www.ziyouz.com kutubxonasi
331
qurilganda Akbarga hayot hozirgidan bexatarroq tuyular edi. Shuning uchun Dehlidagi
obidaning atrofi ochiq, unga birvarakay o‘nlab odamlar kirib chiqishi mumkin. Ammo
yangi maslak e’lon qilingandan beri Akbarning g‘oyaviy dushmanlari ko‘payib ketdi,
hatto to‘ng‘ich o‘g‘li o‘shalar tomonga o‘tdi. O‘zi tirikligida shunchalik xuruj qilayotgan
g‘animlar Akbar olamdan ko‘z yumsa, qabrini buzishdan ham toymaydi. Maqbarani
himoya qilish oson bo‘lsin uchun sag‘anaga kiriladigan uzun marmar yo‘lakni faqat ikki
kishi o‘ta oladigan torlikda rejalashtirdi. U beshinchi qavatga qo‘yiladigan qabr toshi
yoniga bisotida bor kamyob La’l va gavharlarni sangfarsh qilib o‘rnatish niyatida edi. Bu
nodir javohirlarni qo‘riqlash* oson bo‘lishi uchun yuqorigi oshiyonga chiqadigan tosh
zinalar tarhini ham faqat bitta odam sig‘adigan darajada tor qilib chizdirdi.
Akbar o‘ziga maqbara qurdirmoqchi ekanini eshitgan Hamida bonu o‘g‘lining
xilvatxonasiga kirdi-yu, uning sag‘ana tarhini chizib o‘ltirganini ko‘rib dahshatga keldi:
— Sizga ne bo‘ldi, shoh o‘g‘lim? Hali men, onangiz, tirik yuribmen. Tangrimga shukur,
yetmish to‘qqizga kirdim. Siz avval mening yoshimga boring... Maryami Zamonga
vasiyatnoma so‘zlar aytibsiz, eshitganidan beri yig‘laydir!.. Mening ham dilimda
g‘ulg‘ula!..
— Bu o‘tkinchi dunyoga hech kim ustun bo‘lolmas ekan, onajon. Vaziyatni ko‘rib turibsiz.
Tarh chizishga boshqa bo‘sh vaqtim bo‘lgaymi, yo‘qmi, bilmaymen!
Bu maqbara Akbarning so‘nggi me’morlik asari bo‘lishini uning dili sezib turardi.
— Niyatni yaxshi qiling, bolam. Axir sakson, to‘qsonga borganlar yo‘qmi? Nevarangiz
Xisrav o‘n beshga kirdi. Endigi yil uylantirgaymiz. Aziz ko‘kaning kichik qiziga mehri bor
ekan. Unashtirib qo‘yaylik. Xurramjon ham o‘n birga kirdi. To‘ylar qiling, siz ham menga
o‘xshab evara, chevara ko‘ring!
Badanidan eti qochib, mushtdekkina bo‘lib qolgan Hamida begimning ruhi hali ham tetik,
hassaga suyanmasdan gavdasini tik tutib yuribdi. Onasi nevaralardan, to‘ydan gapirib,
axiri, Akbarning xayolini og‘ir o‘ylardan chetga tortdi.
Birga tug‘ilib o‘sgan sodiq tengdoshi Aziz ko‘ka bilan quda bo‘lish Akbarga ham yoqimli
tuyuldi. Dakan yurishida ikki yil bobosining yonida bo‘lib, unga juda yoqib qolgan Xisrav
va Xurram otasidan ko‘ra Akbarga ko‘proq yon bosar edilar. Xisravni Aziz ko‘kaning
to‘rtinchi xotinidan tug‘ilgan kichik qiziga unashtirgan kunlari ziyofat paytida Qilichxon
Andijoniy:
— Janobi xoni a’zam, — deb Aziz ko‘kaga tegishdi, — hazratim nevara
uylantirmoqchilar. Siz, tengdoshlari bo‘laturib, hali ham qiz chiqarib yuribsiz?
— Sal kechikkanmiz-da, janobi Qilichxon. Bo‘lmasa bizda ham olti o‘g‘il, olti qiz, ellikdan
ortiq nevara bor. Hind ayoli juda bolajon bo‘lishini qirqdan oshganda bilib qoldik. Kenja
qizimiz hind xotinimizdan tug‘ilgan.
— Birinchi ayolingiz eronlik edi-ku.
— Ha, eronlik xotinning tili juda shirin, suhbatlashib rohat qilurmen. Movarounnahrlik
xotinim hammaning boshini qovushtirib, hukmron beka bo‘lib turadir. Undan o‘zim ham
hayiqurmen!
Bu gapga Akbar ham kulib yubordi. Yor-do‘stlar davrasidagi hazil-mutoyibadan,
nevaralari Xisrav va Xurramning beg‘ubor, ma’sum mehridan Akbar endi sal yayrab,
avvalgi g‘amlarni xayolidan uzoqlashtira boshlagan kunlarda yana bir musibatli xabar
Asadbek qiyofasiga kirib eshilk taqillatib keldi. Abulfazlning o‘limini Akbarga qanday
aytishni bilmay qoldilar. Shunda saroyning Hoji Jahon degan eng nuroniy mo‘ysafidi
yelkasiga ko‘k fo‘ta tashlab, uning huzuriga g‘amgin yuz bilan kirdi.
— Sizga quvvat bersin, hazratim! — deb boshlagan so‘zidan va ko‘k fo‘tadan yana biron
baxtsizlik bo‘lganligini Akbar sezdi. Yuragi «shig‘» etib:
— Ne bo‘ldi, mavlono?.. — deb so‘radi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |