www.ziyouz.com kutubxonasi
8
yuz mil* garbi-janubdagi Mevat viloyati mulk qilib berildi. O‘sha joyda qo‘rg‘on va bog‘
qilib,oilasini, o‘ziga qarashli odamlari qatori Hamidalarni ham ko‘chirib ketdi. Isyonkor
rajputlar viloyati bo‘lgan Mevat juda notinch, urush, yurishlar ko‘p bo‘lar, Hamida va
uning ota-onasi Agrada osuda o‘tkazgan damlarini sog‘inib eslashardi. Ayniqsa bog‘
chetidagi sokin qo‘ltiq va qayiq sayri Hamidaning yodiga ko‘p tushar, Agraga qaytadigan
kunlarni u doim orziqib kutardi.
Agrada Hindol mirzoga otasidan qolgan to‘rt bog‘ning bittasi — mana shu Zarafshon
berilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib, Hindol mirzo va uning odamlari bu boqqa yana
qaytib kelganlarida hamida bonuning bo‘yi yetib qolgan, unda balog‘at belgilari paydo
bo‘lgandan beri onasi ko‘chaga yopinchiqsiz chiqarmas, bog‘ sayriga ham, chavgon
o‘yiniga ham yolg‘iz yubormas edi.
Mana hozir ham u bog‘ning uzoq burchagidagi xilvat sohilga kanizagi Aminat bilan birga
keldi. Qoshlari ingichka, sochlari qizg‘ish Aminat asli cherkas qizi edi. Eron shohining
navkarlari bilan bo‘lgan janglarda asir olingan va qul bozorida sotilgan bu jabrdiyda
juvon besh yildan beri Hamidaga kaniz bo‘lib xizmat qiladi. Uni Nizom ham tanib qolgan.
Chunki so‘nggi yillarda Hamida daryo sohiliga doim kanizi bilan birga keladigan bo‘ldi.
Hamida endi Nizomning ko‘zi oldida cho‘milishdan uyaladi. Yoshi yigirma beshga kirib,
xiyla bosiq va sipo yigit bo‘lib qolgan Nizom ham Hamida bonudagi bu o‘zgarishlarni
ma’qul ko‘rgan kabi bosh irg‘ab, kulimsiraydi, unga salom berganda ikki kaftini
peshonasi ustiga juftlab, yengil bir ta’zim bajo keltiradi, shu bilan kiborlar jamiyatiga
mansub bo‘lgan qizni o‘zidan xiyla baland qo‘ygandek bo‘ladi.
Aminat uning qayig‘iga birinchi marta chiqqanda: «Eshkakchi yigit durustroq peshkash
olish umidida bizni astoydil sayr qildirmoqchi», deb o‘yladi. Yigitning tiniq, qoramtir
yuzida kamtargina bir jilmayish bor, o‘zi beozor va yuvosh ko‘rinadi. Faqat timqora
ko‘zlaridan, kuchli bir olovning tapti urib turadi. Baquvvat qo‘llari eshkaklar orqali butun
qayiqni o‘ziga bo‘ysundirib, uch kishini suv yuzida qushday uchirib boradi.
Qayiq tor bo‘lgani uchun Aminat orqada, Hamida esa tumshuq tomonda Nizom bilan
yuzma-yuz o‘ltiribdi. Ikkovining ko‘zi ko‘ziga tushgani sari Hamida bonuda nafis bir
hayajon kuchayib borayotgani Aminatni taajjubga soldi. Qiz go‘yo mana shu uchrashuvni
ko‘pdan beri kutib yurgan edi-yu, endi visolga yetishganidan quvonib, husn-u jamoli
ochilib bormoqda edi. Hamidaning qanchalik ko‘hlik qiz bo‘lib yetilganini, uning yuz-
ko‘zida, qaddi-qomatida qanchalik sehr-u joziba borligini Aminat hozir birinchi marta
yaqqol his qildi. Hamidaning qizlik latofati go‘yo bir g‘uncha holida edi-yu, eshkakchi
yigitning diydori shu g‘unchani birdan gullatib ochib yubordimi? Bu yigitda nima karomat
bor o‘zi?
Daryo sokin oqayotgan joyda Nizom eshkak eshishdan to‘xtab, past, mayin tovush bilan
ashula boshladi.
Nizom azbaroyi Hamidaga mehri tushganidan uning turkiy tilini o‘rgangan, hozir shu
tildagi o‘ziga yoqqan she’rlarni hindcha kuylarga solib aytar edi. Uning ovozi odamni rom
eta oladigan darajada dilbar va kuchli. Og‘ir qayiqni qushday yengil uchirayotgan yigitlik
kuch-qudrati uning ovozida ham sezilib turadi.
Hamida uning qo‘shig‘ini eshitgan sari g‘alati bir sehr-u jodu ta’siriga berilib, o‘z
ixtiyorini yigitning qo‘liga topshiradigan holatga tushmoqda edi.
Aminat birdan Xonzoda begimni esladi. Humoyunga munosib ko‘rilgan Hamidadek qiz
kelib-kelib shu eshkakchiga ko‘ngil beradimi?
Yigit Aminatning sovuq nigohini yelkasi bilan sezgan kabi unga o‘girilib qaradi. Ko‘zlarida
beg‘araz, tamasiz bir mehr nurlanib turganini ko‘rib, Aminat beixtiyor o‘ng‘aysizlandi.
Nizom oliy dargohlarda yurgan Hamida bonuga yetishaman deb umid qilmaydi, faqat bu
qizning noyob jozibasini muqaddas bilib, unga sajda qilgisi keladi. U o‘z dilidagi tuyg‘uni
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |