Ma’ruza mashg’ulotlari
71
Abdulla Avloniy yomon xulqlar sirasiga quyidagilarni kiritadi: g‘azab, aysh-ishrat,
jaholat, safohat (umri va molini bekorchi narsalarga sarf etish), hamoqat
(o‘zbilarmonlik, manmanlik), adolat (dangasa, yalqov), hasosat (ta’ma, hirs), rahovat
(g‘ayratsizlik), anoniyyat (xudbin, mutakabbir, manman), adovat (kek saqlash),
namimat (chaqimchilik), g‘iybat, haqorat, jibonat (qo‘rqoqlik), hasad, kizb (yolg‘on),
nifoq, ta’ma, zulm va boshqalar.
O‘quvchilarda ijobiy sifatlarni tarbiyalash ularning salbiy xislatlardan holi
bo‘lishlariga yordam beradi. Bu esa dastlab o‘quvchilarga xulq-odob me’yorlari va
qoidalarini anglash va shaxs ongini shakllantirishga doir metodlar asosida amalga
oshiriladi.
Bunga badiiy va ilmiy-ommaviy adabiyotlarni o‘qish, kinofilm va spektakllarni
tomosha qilish, maxsus tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifat kunlarida turli mavzularda
suhbatlar tashkil etish natijasida axloqiy tushunchalar va xulq-odatlar paydo bo‘la
boshlaydi. O‘quvchilar o‘zlari va boshqalarning xatti-harakatlarini baholay
boshlaydilar. Buning uchun turli ma’naviy-axloqiy mavzularda o‘tkaziladigan suhbat
va munozaralarda o‘quvchini fikr yuritish, o‘ylashga yo‘naltirish muhim ahamiyatga
ega. Masalan, «Do‘stimiz Kamol qanday qilib narkomanlar davrasiga tushib qoldi?»,
«Siz erkinlik deganda nimani tushunasiz?», «Zamonaviylik – bu nima?» kabi
mavzulardagi suhbat, bahs va munozaralar o‘quvchilarni o‘ylash, fikr yuritishga
yo‘llaydi, ularda salbiy xislatlardan saqlanish, yaxshi odatlarni o‘rganishga bo‘lgan
intilish va qiziqishlari tarkib topa boshlaydi. Ularning, ayniqsa, o‘z xatti-harakatlarini
baholashga bo‘lgan intilishlari va ishonch, e’tiqodlari shakllanadi.
Demak, munozara va suhbatlar ma’naviy-axloqiy tarbiyaning eng dolzarb
muammolariga bag‘ishlanishi zarur.
Bunda o‘quvchilarni qiziqtirish va ularni jonli muloqotga undash muhimdir.
O‘quvchi faoliyatini tashkil etish va xulq-odobni shakllantirish metodlaridan
mashqlantirish, o‘rgatish, pedagogik talab qo‘yish jamoa fikrini hisobga olish,
topshiriqlar berish, tarbiyaviy vaziyatlar hosil qilish va boshqa metodlardan
foydalanish samarali natijalar berishi mumkin.
Lekin o‘quvchilarni faol, maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatga jalb etmasdan turib,
axloqning biror turiga mos tarbiyalab bo‘lmaydi. Bunda mashqlantirish muhim
ahamiyat kasb etadi. Mashqlantirish asosida shaxsning u yoki bu axloqiy xislati
shakllanadi va amaliy faoliyatga aylanadi.
Rag‘batlantirish metodlariga mukofotlash va ma’qullash kiritiladi.
Bugungi kunda shartnomalar tuzish, o‘z-o‘zini shakllantirishga doir shaxsiy
dasturlarni loyihalash, o‘quvchilarni qiziqishlariga ko‘ra tabaqalashtirish monitoringi,
testlar, jarimalar (ball hisobida) kabi tarbiyaning zamonaviy texnologiyalaridan
foydalanish ham ijobiy natijalarga olib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |