www.ziyouz.com kutubxonasi
42
—
Nima qiddim, opajon?
— Dard!
Bahri ko‘zi javdirab hammaga bir-bir qaradi va birdan qizarib, ko‘ziga yosh keldi.
— Nima
gunohqildim!..
—
Nega eringga xat yozmaysan?
— Voy bundan bo‘lak ham tuhmat bormi? Nega xat yozmas ekanman? Mana,
so‘rang!
— Xat yozmasligingni bular biladimi, ering biladimi? Ma, o‘qi-chi, xat yozar
ekansanmi, yo‘qmi?
Xatni Sobiraxon olib, ko‘k qalam bilan ostiga chizil-gan yerini o‘qidi:
«... Bahrixon bir qo‘y bilan bir ko‘ylaklik atlas muko-fot olgan ekan. Shuni nima uchun
olganligini so‘rab ikki martaba xat yozdim, aytmadi. Mumkin bo‘lsa, o‘rtoq Ibrohimova,
shu to‘g‘rida menga o‘zingiz ma’lumot bersangiz...»
—
Xo‘sh? - dedi oqsoqol.
Bahri yengi bilan ko‘z yoshini artar ekan, kulimsiradi.
—
Xat yozmaydi demabdilar-ku! Shoshmang, opajon, men sizga tushuntirib beray. U
kishi o‘tgan yili «Qizil yulduz» ordeni olganlarida «ordenni nima uchun oldingiz?» deb
uch marta xat qildim, uchala xatimga ham «seni mudofaa qilishda ayrim ish
ko‘rsatganim uchun oldim» deb javob qaytardilar, anig‘ini hech aytmadilar. Men ham
mukofotni nima uchun olganligimni aytmadim, xatlariga «sizni esimdan
chiqarmaganligim uchun oldim» deb javob berdim.
Jiddiy gap kulgi bilan tugab, oqsoqol uni nohaq urishgani uchun o‘sal bo‘ldi. Asqar ota,
Bahri hech bo‘lmasa o‘zicha do‘ng‘illab qo‘yar deb o‘ylagan edi, undoq qilmadi. U,
boyagiday ochilib, ishini qilaverdi. Shundan keyin Asqar ota unga alohida e’tibor bilan
razm solgan edi, ko‘ziga juda yosh ko‘rindi.
—
Nechaga kirding, qizim?
Bahri Asqar otaga yer ostidan bir qarab, so‘ng javob berdi:
—
O’n sakkizga kirsammikin, kirmasammikin, deb o‘ylanib yuribman.
Oqsoqol, Asqar ota bu savolni nima uchun berganini fahmlab, tushuntirdi:
—
Ering diymizu, lekin u yigitga hali tekkan emas, so‘z bergan, xolos... Urushga
ketayotganda nima degansan, Bahri?
«Agar sizdan bo‘lakni desam, dushmandan ortgan o‘qlaringizdan biriga ko‘ksim nishona
bo‘lsin». Shundoqdeganmisan?
Bahri qizarib, javob bermadi. Asqar otaning nazarida, Bahrining bu so‘zi gul ko‘tarib,
ashula aytib oh chekib, zo‘r kelganda hatto picha ko‘z yoshi to‘kib arz qilinadigan, lekin
anchayin qarshilikka uchrasa chok-chokidan so‘kilib ketadigan muhabbatning emas,
gulsiz, ko‘z yoshisiz arz qilinadigan va qarshilikka uchragan sayin kamol topadigan
muhabbatning ifodasi edi. Birinchi xil muhabbat tilda, ikkinchi xil muhabbat dilda bo‘ladi.
Birinchi xil muhabbatdan gul bilan ko‘z yoshi olib tashlansa, chunonchi, parranda
muhabbatidan farq qilmaydi. Parranda bilan inson orasida qancha farq bo‘lsa, birinchi xil
muhabbat bilan ikkinchi xil muhabbat orasida ham shuncha farq bor. Asqar ota shu
so‘zlarni ko‘nglidan o‘tkazdi-yu, Bahriga nisbatan ko‘nglida mavj urgan mehrini
ifodalaydigan biron kalima ham so‘z topolmay, faqat:
—
Umring uzoq bo‘lsin, qizim! — dedi.
Uy egasi dasturxon yozar ekan:
—
Umridan shuncha uzoq bo‘lgandan keyin, xudo xohlasa umri uzoq bo‘ladi, - deb
so‘z o‘yini qildi.
Kimdir «piq» etib kulib yubordi. Nima gap ekanini anglay olmagan Asqar ota o‘zidan-o‘zi
qattiq xijolat tortdi. Oqsoqol buni fahmlab, tezroq uni xijolatdan chiqarishga shoshildi.
Dahshat (hikoyalar to’plami). Abdulla Qahhor
Do'stlaringiz bilan baham: |