QUYIDA “RUSTAM” ASARIDAN RUSTAMNING QIMMAT BILAN UCHRASHUVI
LAVHASI VA PUL MONOLOGI BERILDI
RUSTAM: Siz bu yerga qanday kelib qolgansiz?
Men o’zim kelganim yo’q, nahotki men o’zim kelsam? Meni sotib olib kelishdi,
buvimga elakdan ko’ylak, lozimlik, ikki pud un olib berib kelishdi, eshitmaganmisiz?
Shaftoli shoxi larzon, omon yor,
Farg’onada qiz arzon, omon yor,
Bahosini so’rasang, omon yor,
Qalami ko’ylak, bo’z ishton, omon yor.
Kelganimdan beri, yashshamagur kal xo’rozning qo’lida tepki yeb umrim o’tib ketutti,
akam bo’lsa mundog’ holga solib qo’yarmidi?
RUSTAM: Akangiz qayda?
QIMMAT: Akam vayanida o’lib ketti, bittasi o’q tegib o’lgan deydi, bittasi
qashqirlar yeb ketgan deydi, bittasi o’zi o’zini o’ldirgan deydi. Yana bittasi nima balo, nima
balo, hech anig’ini bilib bo’lmaydi.
RUSTAM: Bilib bo’lmaydi?..
(tikilib qoladi).
QIMMAT: Akam yoshligida, men juda kichkinaligimda, mana shunchaligimda,
turmushimiz og’ir bo’lganligi uchun bizni tashlab ketib qolgan ekan, dadam, oh o’g’lim,
deb o’lib ketdi.
RUSTAM: Dadangizni otlari nima edi?
QIMMAT: Oti, … Qurbonboy edi.
Yigit cho’chib tushadi.
RUSTAM: Qurbonboy? O’g’li nima ish qilar edi?
QIMMAT: O’g’limi?
RUSTAM: Ha, o’g’li!
QIMMAT:O’gli ham mana shu shohilarni g’alati qilib to’qir ekan, o’zi ham xuddi
sizga o’xshagan chiroyli paxlavon yigit ekan.
RUSTAM: O’shal paxlavon yigitning oti nima ekan?
QIMMAT: O’shal paxlavon yigitning oti, ot, ot, xo’kiz, cho’chqa, nima muncha
so’rayverdingiz?
RUSTAM: Ayting, kim?!
QIMMAT:, Rustamjon!
Rustam boshini ushlab, o’tirib qoldi.
Ha, nima bo’ldi? Marg’ilondagi akamni bilasizmi? Bilsangiz ham – endi men
yo’qlikka otilgan qizman, bir umr gunohga bosilgan izman.
(Qiz Rustamga zehn soladi.)
RUSTAM
Eh…
Men oy nurini o’girlasam,
Oy kun nurini o’g’ilagan ekan,
Dunyodagi bor ishning butun hammasi,
Bir-biriga bog’langan bir urug’ ekan.
Bu o’yinlar, kulgilar zardoblar bilan
Sharoblarga qo’shilib suzilar ekan.
Gunohlarni to’ldirib kosalar bilan
Kayfi safo yo’lida ichilar ekan.
Garchi o’g’ri bo’lsa ham mana shu odam,
Bir otaning ko’zini oq-qorasidir,
Garchi shu qiz foxisha bo’lsa, albatta –
Bir odamning singlisi yoki qizidir.
To’g’ri-to’g’ri bu yer ham, u yer ham, qo’zim,
Hammasi ham bir qafas, bir go’r, bir zindon,
Shu qafasning ichida yo o’lish kerak,
Yo sindirib qafasni saqlash kerak jon!
(O’ylab)
Sening qora amirkon shahlo ko’zlaring,
Oq shohidek kelishgan nafis yuzlaring,
Anor donalaridek shirin so’zlaring
Yuragimning tagiga zahar soldilar,
Yuragimda cho’g’ bo’lib yotgan olovni,
Yolqinlatib, qulf urib, ko’kka ko’tarib,
Lavasini jahonga sochib soldilar.
Mening ko’nglim muhabbat uchun yaralmay,
Qayg’u hasratlar uchun yaralgan ekan,
Avlodimning ichida qaysi bittasi,
Qayg’u degan nasldan taralgan ekan?!
Menga endi bitta do’st topib berdilar,
Faqatgina do’st emas, xotinim bo’ldi,
Bir ko’krakdan sut emgan qon-qarindoshim,
Quchog’imda ko’z suzib buraldi, kuldi.
Men singlimni bag’rimga bosib quchoqlab,
Mastlik ila ko’ksimda og’ushlar qildim,
Ko’kragini mijig’lab, labini tishlab,
Ayshi ishrat otiga suvora qildim!
QIMMAT
Ayting, yigit, sizning ham g’amingiz bormi?
Shunday kuchli, chiroyli, pahlavon yigit
G’am qilsangiz, endi biz o’lib qo’ya qolaylik?
Yoki, yoki men sizga yoqmay qoldimmi?
Men sizni yaxshi ko’raman, jonim, jonginam!
(Suyaladi)
RUSTAM
Xudo sizni shu qadar go’zal qilsayu,
Yana uni sevmasdan, ayting, bo’ladimi?
Hali g’uncha ochilib yetmagan bir gul,
Dunyo ko’rmay bemahal, ayting, so’ladimi?
Qimmat tikilib qoladi.
Xudo o’zi siz uchun xusn berganda,
Shu xusnning pul bo’lishini u ham bilgandir?
Balki xudoning o’zi shu umid bilan
Sizni chiroylilar chiroyligi qilgandir?
O’zingizni o’zingiz bilmasangiz siz,
Boshqalarni, albatta, bila olmaysiz,
Hamma sizni sevadi, ammo o’zini
Sizdan ko’ra yaxshiroq ko’radi, singlim!
Qimmat yig’laydi.
RUSTAM
Qichqirmang, bo’ldi?
Men sizni ajratib olib ketaymi?
QIMMAT
Sizmi? O’smoqchilamang?!
Meni boshingizga urasizmi?
Men endi gunohkor bo’lib ketganman,
Dunyodan o’lmayin tirik o’tganman.
(Yig’lab)
Otim o’chsin, dunyoda benomu nishon,
O’lib ketay sharmanda-sharmisor bo’lmay,
To’ng’iz tekkan idishday harom-harish
Bo’ldim endi men xazon, kuz hali kelmay?
RUSTAM
Bu yurgan odamlarning gunohi
Sening gunohingdan kam emas, Qimmatxon
singlim!!!
QIMMAT
(Ko’zlari olayib)
Qimmatxon singlim? Yo’q, yo’q! men sizga singil bo’lolmayman, qani guvoh?!
RUSTAM: Qurbonboy!
QIMMAT: Qurbonboy, Qurbonboy! Voy sho’rim, siz, siz ham Qurbonboy o’g’limi?
(Yerga tikiladi)
RUSTAM: Shunday, Qurbonboy o’g’li.
(Boshini ushlaydi)
QIMMAT:
(Telbalanib)
Aka? Yo’q, yo’q! Siz, siz o’sha! O’sha!
(Qattiq kulib)
Ha!
Ha! Ha! Ha!
RUSTAM
Kosani to’ldiring, ayting alyorni,
Shu pulning, shu qulning sog’ligi uchun,
Aysh qilib o’ltirgan yigitlar bilan,
Maylisga qizlarning borligi uchun.
Ichaylik shu pulning salobatiga,
Pul ko’p zo’r, azamat, paxlavon bir kuch,
Agar pul bo’lmasa butun dunyoda
Odam yo’q, turmush yo’q, xatto yashash puch.
Pul bo’lsa, pul berib bazm olasan,
Pul bo’lsa, pul berib imon olasan,
Pul bo’lsa, pul berib vijdon olasan,
Pul bo’lsa, pul berib qur`on olasan!
Bazm pul, vijdon pul, xotinlar ham pul,
Shariat, qoshi ko’z, shirin so’z ham pul,
Jonlar pul, tanlar pul, ko’kraklar ham pul
Xattoki muhabbat, yuraklar ham pul.
Bilmadim, xudoning o’zi dunyoni
Yaratsa, pulni ham o’ylaganmidi?
Shu pulning o’zidan kuchli ekanin,
Xudoning o’zi ham bilganmi edi?
Pul bo’lsa, pul uchun tizni cho’ksalar,
Pul bo’lsa, pul uchun yerni o’psalar,
Pul bo’lsa, pul uchun odamni so’yib,
Qonidan ko’chaga suvlar sepsalar.
Ayting-chi, kim kuchli –
xudomi yo pul?!!
Minglarni darbadar, sargardon qilgan,
Ayting-chi, bu jonlar, qizlarmi yo tul?
Bir marta ochilmay gul kabi so’lgan,
Ichaylik qo’zini qo’ydan ajratib,
Bolani otadan ajratgan uchun,
Ichaylik singilni ona qo’ynidan,
Ajratib fahshlarga irg’itgan uchun,
Ichaylik og’aga singilni qo’shib,
Singilni sharmanda qilgani uchun,
Begunoh beaql, ma`sumjonlarning
Qo’lma-qo’l gul kabi yurgani uchun.
Ichaylik, ichaylik, bu aroqlarni,
Kosani to’ldirib suzing, poshshaxon,
Qattiqroq qichqiring, alyor bo’lsin deb,
Ichamiz kosada, mayli, bo’lsin qon!!
(Qo’lidagi pilni sochadi).
Manbalar 1. Umarjon Ismoilov Tanlangan asarlar. G. G’ulom
nomidagi Adabiyot va san`at nashriyoti. T-1975 y. 2. M. Rahmonov Hamza
nomidagi O’zbek davlat akademik drama teatri.
Do'stlaringiz bilan baham: |