Estetika kategoriyalarining an’anaviy va zamonaviy tasnifi. Go‘zallik va uning
muqobillari
Estetika falsafiy fanlardan biri sifatida o‘z kategoriyalarini ishlab chiqqan bo‘lib, ulardan
asosiylari – go‘zallik, ulug‘vorlik, fojialilik, kulgililikdir. Estetika fanining barcha muammolari
aslida go‘zallik muammosi bilan muayyan darajada bog‘liqdir. Go‘zallik nafosat olamining
mag‘zi, asosiy belgisi, bosh xossasi, asosiy mohiyatini tashkil qiladi. Har qanday estetik
muammoning echimini topganimiz sari go‘zallik yanada yorqin namoyon bo‘lib boradi. Estetik
munosabatlarni estetik ob’ekt va estetik sub’ekt tabiatini in’ikos etish bilan birga go‘zallikning u
yoki bu tomonlari ham mushohada etiladi.
Go‘zallik
– bu asosiy estetik qadriyat bo‘lib, uni idrok
etish qobiliyati esa estetik sub’ektning asosiy xossasidir. Bu xususiyat estetik ong va uning
asosiy qismlariga ham taalluqlidir.
Estetik his-tuyg‘u,
eng avvalo go‘zallikni his etish jarayonini anglatadi.
Estetik orzu
esa
go‘zallikni inson xohlagan u yoki bu tasavvurlar tarzida ifodalaydi.
Estetik did
bo‘lsa ko‘p
jihatdan shaxs va jamiyat nimani go‘zallik sifatida, nimani xunuklik sifatida idrok etishida
namoyon bo‘ladi.
Estetik qarashlar
go‘zallikning tabiati va mohiyati haqidagi fikrlarni anglatadi.
a) Mutafakkirlarning aytishlariga qaraganda, go‘zallik haqida fikr yuritish va uni bayon
qilish nihoyatda murakkab va mashaqqatli jarayondir. Go‘zal, ijobiy his-tuyg‘u uyg‘otadigan
narsani ko‘rsatish oson. Lekin o‘sha narsa nima uchun go‘zal ekanligini tushuntirib berish qiyin.
Go‘zallikning tabiati va mohiyati haqida juda ko‘p fikr-mulo-hazalarning mavjudligi uning
murakkabligi, ko‘p qirraligidadir. Ilmiy tushunchalar tizimida ham go‘zallik muammosini
tushuntirish ancha qiyin. SHuning uchun go‘zallik muammosiga falsafiy yondoshish zarur.
Qadimgi yunon faylasufi Platon bu muammoni ilk bor «Nima go‘zal?» va «Go‘zallik
nima?» degan savollarga ajratish bilan tarixga go‘zallik haqidagi falsafiy ta’limotning asoschisi
bo‘lib kirgan edi. Go‘zallikni u jonli, hissiyotli, o‘zgaruvchan narsalar olamidan ajralib qolgan
abadiy ruh - g‘oya sifatida ta’riflaydi.
Go‘zallik tuyg‘udan yuqoriroq tabiatga ega bo‘lgani uchun uni faqat aql vositasida
anglash mumkin. Go‘zallik haqidagi bu «Platon yo‘nalishi» F.Akvinskiy, Gegel ijodida davom
ettirildi. Gegel fikricha, mutlaq ruh–g‘oya go‘zallikning namoyon bo‘lishidir, san’at
go‘zallikning asl makonidir, go‘zallik bu aniq turdagi hodisalar kamolotining namunasidir, ya’ni
go‘zallik mukammallik va kamolot bilan bog‘liqdir. “SHunday narsa go‘zalki, agar undagi
tug‘ma belgilar to‘la tarzda namoyon bo‘lsa, shunday inson go‘zalki, agar unda yaxshi insoniy
fazilatlar va sifatlar mujassamlashgan tarzda ko‘rinsa”. Ingliz faylasufi D. YUm fikricha,
go‘zallik narsalar sifatini bildirmaydi, balki narsalarni mushohada qilayotgan inson ruhi
darajasida amal qiladi; ya’ni har bir inson ruhi o‘zi belgilagan, tanigan, anglagan go‘zallikni
ko‘radi. Bu ta’limotlarda go‘zallikning ma’naviy mazmundorligi masalalari aks etadi.
Ikkinchi yo‘nalish: Qadimgi yunon mutafakkiri Aristoteldan boshlanadi. Aristotel
go‘zallikni real voqelik in’ikosi sifatida talqin etadi. U go‘zallikni moddiy olamning moslik,
aniqlik, hamohanglik, mezon-o‘lchovlik kabi miqdoriy va makonli tavsiflari bilan bog‘lab
mushohada qiladi.
Aristotel fikriga ko‘ra, go‘zallik zaminida inson va narsalarning bir-biriga muvofiqligi,
loyiqligi, mosligi aqidasi yotadi. O‘zining mazkur g‘oyasini asoslash uchun u «o‘ta kichik narsa
go‘zal bo‘la olmas edi, chunki oz vaqt ichidagi tasavvur qorishib ketadi, o‘ta ulkan narsa go‘zal
bo‘la olmas edi, chunki uni idrok etish birdaniga sodir bo‘lmay, uning birligi va yaxlitligi
yo‘qolib ketadi», - deb uqtiradi. Go‘zallik muayyan mezon – o‘lchov ko‘rinishdagina namoyon
bo‘ladi. Uning fikricha, go‘zallik sifatiga nafaqat tabiat hodisalari, balki adolat, mardlik, sahovat,
donishmandlik kabi yaxshi insoniy fazilatlar ham kiradi.
Uyg‘onish va ma’rifatparvarlik davri estetik qarashlarida go‘zallikning tabiiy qonunlarini
ishlab chiqish, ularni san’at sohasiga ham tadbiq etishga urinishlar bo‘lgan. Masalan, Didro
go‘zallikning ichki mazmundorligi, san’at asarlariga nisbatan ifoda kuchi haqida fikr yuritib,
go‘zallik bilan go‘zallikni baholash o‘rtasida sub’ektiv omil muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |