Beshinchi parda, ikkinchi ko’rinishdan
Samarqand. Go’ri Amir. Temurning maqbarasi. Ulug’bek kirib keladi, orqasida
mash’al ko’targan ikki mahram.
U l u g’ b e k (
Mahramlarga
).
Siz mash’alni shunga tikib eshikda kuting!
Mahramlar chiqadi
Shu — qirq yillik andishaga alamli yakun.
Ketib qoldi zamonadan diyonat, rostlik.
Mudhish bir jar yoqasida turmush mamlakat.
Zulmatli tun qo’nayotir yurtning ufqiga.
Bobo Temur omonating saqlayolmadik.
Avlodlaring chiqib qoldi g’oyat noqobil.
Temuriylar manglayiga bitilgan shumi?
Tomirimda garchi yurar Temurning qoni,
Ammo menda Temurbekning shaddodligi yo’q,
Men hech qanday tahlikadan hayiqmayman, yo’q.
Men o’limni hokim emas qul, deb sanayman.
Uni falak ovchisining ko’ppagi deyman.
Turkistonda garchi menga teng keladigan
Mergan yo’g’u, ammo urush ta’bimga yoqmas.
Jang, ma’raka, odam qirish, safarda yurish.
Barakatning bog’larini kesib kuydirish —
Sening sevgan nabirangga, iztirob.
Bobo Temur, bu jumboqqa o’zing ber javob:
Shohlar burji yashatmoqmi yoki o’limmi?
Quvvat nima? Muruvvatmi yoki zulmmi?
Ulug’bek qabrga engashib chuqur xayolga botadi. Birdan Temur tobuti qarsillab
ochilgani eshitiladi. Sag’anani tutun bosib, mash’al o’chadi. Shu paytda sahnaning orqa
pardasida soyalar qo’ynida bir balandlikda Amir Temurning mujassam qomati paydo
bo’ladi. Uning
qiyofasi haybatli. Qo’lida uzun qilichini havoda o’ynatib, qahqaha urib yuboradi.
Temur arvohi. Urho-urho! Yog’i, qochdi, yo olloh, urho!
Yer yuzida buzilganga o’xshar intizom.
Avlodimdan sohibqiron chiqolgan kim bor?
Eh, janglarning dag’dag’asi, gashti qolmabdi.
Maydonlarda issiq qonning bug’i ko’rinmas.
Men to’ldirgan ummonlarning savlati qani?
Qani o’sha quturuvchi yoldor dengizlar?
Ummonlarning o’rnida men hovuz ko’raman.
Bir hovuzki, kaftimga ham qiladi kamlik,
Qon purkagan sipohlarning tuyoq izidan
Sanqib yurar bugungi kun anqov sarbozlar
Men oltmish yil ot belidan tushmadim, toki,
Ilal-abad avlodlarim bo’lsin jahongir.
Har kun besh bor aytar edim: butun yer yuzi
Torlik qilar: sig’dirolmas ikki podshohni.
Ammo, bugun ko’ramanki, ellik shohga ham
Kenglik qilar, ortib qolar shu latta Dunyo.
Osmonda bitta tangri, yerda bir sulton.
Aks holda to’polonlar lobid, muhaqqaq.
Shahrisabzlik Temurbekning vahimasidan
Qaltirardi yetti iqlim tog’u toshlari.
Samarqandda bir yo’talsam, buning zarbidan
Yorilardi xalifayi Bag’dodning o’ti,
Isfahonda zilziladek qimirlardi yer,
Bir na’ramdan qular edi shohlarning toji,
Poytaxtimga oqar edi dunyoning boji...
... Ulug’bekni men ko’rgandek bo’laman hozir.
O’g’lim, sening irodangni yeb qo’ydi kitob.
Sipohiylik rasmlarin qilmayin pisand,
Yulduzlarning qo’shiniga bo’lding farmondor.
Osmoniy o’lkalarni olmoqchi bo’lib,
Yerdagi naqd diyoringni boy berding qo’ldan.
Beshinchi parda, beshinchi ko’rinishdan
U l u g’ b e k. Sabr et, jonim! Irodaning farzandi umid,
Tundan keyin tong otmasdan qolganmidi hech.
Anov tog’lar orqasidagi, bulut sirtida
Koinotning yosh kelini mohtob o’rmalar,
Garchi uni ko’rmaymiz, u bizlarni ko’rar.
F i r u z a. Ustoz, ketish qancha og’ir, ammo siz bilan
To dunyoning chekkasiga borsam roziman.
Lekin ayting: fikringizcha yana bir karra
Samarqandni ko’rmak bizga bo’lurmi nasib?
U l u g’ b e k. Sizlar beshak ko’rarsizlar. Men-chi, mabodo,
Umrim vafo qilsa, men ham ko’rarman albat.
Bu o’g’rilar saltanati ko’p uzoq bormas.
Ammo shoyad Samarqandni men ko’rmasam-da,
Samarqandning shahri meni albatta ko’rar.
O t a M u r o d. Chunki sizni vijdoni bor el yaxshi ko’rar.
F i r u z a. Nima degan, siz ko’rmaysiz, sizni u ko’rar.
U l u g’ b e k. Ya’ni tirik qaytolmasam Samarqandga men,
Bu shaharda ko’milg’usi tanim har holda.
O’z o’g’lini nahot chetda qo’ysa Samarqand?
Nahot, qirq yil mehnatimning evaziga men
O’z shahrimdan ikki gazlik yer ololmasam...
Eh, shu g’amgin tashvishlarni qo’ygin, azizim,
Men umrimda ko’p sarguzasht, ko’p odam ko’rdim,
Xoqonlarga hamkasb bo’ldim, janglarda yurdim,
Gohi tunda musofirlar libosin kiyib,
Shaharlarni, qishloqlarni birma-bir kezdim.
Qirda, dashtda ovchilikning gashtini sezdim,
Tanilmasdan o’g’rilarga goho yo’liqdim,
Ko’kni aniq ko’rmoq uchun tog’larga chiqdim.
Ba’zan ovul to’ylarida o’yinga tushdim,
«Manman» degan pahlavonlar bilan kurashdim.
Bular senga qiziq-qiziq qissa emasmi?
Men bularni senga bir-bir aytib beraman,
Inshoolloh, uzoq safar manzillarida.
Yigitali, ot-egarni yaxshilab taxla!
Yo’l qorong’i... Biz tundayoq dovondan oshib
Shahrisabzga yetmog’imiz lozim saharda.
Maqsud Shayxzoda
, Asarlar.
G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot
va san’at nashriyoti, 1972-yil, III-jild.
Do'stlaringiz bilan baham: |