5- Punktuatsiya haqida tushuncha
Ma’lumki, punktuatsiya tinish belgilarining ishlatilishi haqidagi qoidalar
yig‘indisidir. „Punktuatsiya ham yozuv kabi kishilar orasidagi aloqaning muhim
vositalaridan biri sanaladi“. Boshlang‘ich sinflarda to‘rtta tinish belgisi: gap
oxirida nuqta, so‘roq, undov belgisi hamda uyushiq bo‘lakli, undalmali gaplarda
vergulning ishlatilishi haqidagi qoidalar o‘rgatiladi. Boshlang‘ich sinflarda
o‘rgatiladigan tinish bclgilari kam bo‘lishiga qaramay, o‘qituvchi har bir sinfda
tinish belgilari ustida muntazam ish olib borishi zarur.
Kichik yoshdagi o‘quvchilarni tinish belgilari bilan tanishtirishda o‘qituvchi,
avvalo, ularning yozma nutqda ishlatilishi va o‘rnini ko‘rsatadi. Tinish belgisi
fikrni to‘g‘ri, boshqalarga tushunarli qilib ifodalash uchun muhim ekanini
tushuntiradi. Masalan, nuqtaning roli bilan elementar tarzda tanishtirish uchun
gaplarga ajratilmagan (tinish belgilari qo‘yilmagan) yaxlit matn o‘qitiladi;
o‘quvchilar bunday matnni o‘qish va mazmuniga tushunish qiyin ekanligiga
ishonch hosil qiladilar.
Punktuatsiya semantik, sintaktik va intonatsion qoidaga asoslanadi. Bu uch
asos bir-biriga o‘zaro ta’sir qiladi. Xat yozuvchi tinish belgisini qo‘yishda, avvalo,
bayon etadigan fikrining mazmuniga asoslanadi. Nutqning mazmun tomoni
gapning qurilishiga ham ta’sir qiladi. Shuning uchun o‘quvchilarga tinish
belgilarining qo‘llanilishini o‘rgatishda biror gapda tinish belgilarini qo‘llashni
belgilaydigan semantik-sintaktik tamoyilga asoslaniladi.
6-Kichik yoshdagi o‘quvchilarni punktuatsiya bilan tanishtirish
yo‘llari:
1-sinf o‘quvchilari savod o‘rgatish davridayoq nuqta, so‘roq va undov
belgilari bilan amaliy tanishtiriladi. Bolalar „Alifbe" o‘qimasalar ham, rasmga
qarab gap tuzadilar.
O‘qituvchi ularga talaffuzda bir gap boshqasidan to‘xtam (pauza) bilan
ajratilishini, gapning oxirida ovoz pasayishini tushuntiradi. Bolalar, o‘qituvchi
topshirig‘iga ko‘ra, 3-5 gapli kichik matnni gaplarga ajratadilar va o‘rtasida
to‘xtam qilish hikoya mazmunini aniq tushunishga yordam berishiga ishonch
hosil qiladilar. Ular gapni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rgana boshlaydilar. Bu gap
oxiriga nuqta qo‘yilishi bilan tanishtirish uchun mazmuniy va intonatsion grafik
chizmadan foydalaniladi. Masalan, bolalar gap tuzadilar, undagi so‘zlarni
sanaydilar va o‘qituvchi rahbarligida chiziqcha bilan belgilaydilar.
O‘zbekiston bizning Vatanimiz(- - - ). Boshqa gap tuzib, uni ham
chiziqcha bilan belgilaydilar.
Biz uni sevamiz (- - - ).
O‘qituvchi uni og‘zaki izohlaydi. So‘roq va undov belgilari ham savod
o‘rgatish davrida tanishtiriladi. Bunda ovozning biroz ko‘tarib o‘qish zarurligi
tushuntiriladi. Undov belgisini qo‘yishda esa gapning his-hayajon ifodalashi va
alohida ohang bilan o‘qilishi izohlanadi.
II sinfda ,,Gap“ bo‘limi materiallarini o‘rganish paytida nuqta, so‘roq
belgisi va undov belgisini qo‘yish o‘quvchilarga atroflicha o‘rgatiladi.
IV sinfda ,,Gapning uyushiq bo‘laklari“ mavzusi o‘rganilganda vergul
qo‘yilishi sharhlanadi.
O‘quvchilar turli xil mashqlarni ishlash jarayonida chiziq, ikki nuqtaning
qo‘llanishi bilan ham amaliy tanishadilar. Masalan, olma,olcha, nok – meva.
Kitob – bilim bulog‘i, o‘quvchining o‘rtog‘i.
Dastur talabiga ko‘ra, boshlang‘ich sinflarda qo‘shma gap bilan ham
tanishtiriladi. Bunda sodda gap bilan qo‘shma gap o‘zaro taqqoslanadi. Ish
ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar. (Maqol.) Bahor keldi, ariqlarda suvlar
to‘lib oqa boshladi.
Shu bilan bir qatorda ammo, biroq, lekin, shuning uchun bog‘lovchilari
qatnashgan qo‘shma gaplarda vergulning qo‘yilishi ham tushuntiriladi.
Ona tili darslarini o‘qish darslari bilan boglash sintaksis va punktuatsiya
elementlari ustida ishlashning metodik shartlaridan biri hisoblanadi.
O‘quvchilar bu darslarda sintaksis sohasidagi bilimlariga asoslangan holda
ifodali o‘qish, so‘zni aniq ishlatish, o‘z fikrlarini grammatik to‘g‘ri
shakllantirishga o‘rganadilar. Shunday qilib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining
gap haqidagi elementar bilimlari og‘zaki va yozma nutqda gapdan ongli
foydalanishni ta’minlaydi. Xullas, o‘quvchilarga tinish belgilari haqidagi
qoidalarni mukammal o‘rgatish uchun sintaktik-punktuatsion tahlil, bayon va
insholarda tinish belgilarining qo‘llanishini sharhlash kabi mashqlardan
foydalaniladi.
Savol va topshiriqlar
1.Sintaksis nimahi o‘rganadi.
2. Boshlang‘ich sinflarda sintaksisni o‘rganishdagi lzchillikni tushuntiring
3.Gap, so‘z birikmasi, bosh bo‘laklar va ikkinchi darajali bo‘laklar mavzusini
o‘tishda qanday o‘yinlardan foydalaniladi.
4. Sintaksisni o‘rganishda o‘quvchilar o‘zlashtiradigan bilim, ko‘nikma va
malakalar nimalardan iborat ekanligini izohlang.
5.Punktuatsiya nimani o‘rgatadi?
6.Tinish belgilari boshlang‘ich ta’limda qachondan boshlab o‘rgatiladi?
7.4-sinfda qaysi mavzularni o‘qitishda tinish belgilaridan foydalaniladi?
Tavsiya etilayotgan adabiyotlar
1.
Qosimova K. va boshqalar. Ona tili o‘qitish metodikasi. (Boshlang‘ich
ta’lim talabalari uchun darslik). – T.: Noshir, 2009, 283-286-betlar.
2.
Shoabdurahmonov Sh. O‘zbek tilida punktuatsiya. – T.: O‘zFAN, 1951.
3.
Abdurahmonov G‘. Punktuatsiya o‘qitish metodikasi. – T.: O‘qituvchi,
1968, 6-bet.
4.
Nazarov K., Egamberdiyev B. O‘zbek tilida imlo-ishora qoidalari. – T.:
O‘qituvchi, 1996, 3-bet.
Do'stlaringiz bilan baham: |