www.ziyouz.com kutubxonasi
335
yetmas, faqat kuyinib yig‘lashar edi. Hamida begim yana xastalanib qolgan, Akbar
kirganda orqasiga yostiq qo‘yib, devorga majolsiz suyanib o‘ltirar edi. U o‘g‘lini ko‘proq
yonida tutib turgisi kelib, uzoq xotiralarga berildi, Jamna bo‘ylarida qanday chavgon
o‘ynagani, Tar sahrosida qancha vaqt sargardon bo‘lgani, Qazvin-u Kobul, Bhira-yu
Kashmir — hammasini to‘xtab-to‘xtab, birma-bir eslab chiqdi.
— Shoh o‘g‘lim, boburiylar xonadonidan eng keksasi — faqat men qoldim, — dedi. —
gulbadan begim bultur yarash-yarash bo‘lgan farahli kunlarda olamdan o‘tganiga hozir
mening havasim kelur... Saksonga kirganda umrimning eng taxir davri boshlangay, deb
hech o‘ylamagan edim, Bolajonim!..
Hamida begim ko‘z yoshini oq doka ro‘molining uchi bilan sekin artib qo‘ydi.
— Nasib qilsa, bu taxir kunlar ham o‘tgay, onajon! Yana farahli damlarga yetgaymiz...
— Akbarjon, butun umr men sizga omad tiladim, mag‘lubiyatingizni ko‘rmayin, dedim!
Ilohim, ota-bola ikkovlaring ham ketimda qolinglar, dog‘laringni ko‘rgilik qilmasin! Shu
gal ko‘nglim juda bezovta!..
Akbar onasi bilan quchoqlashib xayrlashar ekan:
— Ko‘p xavotir bo‘lmang, hali yana ko‘rishgaymiz!— dedi.
U tug‘ilgandan beri bor bo‘lgan onasi hech qachon o‘lmaydigandek, abadiy sobit
turadigandek tuyulardi. Lekin Akbar kemaga tushib, Ollohobod tomonga ikki kun suzar-
suzmas shum xabar uni quvib yetdi. Quruqlik yo‘ldan shoshilib kelgan chopar Akbarga
Salima begimning maktubini tutqazdi:
«Hazrat onamlar iztirob cheka-cheka behol bo‘lib yiqildilar. Oxirgi aytgan so‘zlari Sizning
nomingiz bo‘ldi. Kechadan beri tildan qoldilar. Faqat ko‘zlari ochiq, atrofga termulib sizni
izlaydilar. Hazratim, jon berolmay qiynalayotgan ulug‘ onangiz hurmati, tezroq yetib
keling.
Zavjangiz Salima begim!»
Akbar darhol kemadan tushib otlandi-yu. Agraga qaytdi. O‘sha zahoti Rani Jodha Bay
Ollohoboddagi Salimga maktub yo‘lladi:
«Hazrat otangiz, harbiy yurishni to‘xtatib, Agraga qaytdilar. Men Sizga bergan oq
sutimga rozi bo‘lishimni istasangiz, siz ham ulug‘ buvingiz bilan vidolashish uchun tez
Agraga keling. Bu o‘tkinchi dunyoda yaxshi ot qoldiring, jonim bolam! Yosh to‘la ko‘zlar
bilan yo‘lingizga nigoronmen.
Onangiz Rani Jodha Bay».
Akbar yarim kechada saroyga yetib, Hamida begim yotgan xonaga kirdi. Rangi qonsiz,
ko‘zlari yumuq onasining yonida cho‘kkalab, uning ozg‘in tanasini choyshab bilan birga
quchdi-da:
— Onajon! — deb sekin chaqirdi.
Yolg‘iz o‘g‘lining ovozi Hamida begimni go‘yo narigi dunyodan qaytarib olib kelganday
bo‘ldi. Ko‘zini majolsiz ochdi-yu, tepasida Akbar turganini ko‘rdi. Shunda xira ko‘zlari
nurga to‘lib bir yorishdi, ammo tili gapga kelmadi. Akbarni tirik ko‘rgani ona uchun
so‘nggi tasalli bo‘ldi. Ilhaqlik tutib turgan jon endi uzildi-yu, ochiq ko‘zlar tez so‘na
boshladi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |