www.ziyouz.com kutubxonasi
5
Xonzoda begim bu tafsilotlarni Sultonimdan va Hamidaning o‘zidan eshitgan sari bir
narsadan taajjublanib qo‘ydi. Butun borlig‘idan latofat yog‘ilib turgan shunday qiz o‘z
dargohlarida yurgan ekan-u haligacha nechun unga durustroq bir e’tibor berishmabdi?
Xonzoda begim chavgonni yaxshi o‘ynaydigan boshqa chavandoz qizlarga latofat
yetishmasligini, ba’zilari erkakshoda bo‘lishini biladi. Hamida bonu cholvor kiyib o‘ltirgan
bo‘lsa ham, chavandozlik kiyimlari uning ingichka belini, bo‘liq ko‘kraklarini, novdaday
egiluvchan yosh tanining kuchga to‘liq nafosatini behad go‘zal qilib ko‘rsatadi. Yo‘g‘on
soch o‘rimlarining nozik bo‘yin ortida to‘lg‘anib turishi Xonzoda begimga zavq berdi:
— Hamida bonu, sizni ko‘rib bir bayt she’r yodimga tushdi. Aytaymi?
— Ayting, hazrat begim, jon qulog‘im bilan eshitgaymen!
— O‘zi asli shu bog‘da bitilgan. Rahmatli inim Boburning gazalidan:
Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur.
G‘uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur.
Hamida bonuning ko‘zlarida yulduzlar charaqlab yonganday bo‘ldi. Lablari tabassum
bilan ochilib, uning ichki sirini — bu she’rni yaxshi bilishini va yoqtirishini sezdirib qo‘ydi.
— G‘azalning davomini siz ayta qoling! — dedi Xonzoda begim.
Hamida iboli ko‘zlarini yerga tikib:
— Mubolag‘a qilsam ma’zur tuting, hazrat begim,— dedi.
So‘ng aruzning nafis qoidalarini o‘rniga keltirgan holda o‘sha g‘azaldan ikki satr aytdi:
Sel emasdur yer yuzin tutkon ko‘zimning yoshidur,
Ra’d emasdur* ko‘kka chirmoshqon ko‘ngul afg‘onidur.
Xonzoda begim xandon urib kuldi-yu:
— Bu so‘zlar siz uchun chindan ham mubolag‘a!— dedi. — Yer yuzin tutqon ko‘z
yoshlaridin tangrim sizni asrasin!
Xonzoda begim o‘z ko‘nglida esa: «Nechun Humoyun haligacha bu qizni ko‘rmabdir?»
deb taajjublanib qo‘ydi. Chunki bir vaqtlar Boburni qiynab, fig‘onini ko‘kka
chirmashtirgan quyunlar hozir Humoyunning atrofida aylanib yuribdi. Boburning-ku
Mohim begimdek dono xotini bor edi, oila orqali keladigan ko‘p balolarga shu sadoqatli
ayol balogardon bo‘lar, farzandlarini ham otaga ixlosmand qilib tarbiyalagan edi.
Humoyunning esa xotin jo‘nidan hech baxti ochilmayapti. Uni o‘n sakkiz yoshidayoq
tog‘asi Yodgorbekning Beka begim degan qiziga uylantirishgan edi. Kiborlar jamiyatida
o‘sgan bu qizda nafis bir chiroy bor-u, ammo onalik uquvi yo‘qmi yoki yaqin qarindoshlar
oila qursa nasli kasalmand va zaif bo‘ladi, deganlari rost ekanmi? Beka begimdan bir
emas, ikki o‘g‘il tug‘ildi-yu, yoshligidayoq o‘lib ketdi. Shohlik udumiga binoan
Humoyunning merosxo‘r o‘g‘li bo‘lishi kerak. Uni yana ikki marta uylantirdilar.
Humoyunning o‘zi ham yor tanlashda adashyaptimi, xullas, uch xotinidan birontasi unga
munosib bo‘lib chiqmadi. Humoyun o‘ttizga kirdi. Hamon o‘g‘ilga zor, xotinlaridan esa
ko‘ngli yarimta. Amir-u umarolari uni may bazmlariga tortadi. O‘tgan kuni kechki payt
Humoyun Xonzoda begimni ko‘rgani kelganda ancha kayfi bor edi. Kayfning dadilligi
bilan ammasiga ichini yorib hasrat qildi:
— Tole’im yo‘q ekan! Mamlakat to‘la qiz, tangri mening peshonamga birorta oqila-yu
fozilasini bitmagani g‘alati!
Xonzoda begim Hamida bonuning sehriga berilib, uning g‘azal o‘qishidan zavq qilayotgan
paytda Humoyunning shu hasrati yodiga tushdi-yu, ikkovini yonma-yon qo‘yib tasavvur
etdi. Humoyun ham ko‘hlik yigit, janglarda botirlik ko‘rsatib dong‘i ketgan, uni kuyov
qilish orzusida yurgan sulton-u vazirlar ko‘p. Ularning podshoga qaynota bo‘lgilari kelib
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |