Darsning jihozi:
Xattaxta, boʻr, dars uchun maxsus bukletlar,
vatman qogʻoz, marker, diqqatni jalb qiluvchi savollar – skanvord
materiallar, kompyuter, proyektor, mavzuga oid slayd taqdimoti.
Dars turi:
ma’ruza
Darsning rejasi:
1. Asliyat va tabdil masalasi. Yiǵma va ilmiy-tanqidiy matn
2. Ilmiy-tanqidiy matn dastxat nusxaning shartli taqdimi sifatida
3.Matnga havola qilingan ilmiy koʻrsatkichlar tarkibi.
Tayanch soʻz va asosiy tushunchalar:
mumtoz adabiyot asarlari
matnini yaratish muammosi, adabiyotshunoslik, matnshunoslik,
tuzuvchi didi, arxeografiya, dialektologiya va tarixiy tilshunoslik,
ilmiy-tanqidiy matn dastxat nusxaning shartli taqdimi, adabiy
merosga yangicha nuqtayi nazar, ilmiy koʻrsatkichlar tarkibi, davr
adabiy yodgorligining mazmun-mohiyati.
Matnshunoslik va mumtoz adabiyot oʻzaro biri ikkinchisini
taqozo qiladigan, biri ikkinchisisiz mavjud boʻla olmaydigan
sohalardir. Matnshunoslik ayni paytda toʻgʻri matn yaratish uchun
ham asos boʻladigan soha. Bu sohada maktab yaratgan olimlarning
mehnatlari, tajribalari bugungi kunda qoʻl kelmoqda. Ularning
maktablari nasihatgoʻylik yoki matndan faqat xato izlashdan iborat
emas, balki ustozlarning tayyorlagan matnlari, tayangan prinsiplari
matnshunoslikni shakllantirdi. Maktab katta qalb, chuqur bilim,
51
ilmga muhabbat, qolaversa, ilmiy madaniyat orqali yaratiladi. Bir
misol. Rus adabiyoti tarixida rus yilnomalari matnlari boʻyicha
S.Shambinago, I.Tixomirov kabi olimlar tadqiqotlar yaratgan. Ammo
bu matnlar yuzasidan ish shu bilan toʻxtamagan. Bu yoʻnalishda
mashhur matnshunos A.Shaxmatov ham ish olib bordi. U matndagi
xatolarga e’tibor qaratar ekan, ustozlar bilan ziddiyatga kirishmadi,
balki tadqiqot usulini oʻzgartirdi: avval matnni tadqiq etib, keyin
nashr qildi. Nihoyatda ibratli usul! Muayyan bir davr adabiy
yodgorligining mazmun-mohiyati uning kim tomonidan nashrga
tayyorlangani bilan oʻlchanmaydi, balki adabiyot tarixida tutgan
oʻrni bilan oʻlchanadi, qolaversa, matnning yashashi, avlodlardan
avlodlarga oʻtishi ham matnshunos yaratgan matnning saviyasi bilan
belgilanadi. Adabiy yodgorliklar bilan avlodlarni bogʻlab turadigan,
matnning qanday saviyada bajarilganini koʻrsatadigan bir omil –
majmualardir. Majmua badiiy asarlardan muhim parchalarni olib, bir
kitobga jamlashdangina iborat emas, ayni paytda u tuzuvchining didi,
asarga munosabati va matnning qanchalik qimmatli ekaniga e’tibor
qaratishni taqozo etadi. Majmualar ana shunday puxta nashrlardan
parchalar tanlab, yaratiladi.
Biz mumtoz adabiyot asarlari matnini yaratish muammosi
toʻgʻrisida soʻz yuritar ekanmiz, matnshunoslikda shu kungacha
davom etib kelayotgan majmualar va ularning yaratilish prinsiplariga
e’tiborni qaratmoqchimiz. Oʻzbek adabiyotida majmua yaratishning
oʻziga xos an’analari bor. Abdurauf Fitrat, Olim Sharafiddinov, Hodi
Zarif va boshqa olimlar tuzgan majmualar bugungi kunda ham
ahamiyatini yoʻqotmagan. Matn tanlashda did, izchillik va
mantiqiylik ular yaratgan majmualarning umrboqiyligini ta’minladi.
Birgina Fitrat domlaning “Eng eski turk adabiyoti namunalari”
(Toshkent, “Mumtoz soʻz”, 2008; nashrga tayyorlovchi: Orzigul
Hamroyeva) majmuasiga nazar tashlash kifoya. Fitrat “Devonu
lugʻotit turk”dagi toʻrtliklarga muayyan mantiqiy izchillikda tartib
berib, Alp Er Toʻnga marsiyasini tikladi, toʻrtliklarni lugʻat va
izohlar bilan ta’minladi. Majmua XI asr va undan oldingi davr
adabiyoti toʻgʻrisida tasavvur hosil qilishda oʻz vazifasini bajardi. Bu
va bu singari majmualar adabiyot tarixi uchun ishonchli manba
vazifasini oʻtashi shubhasizdir.
52
3-rasm (slayd taqdimoti uchun maxsus)
Mumtoz adabiyot tarixi majmualari yangilanib borishni taqozo
etadi. Yangi manbalar kitobxon ixtiyoriga havola qilingandagina
mumtoz adabiyot oʻz vazifasini bajargan boʻladi. Majmualar qanday
prinsiplarga koʻra tuziladi, qanday matnlar olinadiyu, qaysi biri
olinmaydi, degan savollar tugʻilishi tabiiy. Majmua tuzishning oʻziga
xos prinsiplari bor. Birinchidan, matnlarni qiyoslash va saralash talab
etiladi. Bu prinsipga Fitratning yuqorida biz aytib oʻtgan majmuasi
eng yaxshi misol boʻla oladi. Turk olimi Koʻprulizodaning “Devonu
lugʻotit turk” yuzasidan olib borgan kuzatishlariga Fitrat har bir
toʻrtlik yuzasidan munosabatini bildirib, puxta majmua yaratganini
aytishimiz darkor. Biz ham matnlarni tanlashda shu prinsipga
asoslanishga, ayniqsa, nomalar va Sayfi Saroyi ijodidan namunalar
tanlashda harakat qildik.
Sayfi Saroyi XIV asr oʻzbek adabiyotida alohida oʻrin tutadi. U
Oltin Oʻrda adabiyoti va Misrda turkiy qavmlar barpo qilgan
Mamluklar davlatidagi adabiy muhitning yorqin vakili. Shayx
Sa’diyning “Guliston” asarini “Gulistoni bit-turkiy” nomi bilan ilk
bor turkiychalashtirdi, oʻz davrining malik ush-shuarosi sifatida
shuhrat qozondi. Sayfi Saroyi ijodi, xususan, uning tarjimonlik
mahorati haqida hali koʻp gaplar aytilishi kerak. Biz bu ulugʻ shoir
bilan bogʻliq boshqa muhim masala – uning asarlari nashri ustida
53
qisqacha toʻxtalmoqchimiz. Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy”
asarini Turkiyada oʻtgan asr oʻrtalarida Faridun Nafiz Oʻzluq chop
ettirgan; Qozonda, Qozogʻistonda bu shoir ijodi boʻyicha oʻsha
davrda bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Oʻzbekistonda bu
asarning ikki nashri – E.Fozilov va N.Davron amalga oshirgan
nashrlari bor. Matnni kim tayyorlagani emas, badiiy saviyasi
majmuada asosiy mezon boʻlgani uchun Sayfi Saroyining
zamondosh shoirlarga javob gʻazallarini Amir Najip nashridan,
“Gulistoni bit-turkiy”dan namunalarni Nasrullo Davron nashridan
ayrim tuzatishlar bilan olishga toʻgʻri keldi. E.Fozilov tayyorlagan
nashr oʻz-oʻzidan chetga surilib qoldi. Bunga sabab – E.Fozilov
nashrining saviyasi yuksak emasligi boʻldi.Soʻzimizning isboti
uchun Amir Najip va E.Fozilov nashrlaridan Mavlono Qozi Muhsin
gʻazaliga e’tibor beraylik. Toʻrtinchi baytning birinchi misrasi Amir
Najipda:
Do'stlaringiz bilan baham: |