www.ziyouz.com kutubxonasi
330
Murod Dakanga yuborilmaganda, ota-onasiga yaqinroq bir joyda yashaganda balki uni
qutqarib olish mumkin bo‘lardi? Akbar bu achchiq haqiqatdan saboq chiqarishi va qolgan
umrini tinch o‘tkazishi kerak emasmi? Uning abadiy uyquga ketadigan payti ham uncha
uzoq emas... Akbar shu o‘y ta’sirida Iskandar degan joydagi keng, tekis yer
maydonining atrofiga devor oldirdi va uzoq yashaydigan daraxtlar ektirdi. So‘ng xotini
Jodha Bayga bu joyni maxsus ko‘rsatdi:
— Maryami Zamon, bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Umrim bitsa abadiy
makonim mana shu yer bo‘lsin...
O‘g‘li Salim otasiga qarshi isyon ko‘targanidan Jodha Bay juda ezilib yurgan edi. Uyga
qaytganlarida birdan ko‘ziga yosh oldi.
— Siz Salim tufayli bunday g‘amgin gaplarni aytmoqdamisiz, hazratim? Ammo Salimni
men tuqqanman! O‘g‘il tufayli bu dunyodan kechmoq kerak bo‘lsa, avval men kechay!
Menga ruxsat bering, Ollohobodga o‘zim boray! Agar Salim sizga qarshi qilich ko‘tarsa,
o‘sha qilichga men avval o‘zimni tutay! Mayli, meni o‘ldirsin-u keyin bilganini qilsin!
Yig‘lab aytilgan bu so‘zlar Akbarni larzaga keltirdi. U Jodha Bayni bag‘riga bosdi-da,
o‘rtanib dil yordi:
— Maryami Zamon, mening gunohlarim siznikidan ko‘proq! Shohlik udumlari qurib
ketsinki, men-u sizni oilaviy baxtdan mahrum qildi. Shu udumga bo‘ysunib o‘g‘ilni to‘rt
yoshidayoq sizdan ayirdim, Farid Buxoriy kabi murabbiylarga ishonib berdim! O‘g‘il
tarbiyasiga ko‘proq qunt qilmaganimdan endi ming pushaymonmen! Bolaga qanchalik
mehr-u e’tibor bersang, u o‘shanchalik seniki bo‘lur ekan. Biz berolmagan mehr-u
e’tiborni boshqalar bersa, bola ham o‘shalarniki bo‘lib ketar ekan! Men bu achchiq
haqiqatni endi bilmoqdamen. Qaysi bir gunohimni aytayki, Salim hammasini ko‘paytirib,
shishirib, o‘zimga qarshi zarbaga aylantirmoqda! «Ekkaningni o‘rasen!» deganlari rost
ekan! Shaxsiy hayotda qanday gunohlar ekkan bo‘lsam, endi o‘g‘lim orqali shularning
yomon oqibatlarini o‘rmoqdamen. Maryami Zamon! Menga qo‘shilib siz ham qilmagan
gunohlaringizning azobini tortmoqdasiz! Bu ne ko‘rgilik-ki, ruhim gunohlarga to‘lgan
tanamdan bezor bo‘ldi! Shuning uchun bu besh kunlik dunyodan tezroq ketgim
kelmoqda!
Rani Jodha Bay Akbarning bag‘rida yum-yum yig‘lar:
— Suyangan tog‘imizsiz, bizga rahm qiling! — derdi. — Hali ham menga ijozat bering.
Borib Salimni boshlab kelay!..
— Salimga roja Ram Dasni elchi qilib yubordim. Javobini bilaylik... Keyin!..
Akbar Dakandan qaytishi kerak bo‘lgan Abulfazlni ham kutmoqda edi. Ora uzoq, otda
qirq kunlik yo‘l, Abulfazlning hayallashini Akbar shundan deb bilar, uning o‘ldirilganini
xayoliga ham keltirmas edi.
Lekin zilday og‘ir hislar vujudini bosib yotar, ruhi tushkun, bo‘lajak maqbara rejasi
xayolidan nari ketmasdi.
Uyqusiz tunda o‘zi qo‘yiladigan maqbaraning xomaki rejasini chizdi-yu, ertasi kuni bosh
me’morni maslahatga chaqirdi.
— Mavlono, o‘lim haq. Es borida etakni yopmoqchimen. Zamonlar o‘zgardi. Bu obida
ota-bobolarimizga qo‘yilgan maqbaralardan boshqacharoq bo‘lmog‘i kerak.
Nozikta’b me’mor tirik odam bilan uning bo‘lajak qabri haqida gaplashishdan avval juda
tortindi. Lekin Akbar o‘z maqbarasining baland peshtoqlari Samarqand obidalari kabi
rang-barang bo‘lishi kerakligini, faqat koshinlar o‘rniga rangli toshlar tarashlanib, qanday
gulchin qilinishini aytgani sari, me’morni uning g‘oyasidagi yangilik o‘ziga tortdi-yu,
o‘ng‘aysizligi tarqab ketdi.
Dehlidagi Humoyun maqbarasining minoralari yo‘q edi. Akbar o‘z maqbarasining to‘rt
tomoniga oq marmardan to‘rtta baland minora yasashni buyurdi. Humoyun maqbarasi
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |