbekiston
sharoitida pedagogik
innovatsiyalar asosan pedagogik tizimni takomillashtirish, ta’lim-tarbiya
jarayonini samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan pedagogik texnologiyalarni
ishlab chiqish va ta’lim jarayoniga tadbiq etishga yo‘naltirilgan.
Hozirgi vaqtda innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga qo‘llash
bo‘yicha olib borilgan ishlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu sohaga oliy o‘quv
yurtlari, ayniqsa pedagogika oliy o‘quv yurtlarida talabalarga fizikani o‘qitishda
ancha samara berdi. Shu sabablarga ko‘ra muallifning “Fizikani o‘qitishda
innovatsion texnologiyalardan foydalanish uslubiyati” o‘quv qo‘llanmasini qayta
nashr qilish zarurati tug‘ildi.
Qo‘llanmaga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi: “Elektromagnit induksiya
hodisasi” tubdan qayta ishlandi, uning keyingi vaqtda amaliyotda qo‘llashi
yoritildi. Ilmiy pedagogik tajriba natijalarini qayta ishlash, unga matematik –
statistik metodlarni qo‘llashlar ham kiritildi.
Muallif taqrizchilar Samarqand davlat Arxitektura va Qurilish institutining
professori O‘. T. O‘sarovga, Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti dekani
11
dots. R. M. Rajabovga va umumiy fizika kafedrasi mudiri dots. Z. M.
Shodiyevlarga ishni yaxshilash bo‘yicha tanqidiy fikrlar bildirganligi, shu
kafedraning dotsenti fizika – matematika fanlari
falsafa doktori, dotsent B.
Amonovga kompyuterda sahifalaganligi uchun alohida minnatdorchilik bildiradi.
Ushbu qo‘llanmada uchraydigan ba’zi kamchiliklarni
quvandikov@rambler.ru elektron pochta yoki Samarqand shahri, Universitet
xiyoboni 15 uy, fizika fakultetiga xabar qilinsa hamda taklif berilsa muallif u
kishilarga ham oldindan o‘z minnatdorchiligini bildiradi.