www.ziyouz.com kutubxonasi
69
— Ishondim nimayu ishonmadim nima?
— Ha senga baribir. Sen ishqi yo‘q eshak, dardi yo‘q kesaksan.
— Sal pastroq tush,— dedi Kesakpolvon sal ranjigannamo ohangda.
— Pastga tushsam, tushmasam, shunaqasan. Kecha deputatga qo‘shib seni jo‘natsam
bo‘larkan.
— Qayoqqa?
— Farg‘onaga?
— Ketdimi? — dedi Chuvrindi, televizordan ko‘z uzib.
— O‘chirib qo‘ya qol,— dedi Asadbek. Chuvrindi buyruqni bajargach, kechagi voqeani
aytib berdi: — Kechga yaqin telefon qilib qoldi. «Aka, ahvol chatoq, men bilan
Farg‘onaga borib kelmasangiz bo‘lmaydi», deydi hovliqib. «Nima gap?» desam, «yo‘lda
tushuntirib beraman, aeroportga kelavering», deydi. Ahmoq bo‘lib boribman. «Siz u
tomonlarda ko‘p odamlarni taniysiz. Meni o‘sha yerdan saylashgan bo‘lsa ham hech
kimni tanimayman, yonimda yuring», deydi. Qip-qizil ahmoq, o‘sha deputating. Onasini
uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatmoqchi bo‘ldimu, joyi emas, dedim.
— Yaxshi qilibsan, bu to‘polonni tinchitish bizning ishimiz emas,— dedi Kesakpolvon.
— Sizni bir baloga giriftor etishi mumkin edi,— dedi Chuvrindi.
— Ha-da! O‘sha zahoti Akademikning gaplarini esladim. Balo ekan, u Akademik!
O‘shandayoq sezgan ekan-a. Men borguday bo‘lsam, bizning bo‘ynimizga ilib qo‘yishlari
ham mumkin edi. Bundan qutulib bo‘lmaydi. Katta g‘allamislikning isi kelib turibdi. Anavi
dumbulning «qulupnaydan chiqqan janjal», deb turishini qara!
— Bularga aralashmaslik kerak. Siyosatdan uzoqroq yuraveraylik,— dedi Kesakpolvon.—
Bizning siyosat mana bu,— u shunday deb cho‘ntagiga shapatilab qo‘ydi.
— Cho‘ntak hamisha to‘lib turishi uchun bu siyosat qayoqqa borib, qaerda burilishini
aniq bilib turishi kerak,— dedi Chuvrindi.— Bularning o‘zgarishini vaqtida payqamay
qolsangiz, bir kunda ship-shiydam bo‘lasiz.
Chuvrindining bu gapi Asadbekka ma’qul keldi. Kesakpolvonga qarab «Bu senga
kissavurlik emas», demoqchi bo‘ldi-yu, «yana jirillab bermasin», deb indamay
qo‘yaqoldi.
— Bek, xabaring bormi, vinzavodning tushumi ancha kamaydi. O‘ylab ko‘r, oliming eplay
olmaydi zavodni. Olimligini qilib yuraversin, mayli, lekin Qilichni joyiga qo‘ymasak
bo‘lmaydi.
— Men tupurgan tupugimni qaytib og‘zimga olmayman,— dedi Asadbek.
— O‘jarlik qilma, burniga suv kirgandir.
— Mahmud, sen aniqlab ko‘r, nima uchun tushum kamayibdi?
— Aniqlashning hojati yo‘q,— dedi Chuvrindi xotirjam ohangda.— Haydar akam to‘g‘ri
gapiryaptilar. U zavodni eplay olmaydi. Qurug‘idan tortishga berilib ketibdi. Xonasiga
kirgan odam darrov biladi. Yana tortmayman, deb tonadi. Yeydiganini yedi.
— Do‘xtirga ko‘rsat, devdim-ku?
— Olib bordim. Do‘xtir bir iloj qilamiz, dedi. Lekin do‘xtirdan dorini olib chiqib, bu yoqda
yashirincha tortib yuraverishi ham mumkin. Irodasi bo‘sh uning. Agar xo‘p, desangiz bir
taklif bor.
— Aytaver.
— Qilichni chiqartirish kerak. Lekin uni o‘rniga qo‘yib bo‘lmaydi.
— Nega? — dedi Kesakpolvon ajablanib.
— Negaki, o‘tirib chiqdi, degan nomi bor. Yana partiyadan o‘chirib qo‘yishgan. Joyiga
qo‘ymoqchi bo‘lsak, yuqoridagilar xitlanishadi. Tiklanib olgunicha Sharifga yordamchiday
bo‘lib tursin, ammo hamma ishni o‘z qo‘liga olsin.
Asadbekka bu taklif ma’qul bo‘lsa ham «O‘ylab ko‘ray», dedi.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |