www.ziyouz.com kutubxonasi
32
Diqqat bo’ldim. Papirosni allaqachonlar tashlab yuborgan edim, shu topda bitta so’rgim
keldi-yu, papiros olgan magazinga kirdim. Bilmadim, magazinda qancha turib qoldim
ekan, qaytib chiqsam mehmon yo’q. Birpas kutdim, keyin yuragim hovliqib, u yoq bu
yoqqa qaradim. Qidirdim. Yigirma-yigirma besh minutning har biri bittadan so’g’ tishimni
sug’urib olgandek bo’lib o’tdi. Bu kasofat biron hovli yoki biron ko’chaga kirib,
gumonsiragan odamiga “dumingni ko’rsat” desa, bunaqa hazilni birov ko’taradi, birov
ko’tarmaydi… Bir soatdan ortiq qidirganimdan keyin avtomatdan jiyanimga telefon
qildim, voqeani aytdim. Jiyanim tovushidan tashvishda qolgani sezilib tursa ham, menga
tasalli berdi va “yo’qotgan joyingizdan uzoqqa ketmang”, - dedi. Samovarda yana bir
necha minut o’tirdim. Narigi ko’chadagi machitning yarmi qulagan mezanasiga ko’zim
tushdi. Bu kasofat shuning suratini olgani bormadimikin? O’sha yoqqa bordim.
Machitning ichini, atrofini qaradim, odamlardan so’roqladim – yo’q. Samovarga qaytay
deb turganimda yon ko’chadan karnay-surnay, qiyqiriq bilan ikki mashina kuyov-navkar
chiqib qoldi. Oldindagi mashinada lunjini shishirib sunray chalayotgan surnaychining
yonida turib, beo’xshov o’yinga tushayotgan olabayroq to’n kiygan bir kishiga ko’zim
tushdi, sinchiklab qarasam – mehmon! Suyunib ketdim. Yugurib borib mashinaning
oldini to’sdim. Mehmonga harchand “tush” deb ishora qilaman, qani endi ko’nsa –
menga qarab nuqul muqom qiladi. Kayfi baland. Mashinada tanish odamlar bor ekan,
qo’ymasdan meni mashinaga tortib olishdi. Mehmonning mashinadan tushish niyati
bo’lmagani uchun mashinani to’xtatib jiyanimga telefon qildim.
Tanish odamlarning aytishiga qaraganda mehmon nima bo’lib to’yxonaga kirib qolibdi.
Odamlar uning chet eldan kelgan mehmon ekanini bilib to’rga o’tqazishibdi, to’n
kiyg’izishibdi, o’yinchilar uni o’yinga tortishibdi.
Kelinning uyiga keldik, ziyofat zo’r bo’ldi, o’yin-kulgi juda qizidi. Mehmon bu yerda ham
ancha ichib qo’ydi. Shu yerdagi doctor bolalar mening tashvishda qolganimni payqab,
mehmonni hushiga keltirib berishdi. Mehmon hushiga kelganidan keyin yana aynidi:
yana dumli odam qidirib hammaga zehn sola boshladi. Shundan keyin “siz ovora
bo’lmang, janob, dumli odamni ertaga o’zim topib beraman” deyishga majbur bo’ldim.
Mehmon meni o’pdi, salomatligimga ustma-ust ikki ryumka otdi…
Ertalab mehmonxonaga kelsam mehmon lanj bo’lib yotibdi, lanjki, hech aytgulik emas.
Shundoq bo’lsa ham, la’nati, ko’zini ochishi bilan kechagi va’damni so’radi. Men uni
pastga olib tushib, achchiq choy ichirdim, nordon narsalar yegizdim, ichkilik zahri biroz
sinib ta’bi ochilganidan keyin dumli odam deb bekor ovora bo’lib yurganligini
tushuntirishga harakat qildim. Mehmon xafa bo’ldi.
- Sening hukumating butun mamlakat ustiga temir parda tortgan! – dedi.
Bunga gap uqtirish, qorong’u uyga kesak otgandek gap edi. Shuning uchun yon bergan
bo’lib, yolg’ondan o’ylab qoldim-da, chuqur xo’rsinib:
- Shuni bilar ekansiz, nima qilasiz meni qiynab? – dedim.
Mehmon chehrasi ochilib yana yolvordi:
- Men sizga bitta dumli odamni qafasga solib ber, olib ketaman deyayotganim yo’q.
Uzoqdan qorasini ko’rsatsangiz bas, mening apparatim ikki kilometrdan oladi!
U desam u dedi, bu desam bu dedi – hech bo’lmadi, nihoyat “seni dumli odamlarga
yo’latish qo’limdan kelmaydi, xatarli, hohlasang apparatingni ber, biladigan, udda
qiladigan ishonchli kishiga aytib, bironta dumli odamning suratini oldirib beraman”
deyishdan boshqa chora qolmadi. Mehmon xursand bo’lib, apparatini qo’limga tutqazdi.
O’zi lanj bo’lgani uchun tushgacha yotib dam olmoqchi ekanini aytdi. Men tushdan keyin
keladigan bo’lib qaytdim. Tushdan keyin kelsam, mehmon hanuz lanj, yotgan ekan,
lekin apparatini tegishli odamga topshirganimni, u kishi butun lentani dumli odamga
to’ldirib berishni va’da qilganini eshitib o’rnidan turib ketdi.
Dahshat (hikoyalar to’plami). Abdulla Qahhor
Do'stlaringiz bilan baham: |