www.ziyouz.com kutubxonasi
33
- Lekin sharti bor, - dedim, - omonatingizni faqat ketadigan vaqtingizda, samolyotga
chiqayotganingizda beradi.
- Ertaga, ertagayoq jo’nayman! – dedi mehmon.
Kelishuvga muvofiq shaharning diqqatga sazovor joylarini ko’rgani chiqdik. Kun
qaytguncha yurib, ko‘p tarixiy yodgorliklarni ko’rdik, to’g’on-ko’lga bordik, shahrimizning
ko’rki bo’lgan yangi ko’chalar, maydonlar, xiyobonlarni kezdik, muzeylarga kirdik.
Mehmonning biron narsaga qiziqqanini, biron joyda to’xtab, biron narsaga qaraganini
ko’rmadim. Hamma narsaga o’shshayib qarar, qayoqqa v anima uchun ketayorganini,
nima qilib yurganini o’zi ham bilmas, aftidan, kunni kech qilishdan bo’lak muddaosi yo’q
edi.
Madaniyat va istirohat bog’iga kirdik. Mehmon hech bo’lmasa shu boqqa, xususan gulu
gulzorga qiziqar deb o’yladim, chunki shahrimiz bu boqqa juda bino qo’ygan. Yo’q,
gulzorga mehmon qayrilib ham qaramadi, uning diqqatini jalb qilgan birdan-bir narsa
bog’ning bir chekkasidan oqayotgan anhor bo’ldi. Buning nimasiga qiziqdi ekan deb
qarasam, loy suv qirg’oqdan toshgudek bo’lib, shox-xashak va yana allanima balolar
oqib kelayotibdi. Birov sug’orish maqsadida to’g’on solgan, suv to’g’onni urib ketgan
bo’lsa kerak. Mehmon iflos suvga xuddi sichqonni ko’rib qolgan mushukdek butun vujudi
bilan qarar, chamamda fotoapparati yonida bo’lmaganidan afsuslanar edi; bog’dan
chiqib mehmonxonaga tomon ketayotganimizda eski-tuski yig’ib yurgan eshak aravani
ko’rganida ham xuddi shu holga tushdi.
Mehmonxona ko’chasiga qayrilganimizda mehmonning gazetasiga qo’l keladigan yana
bir hodisa ro’y berdi: shu ko’chadan g’izillab chiqqan “Moskvich” kattakon bir sariq itni
urib o’tdi. It vangillab ikki-uch yumaladi, turishga intilib turolmadi, yotib tipirchiladi.
Mehmon goh boshini ko’tarishga urinib, goh oyoqlarini silkib jon berayotgan itga yaqin
borib, beixtiyor cho’kka tushdi va apparat izlab yonini paypasladi.
Mehmon ertasiga jo’naydigan bo’ldi. Dumli odamlar surati olingan fotoapparatni qora
qog’ozga o’rab aeroportga olib chiqdim va qo’ynimdan bir chekkasini chiqarib
ko’rsatdim. Mehmonning ko’zlari yonib ketdi. Xilvatga bordik. Mehmon apparatini olib
katak sumkasiga joyladi-yu, chontagidan bir dasta pul chiqardi.
- Sizning haqingizni o’zim bilib beraman, - dedi, - u kishi bilan necha pulga
gaplashgansiz?
- Pul to’g’risida hozir gaplashmaymiz, - dedim, - avval suratlarni chiqarib ko’ring, ana
undan keyin o’zingiz narx bichib yuborarsiz.
Mehmon yaba minnatdorchilik birdirdi. Samolyotga chiqdi, samolyot Tojikistonga qarab
yo’l oldi. Kim biladi, mehmon yurtiga borguncha sabri chidarmikin. Tojikistondayoq
lentani chigarar, chiqarsa dumli odamlar o’rnida o’zini ko’radi: men apparatni maktab
to’garagiga qatnab, foto ishida mashqini rosa qilgan kichik o’g’limga berib, “mehmon
ikkovimiz shahar aylanamiz, sen ketimizdan yurgin, qayerda chap oyog’imni ko’tarsam,
mehmonning yakka o’zini suratga olaverasan”, degan edim. Bir qancha joyda, jumladan,
mehmon anhor bo’yida, eski-tuski yig’ib yurgan eshak arava yonida va jon berayotgan
itning ustida turganida chap oyog’imni ko’targan edim. O’g’limning o’zi hushyor bola,
g’alati-g’alati paytlarni topgan bo’lsa kerak. Men bu narsani jiyanimga aytmadim,
aytsam ham urishmasa kerak, chunki mehmonga ozor berganim yo’q, nihoyati yuziga
oyna tutdim.
Dahshat (hikoyalar to’plami). Abdulla Qahhor
Do'stlaringiz bilan baham: |