www.ziyouz.com
кутубхонаси
63
xunari ham yo‘q; yolg‘iz odam - odam qatorida sanalmaydi ham. So‘qqabosh odam orzusiga yetolmaydi;
axir, bir qoidan ovoz chiqqanini kim eshitgan?!
Yorsiz kishilarning ohlari g‘am bilan qoplangan. O‘tun ham bir dona bo‘lsa, yonmay tutagani
tutagan. Toq odamning maishat uyi ham, bilki, doim qiyshaygan; axir, bitta ustun butun uyni qachon
ko‘tarib tura olgan? Burgutning egnidagi bir qanoti sinsa, qancha tez uchsa ham, bir dam ucha oladi,
xolos. Nard taxtasining tosida to‘piq-suyak bitta bo‘lsa, o‘yinchi o‘yin boshlay olmaydi. Tosh bilan
chaqmoqtosh bir-biriga urilmasa, bir-biridan uzoq tutilsa, ularning orasidagi masofa - firoq ularning
ikkalasini ham qorong‘ida tutadi. Ular bir-biri bilan bir lahza ko‘rishsa ham, ulardan chiqqan o‘tdan
butun olam ravshan bo‘ladi. Qalamning ikkiga bo‘lingan uchidan bir tomoni sinsa ham, kotib xat yoza
olmay qoladi. Yo bo‘lmasa, jayron bir o‘zi tinch bir joyni ko‘zlab ketayotgan bo‘lsa, kamonkash ovchi,
bilki, uning payiga tushadi. Dur aybdan qancha uzoq (yagona) bo‘lsa ham, lekin yonida la’l ham bo‘lsa
yomon bo‘lmaydi. Kimki gadoy bo‘lsa, yonida bitta yori bo‘lsa, u dunyoga shoh bo‘lishdan or qiladi.
Lekin shoh bo‘lsayu, yonida yoru hamdami bo‘lmasa, uning ichidagi dard yuki og‘ir bo‘ladi. Birov
birovga hamnafas bo‘lib, do‘stlik qilsa, kishi har qancha g‘amni ham yengil o‘tkazadi. Yor shunday
bebaho bir gavharki, unga shoh ham muhtoj, gado ham.
Lekin bu sifatlari yozib o‘tilgan yor, afsuski, bu davrda yo‘q. Bo‘lsa ham, uni topish oson emas;
xususan, odamzod orasidan topish imkoni yo‘q. Malaklar to‘dasida bo‘lishi mumkin. Lekin ularni qo‘lga
kiritish uchun osmonga ko‘tarilish ham qiyin-da. Parilar ham bu sifatdan xalosdirlar; chin inson bo‘lishni
parilar qayoqdan bilsin! Agar senga bu so‘z qorong‘i bo‘lsa, ayt-chi, qaysi bir pari chehrada vafo
ko‘rding? Uni topish garchi qiyin bo‘lsa ham, odamlar orasida bor bo‘lishi mumkinmi? U yorning vasli
kimgaki nasib bo‘lsa, uning sha’niga «Qur’on»da «g‘alaba yaqindir» oyati yozilgan.
Kimki o‘zining bir yori bilan ko‘ngli shod ekan, malaklar to‘dasi unga: «Ko‘z tegmasin!» deydi. O‘z
yorining vaslidan kimki bahramand ekan, kuygan jonim uning boshiga isiriq bo‘lsin!
Kimki vafo ko‘rib, bunga javoban jafo qilmagan bo‘lsa, uning oldida vafodan boshqa ish qilmagan
bo‘lsa, ey sabo, jonimni men senga topshirayin: sen ibo qilmay, uning oldiga olib bor. Quyun bo‘l,
boshidan aylanib-o‘rgil, mening jonim esa qo‘yningda xasday bo‘lib, mendan unga arzi duo yetkazgach,
jonimni uning yo‘lida fido qil! Uning chamanidan bir dona barg olib kel, demayman. Uning yo‘lining
changidan ko‘zimga olib kelib surt. Agar senda uning xizmatida qolishga kuch topilsa, mening ahvolim
haqida arz qilib bo‘lganingdan so‘ng, avval oyog‘iga yiqilib, past bo‘l, yo‘lida tuprog‘ bilan barobar
bo‘l. Tong nasimi kabi xomush bo‘lma; kechki shamol kabi qichqiriq
«Ey boshdan-oyoq pok ruh odam, butun sening jisming o‘zi ruhki, «ruhim senga fido bo‘lsin!»
Sening visolingni qancha orzu qilib, intizor bo‘lay? Firoqingga yana qancha giriftor bo‘lishim kerak?
Bag‘rim balo tog‘ining lolasi bo‘lib, ko‘zimdan har tomonga laxta-laxta qon oqmoqda. Hajring tufayli
jonim dardmand bo‘lib qoldi; ajal tomirlari unga qayishdek chirmashgan. Seni istab shuncha ko‘p
qadamlar bosdimki, izlay-izlay oyog‘imdan ajraldim. Seni tilab, har qancha azob bo‘lsa tortdim; visoling
ganjini tilab, dardu ranjdan boshqa narsaga ega bo‘lmadim. Maysani qidirdim, lekin menga tikonlar
sanchildi; la’l dedim, lekin cho‘g‘larda kuyib o‘rtandim. Lola istab, ko‘ksimda dog‘lar ko‘rdim; gul
qidirib, ko‘nglumdan tikonlar topdim. Kimdan men jonimni ayamagan bo‘lsam, u menga imkoni boricha
javrini ayamadi. Kimning oyog‘iga bosh qo‘ygan bo‘lsam, boshimga toshni do‘ldek yog‘dirdi. Ey voh,
yuzta toshning orasida qolgan yolg‘iz boshim! Charx mening boshimni yuzta deb o‘ylabdi. Xuddi shu
nafasda rahm etib, boshimga yetib kelsang-chi. Men o‘lib ketgandan so‘ng kelishingdan nima foyda?!»
Mening bu istagimni qabul qilib, u quyosh mendek xarob bir odam tomon yura boshlasa, joyingda
turib qolmasdan darxol oldimga kel, men uchun bu xabarni Xizr hayoti haqidagi xabar bilan teng deb
bil. Uni kutib olishga chiqib, yuz bor afg‘on qilay, fig‘on emas, balki jonimni unga fido etay! U jononaga
Алишер Навоий. Ҳайратул-аброр (насрий баёни)
Do'stlaringiz bilan baham: |