kalta bo’yin, yuqori va pastki jag’ rivojlanmaganligi, baland chuqur, tor tanglay, tor va kalta ko’z
yoriqlari va boshqa bir qator belgilar kuzatiladi. Bu belgilar turli xil ko’ruv, eshituv va hokazo
nuqsonlar bilan uyg’unlashib kelishi mumkin. Bunday bolalarda nutqning to’liq rivojlanmaganligi
harakat qo’zg’aluvchanligi, affektiv qo’zg’aluvchanlik va haddan tashqari past aqliy ish qobiliyati
sindromlari bilan uyg’unlashadi. Bunday bolalarni erta aniqlash, ularni ichkilikboz ota – onalaridan
ajratish tibbiy, tarbiyaviy va logopedik ishni to’g’ri tashkil qilish bolalardagi nutqiy va intellektual
rivojlanmaganlikni oldini olishda muhim ahamiyatga egadir.
Bola miyasining nutq zonalariga zararli omilning nutq shakllanib bo’lganidan so’ng ta’sir
ko’rsatishi hollarida afaziya yuzaga kelishi mumkin.
Nutq buzilishlari, shu jumladan nutq to’liq rivojlanmaganligining yuzaga kelishida nasliy
omillar alohida o’rin tutadi. Bunday hollarda nutqiy nuqson hatto ahamiyatsiz tuyulgan zararli omillar
ta’siri ostida ham yuzaga kelishi mumkin.
Berilgan ma’lumotlarga asoslanib, nutq to’liq rivojlanmaganligini keltirib chiqaruvchi etologik
omillarning murakkabligi va ko’p shaklliligi haqida umumiy xulosaga kelish mumkin.
Nutq to’liq rivojlanmaganligi etiologiyasi va patogenezi turli- tumandir, ammo klinik nuqtai
nazardan qaraganda markaziy nerv sistemasining erta organik zararlanishi bilan bog’liq nutq to’liq
rivojlanmaganligi guruhi birmuncha muhim ahamiyatga ega.
Jarohatlanish vaqtiga bog’liq ravishda homiladorlik patologiyasi, tug’ruq travmasi bilan
(miyaning intranatal jarohatlanishi) bog’liq markaziy nerv tizimi buzilishlari va bola tug’ilganidan
so’ng infeksiyalar va travmalar ta’siri natijasida yuzaga keluvchi postnatal zararlanishlarga ajratiladi.
Nutqning to’liq rivojlanmaganligi etiologiyasida perinatal ensefalopatiya-homiladorlik davri
singari tug’ruq davrida ham zararli omillarning birgalikdagi ta’siri natijasida yuzaga keluvchi miya
zararlanishi, alohida o’rin tutadi.
Agar perinatal ensefalopatiyaning sababi miyaning bachadon gipoksiyasi va tug’ruq asfiksiyasi
hisobiga kislorod bilan tuyinmaganligi bo’lsa, u gipoksik ensefalopatiya deb; agar mexanik tug’ma
shikastlanish bo’lsa – travmatik ensefalopatiya deb; agar ikkala omil birgalikda kelsa – gipoksis-
travmatik ensefalopatiya deb ataladi. Agarda miyaning shikastlanishi ona va bola qoni rezus –omili
yoki guruhi to’g’ri kelmaganligi hisobiga markaziy nerv tizimining toksik zararlanishi tufayli bo’lsa –
bu bilirubin ensefalopatiya deb ataladi. Nutq to’liq rivojlanmaganligi, odatda miyaning rezidual –
organik zararlanishi oqibati hisoblanadi. Uni nerv-psixik kasalliklarda uchraydigan (epilepsiya,
shizafreniya va boshqalar) nutq rivojlanishi buzilishlaridan farqlash lozim.
Markaziy nerv tizimining rezidual-organik jarohatlanishida ikki asosiy turdagi buzilishlar
ajratiladi: dizontogenetik-ma’lum strukturalar va fiziologik tizimning rivojlanmaganligi yoki ular
shakllanishining muddatidan orqada qolishi oqibati sifatidagi buzilish: bunday buzilishlarga nutqning
to’liq rivojlanmaganligi misol bo’la oladi; ensefalopatik-markaziy nerv tizimi u yoki bu tuzilishining
zararlanishi oqibati sifatidagi buzilish, bu buzilishlarga nutqiy va harakat kamchiliklari, shuningdek
boshqa kamchiliklar, masalan, dizartriya, bolalar tserebral falaji, gidrotsefaliya va boshqalar misol
bo’la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: