www.ziyouz.com kutubxonasi
189
xitobchi yana Anvarga qaradi:
— Men bilan kommunizmga bormaysanmi?
«Bitta arbob, ikkita indamas jinni hamkorligida yana qayoqqa borish mumkin?» deb
o‘yladi Anvar. Savolga javob berguday bo‘lsa bu «arbob»dan qutula olmasligini bilib,
o‘zini indamaslar safiga qo‘shishni ma’qul ko‘rdi. «Arbob» bir-ikki savoliga javob
ololmagach, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qoldi.
Kechki ovqatdan so‘ng dori-darmonlarni qabul qilishgach, hamxonalari odobli bolalar
kabi yotib, uyquga ketishdi. Anvar ham yotdi, ammo ostiga tikonli to‘shak solinganday
orom topmadi. Avval qaddini ko‘tarib o‘tirdi. So‘ng turib, dahlizga chiqdi. Navbatchi
hamshira o‘rnida barvasta, yonog‘ida tukli xoli bor ayol katta daftarga nimadir yozib
o‘tirardi.
— Nimaga chiqding, kirib yot,— dedi u qo‘pollik bilan.
— Uyqum kelmayapti, bugun olib kelishdi meni. Kelajagi porloq jinnilardan bo‘lsam
kerak. Qo‘rqmang, qochib ketmayman.
— Qochib go‘rga borarmiding, bor kirib yot, boshimni og‘ritma.
Avvalgi jinnixonada ham navbatchi hamshira uni kirib yotishga undagan edi. Ammo bu
tarzda emas, yalinish ohangida iltimos qilib edi. Shunda Anvar unga bir she’r aytgan, u
«yaxshi she’r ekan», deb bir oz suhbatlashgan edi. Anvar garchi bu xotindan yaxshi gap
chiqishiga gumonda bo‘lsa-da, o‘sha she’rni o‘qigisi keldi:
Bahorda gurkirab avj olgan chechak,
So‘lar xoh istama, xohi sen ista.
Unga yor na o‘tmish, na-da kelajak,
Tuproqqa jo bo‘lib ketar ohista.
Shuning-chun so‘nggi bor kuylaydi qumri
Bilmam ne marsiya, bilmam ne vola.
Hey, mening umrimdir chaqmoqning umri
Bir chaqnab mahv bo‘lsam chekmagin nola!
Navbatchi yozishdan to‘xtab, unga g‘alati qaradi:
— Nima balo, shoirmisan? — deb so‘radi, she’r o‘qib bo‘lingach.
— Yo‘q, jinniman,— dedi Anvar istehzo bilan.
— Jinniliging bilinib turibdi, kirib yot dedim senga.
Anvar «xo‘p bo‘ladi» dedi-da, orqasi bilan yura turib yana bir to‘rtlik o‘qidi:
— Yomg‘irdan so‘ng ochildi bog‘lar,
Endi yellar girdikapalak.
Astagina titrar yaproqlar,
Xayr dema, beozor malak...
Navbatchi ayol so‘nggi satrni noto‘g‘ri anglab, qo‘lidagi qalamni taq etib stol ustiga
qo‘ydi-da, o‘rnidan turdi:
— Qani, kir ichkariga, deyapman! Hali men senga malay bo‘ldimmi, huv turqing qursin!
Anvar bu yer she’r o‘qiydigan, hazillashadigan joy emasligini anglab, shoshib ichkariga
kirdi. Navbatchi hamshira eshikni ochib, to u joyiga yotgunicha qarab turdi.
Anvarga alam qildi. Aslida u yurakni siqayotgan iskanja azobidan bir damgina bo‘lsa
ham qutularman, degan niyatda dahlizga chiqqan edi. Avvalgi jinnixonada aynan
shunday bo‘lardi. «Bu yer nima o‘zi — jinnixonami yo qamoqxonami?» deb o‘yladi u.
Alamdan holi bo‘lmoq uchun xayolini chalg‘itishga urindi. Qo‘lini bolish qilib, chalqancha
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |