TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
ILMIY AXBOROTLARI 2020/5
Pragmatik nuqtayi nazardan til inson faoliyatini amalga oshirish quroli sifatida
o‘rganiladi. Ma’lum bir axborotni uzatish vositasi bo‘lgani holda til muloqot chog‘idagi
kommunikantlarga ta’sir o‘tkazadi. Bunda til inson faoliyatida uning xatti-harakatlarini
ma’lum darajada tartibga soluvchi belgili vositalar tizimi sifatida qaraladi.
Axborotning pragmatik xususiyati uning qiymati bilan belgilanadi. Har qanday
axborotning qiymati, ya’ni uning pragmatik darajasi axborotning qo‘yilgan maqsadni
qanchalik amalga oshira olgani bilan bog‘liq. Chunki muloqot konkret kommunikativ maqsad
(intensiya) bilan bevosita bog‘liq. Bu mana shunday talablarga javob beruvchi til vositalarini
tanlashda maxsus strategiyani talab qiladi.
Inson o‘z oldiga qo‘ygan barcha vazifalarni til yordamida muloqot qilish orqali hal qiladi,
yoqimli muloqot qila bilish esa qadim zamonlardan san’at hisoblanadi. Hayotda duch
kelinadigan muammolarni hal qilish ko‘proq ularni muhokama qilish, boshqalarga
tushuntirib bera olish bilan chambarchas bog‘liq. Buning uchun esa til bilish zarur.
Tilni mukammal o‘rganish juda oson ishdek tuyuladi, go‘yoki til voqea-hodisalarni idrok
etish jarayonida o‘z-o‘zidan o‘rganib qolinadigandek. Shu sababli bo‘lsa kerak, ko‘pchilik ona
tilida muloqot yuritish qobiliyatini rivojlantirishga ahamiyat bermaydi. Lekin turli
vaziyatlarda kishilar bu ishni amalga oshirishga ojiz ekanliklarini sezdirib qo‘yadilar. Masalan,
turli marosim va yig‘ilishlarda so‘zga chiquvchilar ko‘pincha cho‘chib, ikkilanib turadilar, men
emas, balki falonchi so‘zlasa yaxshiroq bo‘larmidi, degan fikrni bildiradilar. Bunday holat
bolalarda ham seziladi. Ularga ish buyurilganda, topshiriq muloqot bilan bog‘liq bo‘lgan
hollarda «Men qanday qilib aytaman?», «Nima deyman?» — deb so‘raydilar. Kattalar ham,
bolalar ham muloqot bilan aloqador bo‘lmagan ishlarni bajarishni afzal ko‘radilar. Sababi,
muloqot aqliy, ruhiy va boshqa bir qator qiyinchiliklarga boy bo‘lgan murakkab jarayonligidir.
Chunki muloqot jarayonida kishining tilni qay darajada bilishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Afsuski, shunday mas’uliyatli vazifa – kommunikativ layoqatni boshqalarga taqlid qilish
yo‘li bilan egallash odat tusini olgan. Ta’lim muassasalarida, asosan, muloqot vositasi
hisoblanmish til materialiga e’tibor qaratiladi. Vaholanki, nutq madaniyatini rivojlantirish va
muloqot qobiliyatini yuksaltirish alohida ahamiyatga ega. Chunki, shaxsning nutqiga qarab
uning umumiy madaniyati, o‘qimishliligi, ishbilarmonlik darajasi va qator boshqa
xususiyatlariga baho berish mumkin. Ruhshunoslarning ta’kidlashlaricha, muloqotning
to‘g‘ri va unumli yuritilishi ishlab chiqarish unumini 20 foizgacha orttirar ekan.
Tilni to‘la egallash, o‘z navbatida, mashaqqatli va cheksiz jarayondir. Bu ishga astoydil
bel bog‘lagan inson tilda o‘zi o‘rganishi va o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan so‘z, ibora va nutq
vositalarining o‘rni beqiyos ekanligini his etib boradi. Shu o‘rinda chinakam til sohibi bo‘lish
uchun nimalarga e’tibor qaratilmog‘i lozim, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Dunyo rang-barang,
ko‘p qirrali va sermazmun bo‘lgani kabi tilning qirralari ham turlicha namoyon bo‘ladi.
Kishilarning so‘z boyligiga, chiroyli iboralar va o‘xshatishlardan foydalanishiga qarab ham
qanday til sohibi ekanligini baholash mumkin.
Ba’zi kishilar yozma nutq ustasi bo‘lsalar, boshqalar og‘zaki nutqni afzal ko‘radilar.
Shundan kelib chiqqan holda, til o‘rganuvchilarga maslahat sifatida ular bosib o‘tishi lozim
bo‘lgan bosqichlarni sanab o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: