Вернадский В.И.
Начало и вечность жизни. М., «Советская Россия», 1989. С. 185.
bermay qo‘ygan edi. Unda inson texnologik rejimga moslashgan holda, tezlik, aniqlik,
mustahkamlik kabi texnologik mezonlar asosida ishlaydigan ishchi sifatida baholanardi. Bu
nafaqat insonparvarlik, balki texnikaviy ravnaq nuqtai nazaridan ham nomaqbul edi. SHu bois
texnikani insoniylashtirish zaruriyati tug‘ildi. Endi ishchi yo xizmatchining shaxsiy qiziqishi,
ijodiylik kasb etgani holda, faqat mehnat natijasi bilan cheklanmasdan, mehnat jarayoni va uning
mazmuniga ko‘chib o‘tishi lozim bo‘lib qoldi. Bu – mehnatning estetik tabiat kasb etishi va
insoniylashuvi demakdir. SHunday qilib, texnikani va ishlab chiqarish muhitini insoniylashtirish
mehnatni faqat zaruriyat deb emas, balki ehtiyoj darajasida tushunishga olib keldi; texnikani
insoniylashtirish muhitni insonga moslashtirishi barobarida, uni estetik tarzda tashkil etishni ham
o‘z ichiga oladigan bo‘ldi.
Dizaynning zaruriyatga aylanishi nafaqat zamonaviy ilmiy-texnikaviy ravnaqqa, balki
ommaviy ishlab chiqarish va umummadaniyat darajasining yuksakligiga ham bog‘liq. Bunday
sharoitda xaridor o‘zining erkin tanlov imkoniyati bilan ishlab chiqarish taklif qilgan mahsulotni
rad etishi va o‘z ehtiyojiga javob beradigan tovarni yuqori baholashi mumkin. YA’ni, xaridor o‘z
didiga mos narsani tanlaydi; xarid jarayoni «boriga baraka» tarzidagi tavakkalchilik holatiga
emas, balki tovarga faol munosabat shakliga aylanadi. Ana shunday munosabatga loyiq bo‘lishi
uchun tovarning shakli muhim ahamiyatga molik. Tabiiyki, birinchi navbatda go‘zal va ulug‘vor
ko‘rinishga ega narsalargina jamiyatning e’tiborini qozonadi. SHunda tovarning umummezonga
javob beradigan estetik qadriyat sifatida qabul qilinishi ro‘y beradi va u ishlab chiqarishning
xaridorga, xaridorning esa, ishlab chiqarishga estetik ta’sirini ta’minlaydi.
SHuni unutmaslik lozimki, har qanday konstruksiyachi-injener dizayner bo‘lolmaydi.
Injener-konstruktor, deylik, mashinani loyihalashtirar ekan, dastlab uning motoridan tortib,
kuzovigacha bo‘lgan qismlari loyihasini chizadi va shundan keyingina ularni bir-biri bilan
bog‘lab yaxlit mashina shakliga keltiradi. Natijada har bir qism alohida «o‘z hayotiga» ega
bo‘ladi. YA’ni, mashina zamonaviylashtirilganida (modernizatsiya qilinganida) muayyan
detallarni so‘nggi loyiha asosida, alohida-alohida almashtirish jarayoni ro‘y beradi. Dizaynchi-
injener esa, mashinani go‘zallik va ulug‘vorlik qonuniyatlariga asoslanib, birdaniga muayyan
yaxlitlik tarzida tasavvur qiladi. Bu yaxlitlik konstruksiyaga bo‘ysunsa-da, o‘zini badiiy ijod
sifatida namoyon etadi. SHunday qilib, konstruktor-injener mazmunni, dizaynchi-injener shaklni
yaratadi, ya’ni birinchi mutaxassis – texnik, ikkinchisi – estetik. Ikkala faoliyatning uyg‘unligi
tufayli zamonaviy xaridor talabiga javob beradigan mashina vujudga keladi va unda, istaymizmi-
istamaymizmi, estetik ko‘rinish yaxlitlik sifatida ustuvorlikka, xaridorgirlik ahamiyatiga ega
bo‘ladi. Zotan, eslaylik, Shiller aytganidek, shakl insonga butunisicha, mazmun – uning
muayyan qismigagina ta’sir ko‘rsatadi. Xaridor esa, eng avvalo inson.
Biroq, bu – dizaynda hamma narsa shakl bilan bog‘liq ekan, degani emas. Unda ham
san’atdagidek shakl va mazmun uyg‘unligi asosiy omil hisoblanadi. Bunday uyg‘unlikka
birdan erishish qiyin, u bir necha texnikaviy bosqichlarning hosilasi sifatida vujudga keladi.
Masalan, «Zinger» rusumli tikuv dastgohi XX asr davomida rivojlanib, dastlabki qo‘pol
ko‘rinishidan «xohlasang ham, xohlamasang ham ishlaging keladigan» darajada go‘zallashib,
noziklashib, insonni o‘zida ishlashga chaqirib turadigan mashinaga aylandi. Yoki o‘zimizdagi
«Daewoo» korporatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan «Matiz» avtomobiliga e’tibor
qiling. U dizayn nuqtai nazaridan o‘zidan avvalgi kichik mashinalardan, xususan, «Tiko»dan
keskin farqlanadi. Uning yo‘lda engil borishi kishida xuddi suzib ketayotgandek tassurot
uyg‘otadi, asosiy chiroqlari (faralari) ana shu taassurotingizga mos: ulkan baliqning ko‘zlariga
o‘xshaydi, oldindagi pastki ikki chiroq esa, sizga bodomqovoq – SHarq go‘zallariga yarashib
turadigan qiyiq ko‘zlarni eslatadi. Bunda avtomobilning tashqi ko‘rinishi bilan mohiyati
nihoyatda muvaffaqiyatli moslashtirilgan: «Matiz» – baliqdek silliq olg‘a intiladigan, «epchil»,
go‘zal, SHarqda ishlangan, sharqona mashina.
Qisqasi, bugungi kunda biz dizayn tufayli atrofimizdagi texnikaviy olamni odamiylashtirib,
o‘zimizga, estetik didimizga moslashtirib borishga erishdik va erishmoqdamiz; hozir
qalamimizdan tortib, kompyuterimizgacha, mashinamizdan tortib, ko‘ylagimizgacha – hammasi
bizni har jihatdan qoniqtirishga qaratilgan. Dizaynning tub ildizi, mohiyat nuqtai nazaridan,
ko‘rgazmali amaliy san’atga (xalq amaliy san’atiga) borib taqaladi: u ham, bu ham foydalilik,
manfaatlilik xususiyatiga ega, ya’ni ular maqsadga muvofiqlikka emas, maqsadga xizmat qiladi.
Lekin xalq amaliy san’atiga asos bo‘lgan hunar, aytib o‘tganimizdek, san’atga aylanishi
mumkin, dizayn esa, – dizaynligicha qoladi. Sababi shuki, hunarmand-usta har bir ashyoga,
deylik, uzukka, qumg‘onga, xontaxtaga yoki naqshin qutichaga o‘z dunyosini, xaridorga mos
ruhni singdiradi, ya’ni hunarmand-usta yasagan o‘nta mis laganda ustaning o‘n xil ruhiy holatini,
kechinmalarini ilg‘ash mumkin. Dizaynda esa, o‘n minglab yoki yuz minglab ashyolarga
zamonaviy texnika vositasida dizaynchi-injenerning bir galgi ruhiy dunyosi singdiriladi.
Ke yi nroq ular modernizatsiya qilinishi mumkin, lekin unda ham yana bir xillik avvalgisidan
boshqacharoq namoyon bo‘ladi, usta esa, doimo yangi narsa yasaydi va mana shu yangilik rang-
baranglik, individuallik hunar mahsulini san’at darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi. Bundan
tashqari hunarmand har bir tovarni butunisicha badiiy-ashyoviy yaxlitlik sifatida olib qaraydi va
ishlab chiqaradi. YA’ni unda mazmun ham shakl ham bir ruhiy dunyo va «bir qo‘lning»
mehnati. Dizaynda esa, ashyolar «turli qo‘l» ishlagan qismlarni bir mutaxassisning –
dizaynerning yaxlitlashtirishi natijasida o‘zini butunisicha namoyon qiladi. SHu sababli,
hunarmandning mahsuloti – san’at, dizaynerning ishi nosan’at estetik faoliyat hisoblanadi.
SHunga qaramay, dizayn va dizaynerning ijodiy mehnati Er yuzida tobora ko‘payib borayotgan
inson zotining zamonaviy iqtisodiy-maishiy hamda estetik ehtiyojini, ma’naviy talablarini
qondirishi bilan muhim hamda e’tiborga loyiq. Texnika estetikasi esa, dizayn nazariyasi sifatida
estetikaning o‘ziga xos turi, usiz bugungi estetika fanini to‘liq tasavvur qilib bo‘lmaydi.
San’at – estetik faoliyatning o‘ziga xos turi, sehrli ma’naviy ko‘zgu. Sehri shundaki, san’at
asarini idrok etayotgan odam unda ham shu asarni yaratgan inson dunyosini, ham o‘z dunyosini
qadriyatlar prizmasi orqali ko‘radi; o‘zining qandayligini va qaerdaligini, yutuqlarini va
nuqsonlarini, aqlini va hissiyotlarini aniqlashtirib oladi. Uning estetik mohiyati makon va
zamondagi voqelik vositasida go‘zallik, ulug‘vorlik, fojeaviylik, kulgililik, xunuklik, tubanlik
v.b. estetik xususiyatlarni in’ikos ettirishi hamda ularni baholashi bilan belgilanadi. San’at
qadriyatlarning qadrlanishini va qadrsizlangan qadriyatlarni ko‘rsatib beradi, bir odam yoki bir
necha odam timsolida odam bilan olamning yaxlit, umumlashgan qiyofasini yaratadi, ularning
uyg‘unligini ta’minlaydi. U kishini yashashga o‘rgatadi, go‘zallikka da’vat etadi, ma’naviy
yuksaltiradi. SHu sababli insoniyat tarixida san’atsiz yashab o‘tilgan birorta ham davr yo‘q.
Faylasuf-nafosatshunoslar o‘rtasida san’atning kelib chiqishi muhim muammolardan bo‘lib
kelgan. San’atning kelib chiqishi deganda ko‘pchilik g‘orlarning tosh davrlariga ibtidoiy
davrlarda chizilgan ov manzalari va ov hayvonlarining tasvirini nazarda tutadi. Vaholanki gap bu
erda san’atning qanday paydo bo‘lganligi emas, balki nimadan paydo bo‘lganligi to‘g‘risida
borishi kerak. Ba’zilar uni taqliddan, bosh: erotik hissiyotlardan, kimlardir o‘yindan, kimdir
mehnatdan kelib chiqqan deb hisoblaydilar. Bunday nazariyalar va konsepsiyalar anchagina,
lekin ular orasidagi ikkitasining tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ulardan biri – insonni
hayvonlik darajasidan odamlik pog‘onasiga ko‘targan narsa mehnat, san’at ham mehnatdan,
insonning olamni o‘zgartirishga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan, san’at faqat ijtimoiy hodisa
degan moddiyatchilar ilgari surgan qarash. Ikkinchisi – san’at insonga berilgan ilohiy zavqning,
ma’naviy olamning o‘yin orqali namoyon bo‘lishi, degan ma’naviyatchilar nazariyasi. Biz ana
shu ikkinchi qarash tarafdorimiz. Buning sababi shuki, mehnat, qanchalik qadrlamaylik,
qanchalik sharaflamaylik, u – majburiyat bilan bog‘liq, maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy hodisa,
o‘yin esa har qanday majburiyatdan yiroq, maqsadga muvofiqlik bilan shartlanadigan individual-
ijtimoiy hodisa. Demak, mehnat –zaruriyat, o‘yin – erkinlik. Inson mohiyatan erkin va erkinlikka
intilib yashaydigan mavjudot sifatida o‘z erkinligini eng avvalo o‘yinda namoyon qiladi.
O‘yinsiz insonning yashashi mumkin emas, usiz inson hayoti jahannam. Bu o‘rinda yana bir bor
SHillerning mashhur fikrini keltirish o‘rinli: «Inson faqat tom ma’noda inson bo‘lgandagina
o‘ynaydi va o‘ynayotgan paytdagina to‘liq insonga aylanadi.
O‘yin nazariyasining XX asrda eng yirik namoyandasi niderlandlik faylasuf –
nafosatshunos YOxon Huyzinga o‘zining «Homo ludens» (O‘ynayotgan odam) asarida o‘yin
umumbashariy madaniyat vujudga kelishining va taraqqiy topishining sharti degan g‘oyani ilgari
suradi. SHopenhauer uchun «ixtiyor atamasi qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, Huyzinga uchun
«o‘yin» tushunchasi shunday qamrovli, o‘yin hayvonot olamida ham, insoniyat jamiyatida ham
ibtidolar ibtidosi: «Huquq, go‘zallik, haqiqat, ezgulik, ruh, Xudo singari deyarli barcha mavhum
tushunchalarni inkor etish mumkin, - deb yozadi faylasuf. – Jiddiylikni inkor etsa bo‘ladi.
O‘yinni esa – yo‘q». Boshqa bir o‘rinda to‘g‘ridan-to‘g‘ri «o‘yin erkindir, o‘yin erkinlikdir»,
degan fikrini bildiradi.
SHuni aytish kerakki, hayvonot olamidagi o‘yinning insoniyat jamiyatidagi o‘yindan farqi
bor. Insonning o‘yini esa, ma’naviy hodisa, to‘g‘rirog‘i, ijtimoiylashgan ma’naviyat, u eng
avvalo estetik ehtiyojni qondirishga qaratilgan.O‘yinning inson hayotidagi barcha sohalarda
ishtirok etishini, uning rang-barangligi, qamrovligi, universalligini va erkinlik bilan bog‘liqligini
o‘zbek tilidagi «o‘yini o‘zagidan yasalgan so‘zlarining ko‘pma’noliligida, ham ko‘rishimiz
mumkin. SHu o‘zakdan yasalgan so‘z va iboralardan bir nechasini keltiramiz: shaxmat o‘yini;
so‘z o‘yini; «siyosatchining» o‘yini, aktyor o‘yini; «o‘rtaga, chiqib o‘ynab ketdi», «yuragi
o‘ynab ketdi», «ko‘zi o‘ynab ketdi»; «dorbozlar yaxshi o‘yin ko‘rsatadi»; «Salim kechagi to‘yda
toza o‘yin ko‘rsatdi». v.h.
Ma’lumki, hech qanday o‘yin jarayoni bir kishi ishtirokida ma’noga ega bo‘lmaydi, u o‘yin
emas. O‘yinning, o‘yin bo‘lishi uchun kamida ikki odam kerak. CHunki unda inson o‘zini, biror
bir sohadagi mahoratini boshqalarga ko‘rsatadi, o‘z imkoniyatlarini o‘zgalarga namoyish etadi.
Demak, o‘yin-jamoaviylik bilan o‘yin; bir o‘zi uchun o‘ynagan odam esa, odatda aqldan ozgan
hisoblanadi. San’at ham shunday: u yo o‘quvchiga, yo tinglovchiga, yo tomoshabinga
mo‘ljallangan bo‘ladi, bu – san’atning yashash sharti.
O‘yin beg‘arazlikni talab qiladi, g‘arazli manfaat aralashdimi, demak, o‘yin – yo‘qqa
chiqadi, hatto, yuzaki qaraganda, maqsadga yo‘naltirilgan sport o‘yinlarida ham muhimi hisob
emas, o‘yin ko‘rsatish. Masalan, «Paxtakor» yutqazsa ham, lekin yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, yigitlar
baraka topishsin!» yoki «Hisob 3 : 1 bo‘lgani bilan, afsuski, o‘yin yaxshi bo‘lmadi», degan
tomoshabinlarning gaplariga e’tibor qiling. Unda o‘yindagi hisobdan emas, o‘yinning
o‘yinligidan qoniqish hosil qilish, ya’ni manfaat emas, beg‘arazlik birinchi o‘rinda turganini
ko‘ramiz.
Bundan tashqari, o‘yinning inson uchun yana bir zaruriy jihati, unda odam real hayotda
topolmagan narsasini topadi, bir muddat bo‘lsa-da tasavvurdagi o‘zi uchun o‘ylab topgan yangi
reallikdagidan go‘zalroq, ulug‘vorroq hayotda yashaydi. Ana shunday o‘yin – badiiy asarning
shaklida ham, mazmunida ham erkin va beg‘araz ifoda topadi. Ijodkor o‘yin qoidalariga – badiiy
asar talablariga bo‘ysunishi shart, uning biror-bir narsani me’yoridan ortiq asar hujayrasiga
tiqishtirishi o‘yinni – asarni buzadi. SHunday qilib, san’at o‘yinning ijtimoiylashgan shakli –
tasavvur o‘yini, tafakkur o‘yini, so‘z o‘yini, rang o‘yini, ohang o‘yini va tavush o‘yini.
Unda insonning barcha a’zolari yagona hissiy-intellektual yaxlitlik sifatida o‘ynaydi.
Mehnat san’atning estetik faoliyat ekani bilan bog‘liq, ya’ni o‘yinga tayyorgarlik va uni amalga
oshirish jarayoni mehnatni, ijodiy mehnatni taqozo etadi, u iste’dod bilan yonma-yon faoliyat
ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |