www.ziyouz.com kutubxonasi
27
o‘tiravering, ko‘rasiz» debdi. Xullas, mashina gadoy topmas ko‘chalardan yurib, shahar
tashqarisiga chiqibdi. Borib-borib yo‘l qamishzorga taqalibdi. Mashina egasi o‘tirib turing,
deb g‘oyib bo‘libdi. Haligi odam qo‘rqib, mashinadan tushibdi. Qamishzor oralab qarasa,
bir chuqurda allaqancha murdalar yotganmish. U «meni ham o‘ldirib tashlashar ekan-
da» deb o‘ylab, o‘liklarni surib, tagiga tushib yotaveribdi. Bir oz vaqt o‘tgach, besh-o‘nta
odam paydo bo‘lib, uni qidirishibdi. Keyin «bizni aldadingmi, hali» deb mashina egasini
do‘pposlashibdi. Tongga yaqin haligi odam o‘liklar orasidan chiqib qarasa, uzoqda bir
chiroq miltillab turganmish. Borib qarasa, bir qozoq cho‘ponning uyi ekan. Qozoq uni
uyiga olib kirib, yuvintirib, o‘zining toza kiyimlarini beribdi. Gapning qisqasi, o‘sha
odamlar Asadbekka tegishli ekan. Shu vahima gaplar kuchaya borgach, tekshirib ko‘rish
Zohidga topshirildi. U bir hafta urinib, chuvalangan ipning uchini, o‘sha odamni topdi. U
odam o‘n yetti yildan beri ruhiy xastaliklar shifoxonasida ro‘yxatda turarkan. Zohid bir
qarasa, uning gapi bama’ni, bir qarasa, g‘alati edi. U qo‘shnisini ko‘rsatdi. Qo‘shni
ajablandi. Ustiga-ustak uning mashinasi yo‘q. Haligi odam qamishzorni ko‘rsataman,
dedi. Zohid ko‘ndi. Qadimda «Xotinko‘prik» deb atalgan joyga boshlab bordi. Qamishzor
yo‘q. Hammayoq ko‘pqavatli imorat edi. Haligi odam mo‘ltillab turib, so‘ng yig‘lab
yubordi. Zohid uni uyiga emas, shifoxonaga eltib qo‘ydi.
Bu voqeaga bir yildan oshibdi. Zohid o‘sha odamning mo‘ltillab turishi, yig‘lab
yuborishini o‘qtin-o‘qtin eslardi. Hozir vinzavod haqida gap chiqqanida yana yodiga
tushdi. Yon daftariga «jinni odam, Xotinko‘prik» deb yozib qo‘ydi.
— Demak, bu ish Asadbekka borib taqaladimi? — dedi u daftarchasini cho‘ntagiga solib.
— Bo‘lishi mumkin, — dedi Hamdam. — Lekin bu ikki galvarsdan gap olaman, deb ovora
bo‘lma. Ular Asadbekni bilishmaydi. Sharif Namozov bilan suhbatlashsang ko‘p narsa
oydin bo‘ladi. Olimligi bor ekan. Bunaqa odamlar haqiqatparast bo‘lishadi. Adolat
qilaman, degan bo‘lsa, qopqonga tushirishgan. Endi istasang-istamasang, qamoqqa
olasan. Qoni tekshirilib giyohvand deb turilibdi. Uyidan kukunlar chiqdi. Yuz ming
so‘mning nari-berisidagi mol-a! Yuz mingdan kechishibdimi, demak, ish katta.
— Agar siz aytganday Asadbekning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lsa, osongina yo‘q
qilishmasmidi?
— Maydaroq odam bo‘lganida balki sen aytgan yo‘lni tutishardi. Namozov biron-bir
masalada ochiqchasiga qarshi chiqqandir. Umuman... Yuz ming so‘m ularga tramvay
pattasiday gap. Agar Namozovni qamoqqa olishga ruxsat bermasang, ertaga uyingga
besh yuz ming tashlab ketishlari mumkin. Unda ham ko‘nmasang...
— O‘ldiradimi?
— Yo‘q, o‘ldirmasa kerak. Lekin yo‘lini topadi. Har holda ish Asadbekka borib taqalsa, u
bilan o‘chakishma. Sendan zo‘rlar ham eplasha olmagan uni. Biz sen bilan komissar
Katani bo‘lolmaymiz. Lekin Asadbek advokat Teraziniga dars berishi mumkin. Senga
maslahatim: Namozovni qamash kerak. Qamasang, uning jonini saqlab qolasan. O‘ylab
ko‘r.
2
Hamdamning taklifini o‘ylab ko‘rishga ulgurmay depara ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i
kapitan Mirsultonov kirib keldi:
— Ot aylanib qozig‘ini toparkan. Bizdan qutulib bo‘psiz! — u shunday deb Zohid bilan
qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni o‘zimizdan boshlaganingiz, yaxshi bo‘libdi.
Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib ko‘rgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?
— Hali tayin bir xulosaga kelganim yo‘q.
— Bu ko‘p o‘ylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |