www.ziyouz.com kutubxonasi
117
mulozim bo‘lgan, axiri mirzolardan aynib, Shayboniyxon tomoniga qochib o‘tgan edi. U
Sulton Ali mirzoning harbiy sirlarini Shayboniyxonga aytib berib, Buxoro va Dabusiya
qal’asining olinishiga ko‘maklashgani uchun xon uni yoqtirib qolgan edi. Ammo
Qambarbiy ichida uni: «Xiyonat yo‘li bilan obro‘ orttirgan beqaror turk!» deb yomon
ko‘rar edi.
Muhammad Solih Qambarbiyning bu nafratini o‘ziga olgisi kelmay, gapni hazilga burdi:
— Janob Qambarbiy, men hozir — o‘zbek turkidanmen!
— Quvlik qilmang, o‘zbek boshqa, turk boshqa!
— Lekin o‘zbekda «ota yurtim Turkiston» degan naql borku, bunisiga ne deysiz?
— Voy-bo‘y, — dedi Ko‘pakbiy, — manav shoiring bizning Turkistonni ham turklarga
berib jubormoqchi-g‘u!
Dashti Qipchoqdan chiqqan omi Ko‘pakbiy Turkistonday madaniy shaharni o‘ziniki qilib
gapirganidan Muhammad Solihning kulgisi keldi:
— Janob Ko‘pakbiy, siz avval Turkiston degan so‘zning ma’nosini tushuning! Turkiston —
turklar makoni degani-ku!
— Ne demoqchisan? Biz Rum* turkidan tarqag‘anmizmi?
— Aksincha, Rum turklari ham Turkistonni «ota yurtim» derlar. Ular bilan bizning
ildizimiz bir. Samarqand qo‘rg‘onidan berida turgan hu ana u tepalarga bir qarang. Ana
o‘sha yerda bundan ming yil avval Afrosiyob degan ulkan shahar bo‘lgan. Afrosiyob esa
Movarounnahr turklarining afsonaviy qahramoni edi. «Uning asli oti Alp Er To‘ng‘a
bo‘lgan» deb, «Qutadg‘u bilik»da Yusuf Xos Hojib yozmishdir.
— Bu shoir o‘zbekning nonini yeb, nuqul turkni maqtaydi-ya!
— Janob Qambarbiy, o‘zbek, qozoq, turkman, qirg‘iz— barchasi ham turkiy uluslardir.
Bir otaning bolalaridek yerimiz bir, tariximiz bir. Sizlar o‘zbek urug‘larining tarixini
O‘zbekxon* boshlaysizlar. Bu to‘g‘ri emas.
— Nega to‘g‘ri bo‘lmas ekan? — o‘shqirdi Ko‘pakbiy,— O‘zbekxondan tarqalgan
emasmizma?
— Janob Ko‘pakbiy, sizning qipchoq urug‘ingiz O‘zbekxondan ming yil oldin mashhur
bo‘lgan. Qo‘ng‘irot urug‘ining tarixi ham olti-etti asrga boradi. Mang‘it, nayman,
do‘rmon, qushchi urug‘lari ham qadimdan beri bor. Bu urug‘lar hammasi hozir
onhazratim Shayboniyxon qo‘l ostiga birlashib «o‘zbek ulusi» degan umumiy nom olgan
ekan, sizlar bu ulusning tarixini esdan chiqarmanglar. O‘zbek degan ism turkiy xalqlarda
O‘zbekxondan necha yuz yil oldin ham mavjud bo‘lgan. Men Xorazmda o‘smishmen.
Qadimiy kitoblardan o‘qidimkim, Chingizxondan oldin shoh bo‘lgan Xorazmshoh
Muhammad o‘z o‘g‘illaridan biriga O‘zbek deb nom qo‘ymishdir. Shundan ma’lumki, bu
nom yurtimizda Chingizxon kelmasidan oldin ham mo‘’tabar bo‘lgan. O‘zbek nomini
bizning ulusimiz O‘zbekxondan olgan emas. Aksincha, bu qadimiy nomni O‘zbekxon
bizning turkiy uluslardan olmishdir!
— Yana turkiy deydi-ya! Xon hazratlarining bobokalonlari ulug‘ Chingizxon turk
bo‘lmag‘an-ku!
Qambarbiy qaltis mavzuda gap ochganini sezib, hamma jim bo‘lib qoldi. Chunki
Chingizxonning g‘ayridin bo‘lganini, Buxoroning jome’ masjidiga ot minib kirganini
Turonning ko‘pchilik aholisi bilardi. Shayboniyxon bu aholini cho‘chitmaslik uchun
Chingizxon naslidan ekanini oshkor qilmasdan dil tubida saqlardi. Ammo xonning turkiy
tilli musulmon ekanligi, islom bayroqdori bo‘lib maydonga chiqqanligi katta bir siyosat
shaklida ochiqchasiga targ‘ib qilinardi. Muhammad Solih ham ana shu siyosatga mos
keladigan so‘zlarni izlab topdi:
— Janob Qambarbiy, Shayboniyxonning bobolari Abulxayrxon, otalari Shohbudoq Sulton
islom dinidan bahramand bo‘lishib, xoqoni a’zam Chingizxondan ham balandroq
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |