www.ziyouz.com kutubxonasi
32
Namozov o‘ylandi. O‘zicha chamaladi.
— Ming so‘mdan olib, bir yarim mingdan sotardim.
— Demak, kilosidan besh yuzdan qolarkan-da?
— Ha, shunaqa.
— Ko‘pdan beri sotarmidingiz?
— Ko‘pdan... uch-to‘rt yil bo‘ldi.
— Pulni nima qilardingiz?
— Pulnimi? Yeb-ichib...
— Meni laqillatmoqchimisiz?
— Savollaringizga to‘g‘ri javob beryapman-ku?
— Qoradorining kilosi ming so‘m ekanmi? Qaysi ahmoq ishonadi bu gapga? Siz ilmdan
boshqa narsalarga ham hech aralashganmisiz?
Namozov «ilm» degan so‘zni eshitib, xuddi «daftarim uyda qolibdi», deb yolg‘on gapirib
qo‘yib uyalgan boladek boshini egdi.
— Yolg‘onni eplagan odam gapirishi kerak, — dedi Zohid achchiqlanib.
«To‘g‘ri, — deb o‘yladi Namozov, — bunga ham iste’dod lozim. Men hatto oddiy
yolg‘onni ham eplay olmayman. Yolg‘ondan qulluq qilsam, yolg‘ondan jilmayib
qo‘ysam... allaqachon akademik bo‘lib ketarmidim... Nasiba «bunchayam noshudsiz-a»,
deb to‘g‘ri aytadi...»
— Menga to‘g‘ri gapni ayting. Men qoradorifurushligingizga ishonmayman. Agar «yo‘q,
chindan ham qoradori sotardim», desangiz, qani, meni ishontiring-chi?
Sharif qotmadan kelgan, qoracha bu yigitga ajablanib qarab, bazo‘r kulimsiradi.
— Ishontiring, deysizmi? Men jinoyatchi ekanimga sizni ishontirishim kerakmi? Qiziq-ku?
— Ha, qiziq. Aslida men sizni ishontirib, aybingizni bo‘yningizga qo‘yib, qamatishim
kerak.
— Ayblayvering. Men tonmayman. Boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Bir-ikki yil o‘tadi-
ketadi. U dunyodan hali hech kim qaytmagan. Qamoqdan esa eson-omon qutulib chiqish
mumkin.
— Bir-ikki yil deng?.. — Zohid o‘rnidan turdi-da, stolni aylanib o‘tib, mahbusning
qarshisida to‘xtadi. Namozov «urmoqchimi?» degan xavotir bilan qarab, turmoqchi
bo‘ldi. Zohid uni yelkasiga qo‘lini qo‘yib, «jilmang» degan ishora qildi. — Bir-ikki yil
emas, sayru sayohat uzoqroq davom etsa kerak.
— O‘n yil bo‘lmaydimi, menga desa.
Zohid achchiqlanib, mahbusni ikki yelkasidan mahkam ushlab bir-ikki siltadi.
— Siz men bilan oldi-sotti qilmang. Bo‘ladigan gapni ayting, kimdan qo‘rqyapsiz?
Sharif uning ko‘ziga qarab oldi. Yaqindagina muloyim boqib turgan, ishonch uyg‘otishi
mumkin bo‘lgan nigohda jahl uchqunlarini ko‘rib «Endi do‘pposlaydi», deb o‘yladi.
Boshini egib, gardaniga musht tushishini kutdi. Hatto gardani toshday qotib, zirillay
boshladi. Musht tushsa, og‘riq tarqab, yengil tortadiganday tuyulib, «ursa
uraqolmaydimi» deb o‘yladi. «Keyin kaltakdan odam o‘lmaydi. Odam qatoriga kirib
kaltak yesam yebman-da. Bola bo‘lib birov bilan mushtlashmabman, birovdan tuzukroq
kaltak yemabman. Ana endi, dong‘im chet elga chiqib turganida bir befarosat savalasa.
Lissabonda hozir mening ta’rifimni keltirib maqtashayotgandir. Bu yerda kaltak
yeyayotganimni tasavvur ham qilishmasa kerak...»
Sharif kutganday musht tushmadi. Zohid uni qo‘yib yuborib, joyiga qaytdi.
— Siz olim odam ekansiz. Agar zavodda oddiy xizmatchi yoki oddiy ishchi bo‘lsangiz,
nimadan qo‘rqayotganingizga tushunib yetardim. Birga o‘g‘irlik qilgan sheriklaridan
cho‘chiyapti, derdim. Hozir joyingizga qaytib, o‘ylang.
Eshik ochilib, soqchi kirdi. Mahbus tomon ikki qadam qo‘ydi.
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |