www.ziyouz.com kutubxonasi
36
chiqarishga mo‘ljallangan edi. Maishatxona, hatto hammom ham nazardan chetda
qolmadi.
Yuqorida xalqparvarlar majlisdan bo‘shamay tomoq yirtishadi. Pastda esa Asadbek o‘z
ishini yuritadi. Hammaning nazari yuqorida. Past bilan birovning ishi yo‘q. Videobarda
choy, qahva, sharbatdan bo‘lak ichimlik yo‘q. Ochilganidan beri biron marta ham xorij
filmini ko‘rsatmadi. Bisotida uch-to‘rt multfilm, eski hind filmlari, Sheralining,
G‘ulomning kontsertlari... Bu yerga kunda beshta odam kirsa kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Bular — kunduzning manzarasi.
Tunda videobar o‘zgacha manzara kasb etadi. Soat o‘n birlarga yaqin imorat oldida
ikkita militsioner paydo bo‘ladi. So‘ng oppoq «Volga»lar bir daqiqaga to‘xtab o‘tishadi.
Undan tushgan sipo odamlar atrofga alanglab olib, yerto‘laga sho‘ng‘ishadi. Majlislardan
xorigan xalqparvarlarning yetakchilari ko‘cha tomondan emas, ichkaridagi zinadan
tushib boradilar. Tun hukmi zaptiga olganida oq «Volga»lar yana birin-sirin paydo
bo‘ladiyu egalarini olib jo‘naydi. Shundan keyin militsionerlar ham g‘oyib bo‘lishadi.
Tongga yaqin usti berk yuk mashinasi idora orqasidagi darvozadan hovliga kiradi. Bo‘sh
shishalarni ortib jo‘naydi. Uning izidan «RAF» kelib to‘xtaydi. Biri biridan shirin qizlar
mashinaga ildam chiqib o‘tirishadi. Soatga qaragan kishi yuk mashinasining uch,
«RAF»ning bir daqiqada ish bitirib jo‘naganiga guvoh bo‘ladi.
Idorada qorovullik qiluvchi yosh, chapdast yigitlar barcha ishni vaqtida, aniq bajarilishini
ta’minlaydilar. Qayta qurish sharofati bilan barcha idoralardagi keksa xodimlar o‘rnini
iqtidorli yoshlar egallaganidek, pensiya puli tirikchiligiga yetmay, shu qorovullik
maoshiga ko‘z tikuvchi qariyalar tantana bilan kuzatilib, ular o‘rniga tog‘ni bexosdan
urib talqon qilib yubormasliklari uchun kamtarinroq ishni istagan yigitlarni olishdi. Bu
yigitlar idoraga kiruvchi har bir kimsaga salom berguchi, bag‘oyat odobli ham edilar.
Asadbek har uch yilda qarorgohini o‘zgartirardi. Dastlab guruhboshi bo‘lib ish
boshlaganida Eski Jo‘vadagi pastqam uyni ijaraga olgan edi. Vassajuft, qorasuvoq uyda
tuni bilan aroq ichib, chekib chiqilardi. Lekin ertasiga bu uyga kirgan odamning
dimog‘iga qo‘lansa hid urilmasdi. Shuning uchun ham Asadbek o‘sha dastlabki
qarorgohini ko‘proq yoqtirardi. Oradan yillar o‘tib, qarorgohlarini ko‘p o‘zgartirdi. Mana
bu yangisi xon saroyidek bezaldi. Lekin ko‘ngil qurg‘ur baribir o‘sha qorasuvoq uyni
qo‘msab qoladi.
2
Yangi yil kutish bahonasida tunni bedor o‘tkazgan shahar tongni ko‘zda uyqu bilan kutib
oldi. Kimdir tuni bilan televizor ko‘rib, kimdir ulfatlari bilan to‘yib ichib, kimdir jononlar
bilan to‘yib maishat qilib, endi hordiq chiqarar edi. Bunday bayramlar Asadbekning
odamlari uchun harom, u bayram kunlari yayrashni, maishat qilishni qat’iyan ta’qiqlaydi.
Uning nazarida aynan shunday kunda qopqonga tushib qolish mumkin. Odamlari bunga
ko‘nikib ketgan. Asadbek vaziyat va imkoniyatga qarab e’lon qilgan bayram kunlari
yayrab olishadi.
Yangi yilning birinchi kuni shahar uyqudan turmay, videobar eshiklarini ochdi. Boshqa
kunlardan farqli o‘laroq, bu tun videobar ishlamadi. Oq «Volga»lar ham to‘xtab o‘tmadi.
Videobar og‘asi, chaqchaygan ko‘zlaridan biron-bir ma’no uqish mushkul bo‘lgan, qalin
mo‘ylovi turtib chiqqan tumshug‘iga husn berish o‘rniga battar xunuklashtirgan barzangi
yigit xorijning qizil duxoba qoplangan yumshoq kursisiga yastanib olgan edi. U go‘yo
teleekrandagi multfilmni tomosha qilar, xayoli esa yon kursida o‘tirgan, bashang
kiyingan, ko‘zlarida sarosima suzayotgan odamda — vino zavodi boshqoni Qilich
Sulaymonovda edi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |