G‘oyaviy-siyosiy tarbiya
– insonning yashab turgan davlat siyosatiga hurmati, uni anglash va tan olishi
hamda unga so‘zsiz rioya etishi. Maxsus maktab va maktab-internatlarda imkoniyati cheklangan bolalarning
siyosiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki imkoniyati cheklangan bolalar
aksariyat hayotini muassasada o‘tkazishini inobatga olsak, ular mamlakatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar,
siyosiy voqealar va hokazolarni pedagoglar, muassasaning boshqa xodimlari va albatta, o‘z tengdoshlari
nuqtayi nazari bilan bog‘liq holda tushunishiga to‘g‘ri keladi.
Vatanparvarlik
– har bir tarbiyaning asosi bo‘lib, insonning o‘z Vatanini sevishi, uni qadrlashi, u uchun
fidoyilik qila olishi, u bilan faxrlanishi va faxrini ko‘rsata olishi. Bu so‘z bizning xalqimizda keng ma’no-
mazmunga ega so‘zdir. Chunki vatanparvar inson bo‘lish orqali har bir bola o‘zining xulq-atvori bilan,
o‘qishga mas’uliyati bilan, yaqinlari va o‘zgalarga iliq munosabati bilan, salomatligini qo‘llab-quvvatlashi
bilan iqtisodiyotimizni, mudofaamizni mustahkamlashga hissa qo‘shadi va barcha millat vakillarining
do‘stona munosabatini ta’minlashda ishtirok etadi.
Tolerantlik
tarbiyasi
– insonning boshqa millat va xalqlarga, o‘zga din vakillariga ijobiy munosabati.
Bizning respublikamiz o‘z mohiyati bilan baynalmilaldir. Shuning uchun yoshlarda baynalmilalchilik, xalqlar
do‘stligi hislarini tarbiyalab borish muhim ahamiyatga egadir.
Yoshlarni baynalmilalchilik ruhida tarbiyalash asosida boshqa millat va xalqlarga ijobiy munosabat va
do‘stona his-tuyg‘ular uyg‘otish, turli xalqlar hayotiga qiziqish hissini paydo qilish maqsadi yotadi.
Gender tarbiya
zamonaviy tarbiya yo‘nalishlaridandir. Uning O‘zbekistonda joriylanishi, asosan,
erkak va ayolning teng huquqligini ta’minlashga qaratilgan ishlar jarayonida amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har bir tarbiyaning o‘z o‘rni va ta’siri, shaxsda shakllanishi
lozim bo‘lgan mezonlari mavjuddir. Biroq tarbiya yo‘nalishlari o‘z holicha yakka holda shakllanmaydi,
ya’ni ular bir-biriga bog‘liq ravishda tarkib topadi. Aqliy tarbiya har bir tarbiyaning asosi, shaxsning bilimi
bo‘lsa, axloqiy tarbiya uning odobidir. Nafosat tarbiyasi aqliy tarbiya yoki axloqiy tarbiyasiz shaxs oldiga
o‘z talabini qo‘ya olmaydi. Chunki bilimi bor inson go‘zallikni anglaydi, yaratadi. Go‘zallik toza va musaffo
joyda yaratiladi (ekologik tarbiya), go‘zal narsani yaratish uchun qandaydir vosita zarur, vositaning manzili
va narxi bo‘ladi (iqtisodiy tarbiya), uni sotib olish jarayonida “xaridor va sotuvchilarning huquqlari to‘qnash
kelishi mumkin” tarzida inson hayotining turli jabhalarida barcha tarbiyaning mezonlariga birday ehtiyoj
tug‘ilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |