www.ziyouz.com kutubxonasi
26
Labi osilgan yigit o‘ylanib qoldi.
— Rom bo‘lsa kerak, — dedi ikkilangan holda.
— Yolg‘on gapirma! — dedi Hamdam baqirib.
— Bratan, aldavotganim yo‘q.
Hamdam unga yaqinlashib, yoqasini changallab o‘rnidan turg‘izdi.
— Yolg‘on gapirma, xunasa, uyida bo‘lmagansan. Ayvoni yo‘q uning.
Labi tirtiq birdan tutqanog‘i tutgan odamdek baqirib yubordi:
— Qo‘yvoring! Men kechasi borganman. Ayvoniga qarabmanmi, o‘zi zo‘rg‘a turuvdim.
— Borganmisan?!
— Ha, borganman!
— Uch kun oldinmi?
— Ha, uch kun oldin.
— Juda yaxshi! — Hamdam uni qo‘yib yubordi. — Menga shu kerak edi. Yozib qo‘ying,
o‘rtoq prokuror. Borganini tan oldi. Endi bilib qo‘ylaring: uch kun oldin u uyida
o‘ldirilgan!
Ikkala yigit avvaliga «xato eshitmadikmi?» degandek qarab oldi. So‘ng xuddi kelishib
olishganday Hamdamga baravariga dahshat bilan boqishdi.
— Yo‘q! — dedi tirtiq jon holatda.
— Nima yo‘q? — dedi Hamdam g‘olib kishining muloyim ovozida.
— Bormaganmiz.
— O‘rtoq prokuror, bunisiga nima deysiz?
— Soqchini chaqiring, olib ketsin.
Giyohvandlar chiqib ketishgach, Hamdam divanga o‘tirib, oyoqlarini stol ustiga
chalishtirib qo‘yib oldi.
— Hamdam aka, darrov topganingizdan ajablanmadingizmi? — dedi Zohid uning yoniga
o‘tirib.
— Ajablanishga vaqt bo‘lmadi. Ana endi o‘zing, mazza qilib ajablanaverasan. Men
topdim. Sen tergayver. Operativ ishlaganim uchun okaxoning rahmatnoma e’lon qiladi
menga.
— Yuvarkanmiz-da, — Zohid shunday deb yelkasiga asta urib qo‘ydi. Keyin jiddiy
ohangga ko‘chdi: — Bularni kim ishga solgan bo‘lishi mumkin?
Hamdam darrov javob bermadi.
— Vino zavodida nima gap ekan? — dedi u ma’nodor qilib.
— Men ham shuni o‘ylab turibman.
— O‘ylasang o‘ylagin-u, ammo vinzavodga osila ko‘rma.
— Nimaga?
— Kimga qaraydi zavod, bilasanmi?
— Oziq-ovqat vazirligigami?
Hamdam kulib, tizzasiga shapati urdi.
— Ey, prokuror, ko‘zingni och! Shuncha yil ugroda saqich chaynab yurgan ekansan-da,
a? Vinzavod Asadbekning tasarrufida-ku?! Buni ko‘chadagi mishiqi bola ham biladi, sen
bilmaysanmi, qishloqi?
Zohid ham eshitgan bu gaplarni. Zavod direktori Asadbekning tavsiyasi bilan qo‘yiladi,
hatto qorovul ham uning ruxsatisiz ishdan bo‘sholmaydi, degan gaplar yuradi. Xalq
og‘zidagi mish-mishning qandaydir asoslari mavjud. Biroq, Asadbek haqidagi gaplar
ko‘pincha g‘irt yolg‘on bo‘lib chiqadi. Zohid o‘tgan yili bunga ishondi: kutilmaganda bir
gap tarqalib odamlar behalovat bo‘lib qolishdi. Emishki, bir odamni qo‘shnisi
mashinasida qaergadir olib borib qo‘yishi lozim ekan. Mashina aytilgan tomonga emas,
bo‘lak yoqqa burilibdi. «Nimaga bu tomonga burilding?» deb so‘rasa, mashina egasi «jim
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |