www.ziyouz.com
kutubxonasi
4
Ya’ni, "Olloh butun osmonlarning va yerning nuridir", deydi. Zotan, olamning shaklu shamoyilini,
butun mavjudotlarning suratlariyu mohiyatlarini ko‘rishimizga sabab bo‘ladigan narsa yorug‘liqdir.
Agar o‘sha yorug‘lik bo‘lmasa oldingizda turgan narsani ham ko‘rmaysiz. Sizga shu dunyoni, butun
borliqni tanitib turgan narsa yorug‘lik bo‘lsa — o‘sha yorug‘lik menman, deydi Olloh. Nafaqat
yerning, balki butun osmonlarning nuri O‘zimman deydi. Demak, millionlab yulduzlarning biri
bo‘lgan Quyoshga qaray olmasligimizni tan olar ekanmiz, osmonlar va yerning nuri bo‘lgan Ollohni
ojiz ko‘zlarimiz bilan ko‘ra olmasligimiz tabiiy holatdir.
Qur’oni Karim va muborak hadislarda Ollohning borligi va birligi xususidagi aniq dalillar bizning
ilmimizni, Xudoga bo‘lgan iymonimizni yanada quvvatlantiradi. Demak, biz avvalo Olloxning
borligini bilgan bo‘lsak, endi Uning yagonaligini bilishimiz zarur.
Olloh taolo Qur’oni Karimda aytadi:
"Agar yeru osmonda Ollohdan boshqa xudolar bo‘lsa, albatta bu yeru osmon buzilib ketgan bo‘lar
edi". Chunki Olloh — Hokimi mutlaq. Olloh O‘zi xohlagan ishni qiladi. Demak, agar Olloh ikkita
bo‘lsa-yu, har biri o‘zi xohlagan ishni qilsa, yeru osmonning buzilib ketishi aniq edi. Modomiki, bu
yeru osmon shunday puxta tartib intizom asosida tuzilgan va buzilmasdan turgan ekan, uning
Boshqaruvchisi bittadir.
—
Kechirasiz, ustoz. Gapingizni bo‘lganim uchun ma’zur tutasiz. Suhbatingizni shu joyda, o‘zingiz
aytganingizdek, o‘sha yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadigan narsalarni xudo deb, ularga sig‘inib
yurishning tarixi xaqida davom ettirsangiz...
— Odamlar orasida yer yuzidagi yo‘q bo‘lib ketadigan narsalarni xudo deb, ularga sig‘inib
yuradiganlar ham yo‘q emas. Dinimiz mana shundaylarga qarshi "La ilaha illalloh" deyishimizni
buyuradi.
Islom dini kelgan paytda arablarda Xudoga birovni shirk keltirish juda avj olgan edi. Masalan,
arablardan biri Islomga kirganidan so‘ng mana bunday hikoya qiladi: "Biz safarga chiqqudek bo‘lsak,
o‘zimiz bilan biron-bir tosh olib ketar edik. Qaerda to‘xtasak, o‘sha toshni oldimizga qo‘yib olib, unga
sig‘inar edik. Yo‘lda avvalgi toshdan chiroyliroq boshqa tosh topilib qolgudek bo‘lsa, o‘shani olardik-
da, avvalgi toshni, ya’ni avvalgi "xudo"imizni uloqtirib tashlar edik. Qarang, naqadar hamoqat,
naqadar jaholatda yurgan ekanmiz..."
Yana shundaylar bor ediki, ular xurmo g‘ujumlariga (shingillariga) sig‘inar, lekin qorinlari
ochgach, o‘sha — o‘zlari "Xudo" deb e’tiqod qo‘ygan xurmoni yeb qo‘yardilar. Mana shu tariqa
sig‘inib bo‘lmaydigan narsalarga ularni Xudo deb bilib, sig‘inib, yolg‘iz Ollohga shirk keltirganlar. Bu
haqda Olloh taolo Qur’oni Karimda mushrik kimsalarni bunday ogohlantiradi:
Alouddin Mansur. Imomi A’zam — buyuk imomimiz
Do'stlaringiz bilan baham: |