www.ziyouz.com kutubxonasi
29
Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida
haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib,
tozalab, tiklab qo‘ysa olam guliston bo‘ladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi
odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora bo‘lma», deganlar u uchun ojiz
maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qo‘ygan. Sobiq
boshliqni ham shular qatoriga qo‘shgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina
bo‘lsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini o‘ylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon
ko‘rgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring: siz
ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Ha, ha, yashirmay bo‘yningizga olavering. Barchani birday
yaxshi ko‘rish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon ko‘rasiz. Lekin o‘sha
odamni o‘ldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon ko‘rib yurganingiz
uchun, salomiga alik olmay qo‘yganingiz uchun o‘zingizni la’natlaysiz. Agarchi bu
fojiadan quvonsangiz, «o‘ldirib ketishgani yaxshi bo‘libdi», desangiz, u holda siz odam
emassiz. Shu o‘rinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qo‘polligim uchun ranjiysiz.
Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, o‘sha begunoh
jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulg‘agan bo‘laman.
Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar bo‘limiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning
tuyg‘usi qisman ma’lum. Sobiq boshlig‘ining gaplari u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan
chiqmaydi. Bu gaplarni so‘nggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi...
3
Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga
keldi. Temir to‘siqlardan o‘tib, tergov xonasiga kirdi. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng eshik
ochilib, soqchi ko‘rindi-da, mahbus olib kelinganini ma’lum qildi. So‘ng qo‘llarini orqasiga
qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi
zanjirband mahbuslarnikiday og‘ir edi. Ozg‘in, siyrak sochlari to‘zg‘igan bu odamning
dumaloq ko‘zlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uyg‘otuvchi iltijo
zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki og‘irlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga
mahkamlangan qattiq kursiga o‘tirib, boshini xam qildi.
Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib
turgach, cho‘ntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.
— Cheking.
Sharif indamay qo‘l uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi.
Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. So‘ng sigaretni
stol ustiga qo‘ydi.
— Uzr, chekmayman.
Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini o‘zi ham bilmadi.
Kayfi tarqagan bo‘lsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga
xayron, xayol uni turli ko‘chalarga haydardi. Berk ko‘chalarning biriga kirib, tentirab,
undan chiqardi-da, so‘ng yana boshqa berk ko‘chaga ro‘para bo‘lardi. Uning esida
qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qo‘limdan keladi!» deb
katta ketgani. Boshqon «osmon qo‘lingda bo‘lsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi
boshqon bilan yuz ko‘rmas bo‘ldim», deb o‘tirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib
keldi. Boshqon ishi bo‘lsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini ko‘rib
«gapim jonidan o‘tibdi-da», deb o‘yladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat
ilgari bo‘lib o‘tgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan o‘tganini men kechirdim,
mendan o‘tganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:
— Yuring, ketdik, — dedi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |