www.ziyouz.com
кутубхонаси
111
yordamga yetib keldi. Shermuhammadbek bu janglarda ham anchagina talafot berdi. Qizillar ham katta
talafot ko‘rdilar. Ammo ularga yangi kuchlar kelib qo‘shilib turgani uchun bu talafot unchalik
bilinmadi. Janglar davom etib turgan bir paytda sovuq xabar yetib keldi: Anvar Posho qizillar bilan
jang asnosi shahid bo‘libdi. Unga yordam uchun ketayotgan Nurmuhammadbek Qorateginga yetganda
shu xabarni eshitib, to‘xtab qolibdi va zudlik bilan akasiga chopar orqali yetkazibdi.
Farg‘onadagi ahvol tang bo‘lib qolgan vaqtda Shermuhammadbek o‘zi ham Anvar Posho bilan
yelkama-elka jang qilish uchun Sharqiy Buxoroga ketish, sharoitga qarab, kelgusi bahorda yana
Farg‘onaga qaytish, iloji bo‘lsa, Poshoni ham o‘zi bilan olib kelish niyatida yurgan edi.
Shermuhammadbek boshida bu xabarga ishonqiramadi, zero, oldin ham bunday xabarlar bir necha
marta kelgan va tasdiqlanmagan edi. Biroq Nurmuhammadbek Qorategin va Oloy chegarasida
Shermuhammadbek bilan uchrashib, xabar rost ekanligi dalillar bilan isbotlandi.
Hayhot! Endi nima qilish kerak? Barcha umidlar chil-chil bo‘ldi. Anvar Posho o‘z obro‘yi bilan
Sharqiy Buxoro, Farg‘ona, Xorazm, Zarafshon mujohidlarini bir bayroq ostida birlashtirish harakatida
yurgan edi. Qizillarning ayg‘oqchilari vositasida bir-biriga dushmanday bo‘lib turgan bu hududlar endi
qanday birlashadi? Sharqiy Buxoroda Shermuhammadbekni endi kim quchoq ochib kutib oladi? Endi
u tomonlarga borishning ma’nosi qoldimi? Biroq, hozir bu yerlardan ketmasa, qolgan yigitlarining
hayotiga zomin bo‘lishi turgan gap.
Shermuhammadbek o‘z xotiralarida Anvar Poshoning shahid ketishiga munosabatini shu tariqa
bayon etadi:
“... Poshoning orzusi ustiga ukam Nurmuhammadbekni ikki ming kishilik kuch bilan Sharqiy
Buxoroga yubordim. U yer bizga sakkiz kunlik masofada edi. Nurmuhammadbek Sharqiy Buxoroning
Laxshi qishlog‘idan yuborgan xabardan Anvar Poshoning shahid ketganini bilib oldik. Ishona
olmadim. Chunki bundan avval ham o‘n to‘rt marta shunday xabar kelgandi. Ammo Sharqiy Buxoro—
Farg‘ona chegarasida rostligiga ishondim. Achchiq Olma degan joyda xatmi Qur’on qilib, fotihalar
o‘qib, katta motam ichida xotirasiga hurmatan duolar etdik. Qayg‘u-hasratimiz yeru ko‘kka sig‘masdi.
Chunki bizning Bosh qo‘mondonimiz, umid nurimiz so‘ngandi. Baxtsizligimiz alami bilan kimni
qarg‘ashimizni, kimni quchoqlashimizni bilmasdik. Shu yerda qolganimiz sakkiz-to‘qqiz kun ichida
og‘zimizdan ovqat o‘tmaydigan bo‘ldi. Tole’siz, baxtsiz Turkistonning iztiroblari qachon tinar ekan,
yuzi qachon kular ekan, oqizgan qonlari qachon qurir ekan?!
Poshoning shahodat sharbatini ichishi haqidagi xabardan keyin mening dardu iztirobim juda katta
edi. Bir kun kelib mana shunday hol yuz berishi mumkinligi haqida ichimda bir qora tuyg‘u bor edi.
Poshomizga bir necha marta “Yo men yigitlar bilan sizning oldingizga boray, yo siz tashrif
buyursangiz”, deb xabar yuborgandim. Agar Posho Farg‘onaga kelganida bormi, uning dushman
qo‘liga tushishiga imkon bermasdik. Unga ba’zi birovlardan yomon muomala qilinishiga yo‘l
qo‘ymasdim. Fidoyi yigitlarim bilan uni muhofaza qilishga kuchim yetardi. Yozuv shunday ekan,
muyassar bo‘lmadi... Turkistonning ozodligi u bilan birga Baljuvonga ko‘mildi. Qasosini ololmadik.
Ko‘p orzu qilishimga qaramay, yuzlarini ko‘rish ham nasib etmadi. Alloh jalli jaloluhu nasib etmadi...”
Do'stlaringiz bilan baham: |