www.ziyouz.com
кутубхонаси
2
hodisani xayoliga ham keltirmaydi, mabodo o‘sha kadim zamonlarda Luvr degan o‘rdak bo‘lmaganida
olam allaqanday, boshqacha tarzda tuzilib, hozirgiday, quruqlik suvga, suv esa — quruqlikka qarshi
turmagan bo‘lardi. Axir, olamning boshlanishida — azal-azallarda — tabiatda quruqlik uyoqda tursin,
hatto gard ham yo‘q edi. Butun atrof suvdan, faqat suvdan iborat edi. Suv o‘z-o‘zidan qorong‘i
tubsizliklardan, cheksiz girdoblardan paydo bo‘lgan, so‘ng atrofga tarqala boshlagan. Shundan
boshlab, to‘lqinlar to‘lqinlarga urilib, tarafsiz olamning hamma taraflariga oqa boshlagan: suvning
qayoqdan kelib, qayoqqa borishini hech kim bilmagan.
Luvr o‘rdak esa, ha, hozir ham har kuni tepamizdan g‘ag‘illab to‘dasi bilan uchib o‘tadigan o‘sha
o‘rdak ilgari dunyoda yolg‘iz, yakka o‘zi yashardi. U samoda tanho uchib yurarkan, tuxum qo‘yishga
ham tangaday joy topolmasdi. Chunki olamda suvdan boshqa hech bir narsa, uya qurish uchun hatto
birorta xas ham yo‘q edi.
Luvr o‘rdak qo‘nadigan joy topolmay faryod chekar, chidolmayman, tuxumimni tubsiz girdobga
tushirib yuboraman, deb yuragi shuvillardi. O‘rdak qayoqqa yo‘l olmasin, qay tarafga uchmasin,
qanotlari ostida shovullab yotgan to‘lqinlarni ko‘rardi — chor-atrofni hadsiz-hududsiz, avvaliyu oxiri
yo‘q mahobatli suv qoplab olgan edi. Uchaverib holdan toygan, majolsiz o‘rdak uya qurish uchun
butun olamda biror parcha yer yo‘qligiga ishonch hosil qildi.
Shunda o‘rdak suv ustiga ko‘ndi-da, ko‘ksidagi patlardan tumshug‘i bilan yulib olib, o‘ziga uya
kurdi. Xuddi mana shu suzib, qalqib yuruvchi uyadan yer paydo bo‘la boshladi. Bora-bora yer
kengayib, asta-sekin uning ustida turli jonivorlar paydo bo‘ldi. Jonivorlar ichida inson hammasidan
epchil, abjir chiqib qoldi. U qor ustida chang‘ida uchishni, qayiq yasab suvda suzishni o‘rganib oldi.
Hayvonlarni, baliqlarni ovlashni o‘rgandi, shular bilan tirikchilik qilib, o‘z naslini ko‘paytira boshladi.
Butun olamni koplab olgan suv o‘rtasida quruqlikning paydo bo‘lishi qanday oqibatlarga olib
kelishini Luvr o‘rdak bilmagan edi. Chunki yer paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab, dengiz tinchini
yo‘qotdi; mana endi o‘shandan beri dengiz — quruqlikka, quruqlik — dengizga karshi jang qiladi.
Bular o‘rtasiga tushib qolgan insonga oson tutib bo‘lmaydi, u dengiz bilan yer o‘rtasida, yer bilan
dengiz o‘rtasida azob chekadi. Odamlar ko‘proq yerga bog‘lanib qolganliklari uchun dengiz ularni
xush ko‘rmaydi...
Tong bo‘zara boshladi. Yana bir tun o‘tdi. Yana bir kun dunyoga keldi. Bo‘zara boshlagan tong
g‘ira-shirasida dengiz bilan qirg‘oqning quturib olishayotgani kiyik labidan uchgan hovurday elas-elas
ko‘zga chalinadi. Dengiz shunday nafas oladi. Dengiz va qirg‘oqning kizg‘in to‘qnashuvlaridan
hamisha pag‘a-pag‘a sovuq hovur ko‘tarilib turadi. Yastanib yotgan sohil bo‘ylab, hamma yerda o‘jar
to‘lqinlarning shovqini eshitiladi.
To‘lqinlar o‘jarligini qo‘ymaydi, o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlar qirg‘oqning muzday yonbag‘irlariga,
suv yalab silliqlab yuborgan toshlar uyumiga jon-jahdi bilan, bor kuchi bilan hamla qiladi, keyin esa
taqdirga tan berganday xo‘rsinib, majolsizlanib, iziga qaytadi. Ortida o‘tkinchi ko‘piklar va
chaykatilgan o‘t-o‘lanlarning chirkin hidi qoladi.
Bahorda okean harakati bilan allaqaerlardan kelib qolgan muz parchalari goh-gohida o‘rkach-
o‘rkach to‘lqinlar kuchi bilan qirg‘oqqa chiqib qoladi. Qum ustiga uloqtirib tashlangan bu bevosh muz
parchalari darhol dengizning to‘ng‘ib kolgan ojiz zarralariga aylanadi. Keyin kelgan to‘lqinlar tezda
ortga qaytib, ularni ham o‘z og‘ushiga olganicha yana dengiz bag‘riga eltadi.
Zulmat chekinib tong ota boshladi. Qirg‘oq ohista ravshanlashdi, dengiz ohista yorisha boshladi.
Tungi shamol ko‘zg‘atgan oq yolli o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlar hamon qirg‘oqqa talpinib, shovqin
solib turgan bo‘lsa-da, dengizning olisdagi teran joylari endi insofga kelganday tinchlanib, ko‘rg‘oshin
singari xira ko‘kish rang tortib, vazmin mavjlanib yotardi.
Dengiz ustidagi bulutlar qirg‘oqdagi tepaliklar sari siljiy boshladi.
Dengizning xuddi o‘sha qismida, Olapar ko‘ltig‘iga yaqin yerda dengiz tomon yarim orol shaklida
qiyalab turtib chiqqan tepalik — qoya bo‘lib, u olisdan qaraganda haqiqatan ham sohil bo‘ylab chopib
borayotgan kattakon olapar itni eslatardi.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |