www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Mahbuslar azobga chidolmay baqirardilar, bu esa og‘ziga latta tiqilgani uchun, bundan
mahrum edi. Uni oyog‘idan osib, bilak tomirlarini qirqib tashladilar.
To‘y egasining yo‘qolgani ma’lum bo‘lib, qidir-qidir boshlanganida Asadbek kira qilgan
mashina Yerevandan chiqib, Boku sari uchib borardi. Nodon, go‘l o‘zbeklarni katta pulga
tushirganidan xursand bo‘lgan haydovchi esa o‘zicha xirgoyi qilardi.
Asadbek Zinatulinni ham o‘sha kezlarda topgan bo‘lsa-da, unga o‘limni ravo ko‘rmadi.
«O‘gay amakim», deb unga «mehribonlik» qildi. Zinatulin dorga emas, jinnixonaga
mahkum edi. Shubhasiz, u o‘zining «mehribon o‘gay jiyani» borligidan bexabar edi.
Jamiyatga sidqidildan xizmat qilganman, deb bayram kunlari nishonlari taqilgan qora
kostyumini kiyib, tantanali majlislarda viqor to‘kib o‘tiruvchi, yosh avlodga qarata
otashin nutqlar so‘zlovchi bu odam o‘zini dastlab jinnixonada ko‘rganida g‘oyat
ajablandi. «Bolalarim bemehr chiqdi, oqibatda qariyalar uyiga topshirishadi», deb
o‘ylardi. Hali kuch-quvvatdan ketmay turib jinnixonaga olib ketishlari sababini bilmay
aqldan oza boshladi. Uchinchi qavatga «ko‘tarilish» uchun ko‘p fursat talab etilmadi.
Asadbekning o‘sha «o‘gay amakisi» endi jinnixonadan chiqib, mozorda yurganmish. Bu
Asadbek uchun kutilmagan hol edi. Shu sababli mozorga shoshildi.
2
Oynakchi dovul turib shahardagi barcha deraza oynaklarining sinishini orzu qilib
yasharkan. Go‘rkov o‘lim ko‘p bo‘lishini istamasa ham, mozorga odam kirib kelsa ko‘ngli
quvonadi. Chunki odam mozorga bekorga kelmaydi. Yo mayit uchun qabr qazishni
iltimos qiladi, yo marhumlar ruhiga Qur’on o‘qitib, to‘rt-besh so‘m tashlab ketadi.
Issiq hujrada xudoyi oshni yeb, choyxo‘rlik qilib o‘tirgan go‘rkovlar izma-iz kelib
to‘xtagan ikki «Jiguli»ni ko‘rib, tashqariga umid bilan qarashdi. Anchadan beri shu
atrofda ivirsib yurgan boshyalang yigit birinchi mashinadan tushgan uch odamga bir
nima degach, ular hujra tomonga qarab ham qo‘ymay, kattalar ko‘milgan, haykalchalar
tizilib turgan tomonga qarab yurishdi. Go‘rkovlarning kattasi «bular
tekshiruvchilarmasmikin» degan xavotirda eshikni ochib, tashqariga qadam qo‘yishi
bilan ikkinchi mashinadan tushgan yigit «Amaki, joyingizda o‘tiravering», deb qaytardi.
Kechasi yoqqan qor haykalchalarning boshi, burni, yelkasiga qo‘nib, odam shaklini
beo‘xshov bir tusga kiritgan edi. Qarg‘alarning qag‘illashidan bo‘lak ovoz eshitilmayotgan
qabristonda birdan kulgi yangradi. Asadbek shoshib o‘sha tomon yurdi. Ayollarning kalta
paltosini kiyib olgan novcha odam bir haykalcha ro‘parasida turib olib, nuqul kulardi. U
Asadbek kelayotgan yo‘lga orqa qilib turgani uchun ularni ko‘rmadi. Asadbek to‘xtab, uni
kuzatdi. Zinatulin kulgidan to‘xtadi. Haykalchaning burnidagi qorni kafti bilan sidirdi.
— Ana, endi odam bo‘lding. Tanimaydi, deb o‘ylovdingmi? Nimaga qaltirayapsan?
Sovuqmi? Ha... qo‘rqyapsanmi? Sen qo‘rqyapsanmi? Sen qo‘rqma. Qozonning qopqog‘ini
yopib tashlaganman, isi chiqmaydi. Dushmanlarning o‘ligi kislotada kuydirilgan. Ha,
qo‘rqma. — U shunday deb haykalcha ro‘parasidagi qabrtosh ustiga o‘tirdi-da, oyog‘ini
chalishtirib oldi. Tirsagini tizzasi ustiga qo‘yib, qaddini sal bukib, jag‘ini kaftiga suyadi.
O‘yga tolgan mutafakkir misol ancha o‘tirdi. So‘ng sapchib turdi. Atrofga alangladi-da,
qo‘lini paxsa qilib, jahl bilan gapira ketdi:
— Sen parazit, oppoqman, deyapsanmi? Men seni qiynadimmi? Tumrug‘ingga kalish
bilan urdimmi? Boshingga qaynoq suv tomizdimmi? Shisha siniqlari solingan etik kiygizib
sakratdimmi? Muzxonaga tashlatdimmi? Ha-a... sen bularni ko‘rganing yo‘q?
O‘rtoqlaringni o‘zing sotding. Nimaga sotding? Vatan uchun qayg‘urdingmi? Mana senga
Vatan! — u shunday deb bosh barmog‘ini ikki barmog‘i orasiga suqib, haykalchaning
burniga taqadi. — Ko‘rdingmi?! Men ahmoqmanmi? Do‘stini sotgan odamda Vatan
Shaytanat (1-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |