www.ziyouz.com kutubxonasi
186
nuri bilan o‘rab, himoya qilsa. Qani edi. Otabek begimning ruhi erimning yuragiga
muhabbat otashini bersa... Otabek bir tug‘ilib qolgan ekan. Endi Otabeklar yo‘q.
Kumushbibimning zaharlanib o‘lgani bir jihatdan durust bo‘lgan ekan. Agar dunyo
aylanib hozir tug‘ilsamidi... Hozir tug‘ilsa Kumushbibi bo‘la olmasdi. O‘zi aytmoqchi,
Tuproqbibi bo‘larmi edi... Xuddi menga o‘xshab... Men Tuproqbibi emasmanmi axir?..»
Shu kabi xayollar oqimiga berilgan Zaynab yana mudradi. Sal o‘tmay yana uyg‘ondi.
Shu tarzda xavotirlanib kutgani uchinchi kunga yetdi. Ammo xavotiri o‘rinsiz chiqdi.
Vujudida o‘zgarish sezmadi. Mardonani la’natladi. Ko‘ngliga sevinch oftobi mo‘raladi.
Lekin bu sevinch nuri qora bulutlar chokidan asta qarab qo‘ygan oftob misoli aldamchi
edi.
Kun asr vaqtidan o‘tganida hovli qizib, o‘tirib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Zaynab
ichkari kirib salqin xonadagi o‘rindiqqa yonboshlab, televizorni yoqdi. Keksaroq bir
baxshi do‘mbira chertib doston aytardi. Zaynab baxshilarning ovozini xirillatib
aytishlarini yoqtirmas edi. Shu tufayli televizorni boshqa kanalga olmoqchi bo‘ldi. Biroq,
baxshining tilidan uchgan bayt uni to‘xtatdi:
Xazon bo‘lgan bog‘da gul so‘larmikan,
So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan...
«Aqlli gap ekan,— deb o‘yladi u.— «So‘lgan gulga bulbul kep qo‘narmikan...» Xuddi men
haqimda aytilganga o‘xshaydi.»
Baxshi «Barchin» ismini tilga olgach, «Alpomish» dostoni aytilayotganini fahmlab, diqqat
berib tingladi.
«...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
Barchin tilidan aytilgan bu gap Zaynabni larzaga soldi. Salqin uyda havo
yetishmaganday tuyulib, tashqariga chiqdi. Yuziga issiqlik seli urilib, yanada loxas bo‘lib,
iziga qaytdi. Baxshi do‘mbirani shitob bilan chertib, doston aytardi.
«...Lochin qo‘ngan to‘shimga qarg‘ani qo‘ndirmayman...»
«Lochin kim? Erimmi? Yo‘-o‘q... u lochin bo‘la olmaydi. Bu to‘shga lochin qo‘nmay
o‘tdi. Qarg‘a qo‘ndi...»
Zaynab Jamshidni eslab, yuragi ezildi. Yurak to‘lg‘og‘ini kutib turganday vujudi ham
zirillay boshladi. Zaynab asabini tinchlantirish uchun xapdori ichib yotdi. Vujudi bir oz
orom topganday bo‘ldi. Baxtiga eri bugun to‘yga ketmadi. Birga ovqatlanib, so‘ng
gaplashib o‘tirishdi. Zaynab saboqdosh toliba dugonalarini sog‘inganini, mehmonga
chorlash niyati borligini aytdi. Elchin bu fikrni ma’qullab, «qo‘lbola osh bizdan», deb
ko‘nglini ko‘tardi.
Mardona aytgan holat yarim tunda to‘satdan boshlandi. Zaynab bezgak tutganday
titrardi. Ko‘ngli aynib o‘qchirdi. Elchin qaynonasini bezovta qilgisi kelmay, «tez
yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Tabib kelib, lozim tekshiruvini o‘tkazgach, bir bilakdagi igna
izlariga, bir Elchinga qarab yelka qisdi. Elchin uning nima demoqchi ekanini anglab, bosh
chayqadi-da:
— Yaqinda kasalxonadan chiqdi. Hamshira kelib emlab turibdi,— dedi.
— Qanaqa dori, ko‘rishim mumkinmi?
— Hamshira dorini o‘zi olib keladi,— dedi Zay-nab ingrab.
— Emlaganidan keyin yengil tortarmidingiz?
— Ha.
— Nima ekan u? — tabib o‘ylanib, gardanini qashidi.— Agar istasangiz kasalxonaga olib
ketay?
— Do‘xtir, bu Asadbekning qizi,— dedi Elchin, uning qulog‘iga shivirlab.
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |