www.ziyouz.com kutubxonasi
122
— Bu gapni qo‘ya turing. Avval taom, ba’daz kalom, deyishganmi?
Zohid «ma’qul», deganday qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
Yaxshi hamki Chuvrindi so‘zini bo‘ldi. Dam o‘tmay taom kiritilib, sho‘rvani ichayotgan
paytda Zohid mayor Solievning «Jamshid tirik ekaniga ishonishimizni istashyapti»,
degan gapini esladi. Ajab holat: avvaliga kuydirilgan murda — Jamshid, deyishdi. Endi
o‘zlari «yo‘q, u Jamshid emas edi», deyishmoqchimi? Zohid sho‘rvani icha turib
Chuvrindiga bir-ikki o‘g‘rincha qaradi. Chuvrindi xotirjam ovqatlanar, yuzidan, ko‘z
qarashidan biror ma’no uqish qiyin edi.
«Bularda bir sir bor, — deb o‘yladi Zohid. — O‘zlariga yoqmagan odamni o‘ldirib, ko‘mib
tashlashsa ham bo‘lardi. Namoyishkorona osishlari nimani anglatadi? Maqsud aka bir
narsada yanglishadilar. Ularning maqsadlari faqatgina bizni laqillatish emas.
Sunnatullaev — Asadbekning odami. Agar uni Asadbek o‘ldirtirsa, bunday osib qo‘ymas
edi. Izsiz yo‘qolgan odamlar ro‘yxatiga kirardi. Boshqa to‘da o‘ldirgan bo‘lsa, bular nega
jim? Nima uchun xotirjam? Payt poylashyaptimi? Ular kutgan fursat qachon keladi?
So‘ng qanday balolarni boshlashadi? Biz odatdagiday g‘aflatda qolmaymizmi? Nahot
bularning payini qirqa olmasak?»
Zohidning qorni och edi, sho‘rvani ham ichdi, keyin qo‘yilgan xasipni ham yedi, noz qilib
o‘tirmadi. Tashqaridan qaragan kishi bularni ikki qarama-qarshi qutb odamlari emas,
jonajon ikki do‘st shirin suhbat qilib, ovqatlanyapti, deb o‘ylashi mumkin edi.
Chuvrindi «Ehsonov!» deb chaqirilib, to‘xtatilganida g‘ashlangan edi. Hozir Zohidning
aynan shu kech kelganidan o‘zicha rozi bo‘ldi. Zohid kelmaganida yolg‘iz o‘tirib,
onasining tashvishi bilan band bo‘lardi. Zohid tashrifi bilan undagi anduhni bir oz bo‘lsa-
da, chekintirdi. Ayniqsa gaplarida rasmiyatchilik ohangi yo‘qligi Chuvrindiga ma’qul
keldi.
«Ovqat yeyayotganda tuppa-tuzuk odamga o‘xsharkan, a? — deb o‘yladi Chuvrindi. —
Lekin mendan nima istaydi bu? Nahot meni hammasini aytib beradigan go‘l deb o‘ylasa?
Xo‘p, hozir hammasini to‘ppa-to‘g‘ri aytib berayinmi? Shunda ishonib, indamay
ketadimi? Ishonib bo‘pti. Yana lanjlik qiladi, yana befarosat o‘rdakka o‘xshab tumshug‘i
bilan balchiq titaveradi. Bo‘ladigan gap shu — balchig‘ini titib kunini ko‘raversin.
Balchiqdagi bularga yem bo‘luvchi chuvalchang qayda-yu, osmondagi burgut qayda?!»
Ovqatdan so‘ng Zohid ikki piyola choy ichgach, labini sochiqqa artdi.
— Choydan quyaymi? — deb so‘radi Chuvrindi, iltifot bilan. Bu iltifot pardasi ortida «qani
endi gapingizni aytavering», degan ma’no yotgan edi.
Ovqatlana turib bir qarorga kelgan Zohid Chuvrindi uchun kutilmaganda qisqa gapirdi:
— Eksgumatsiya xulosasida aytarli yangilik yo‘q. Murda Sunnatullaevniki, degan
taxminda turibmiz.
— Taxminda, deganingiz nimasi?
— Aniq xulosaga kelish uchun qo‘shimcha dalillar kerak.
— Qanaqa dalil?
— Bunisi endi tergov jarayonida ma’lum bo‘ladi. Sizdan bir iltimosim bor: biror masalada
bezovta qilsam, achchiqlanmang. Sizdan gumonsirayotganimiz yo‘q, faqat marhumni
yaqindan bilganingiz uchun u-buni so‘rab turamiz.
— Hayriyat-e, — dedi Chuvrindi kinoyali jilmayib. — Meni gunohkor qilib qo‘yasizmi, deb
jonim halakda edi. Endi eksgumatsiya xulosasiga kelsak, u meni mutlaqo qiziqtirmaydi.
Biz uni Jamshid deb o‘ylab, izzati bilan joyiga qo‘ydik. Boshqa jihatlari bilan shaxsan
mening ishim yo‘q. Murda boshqa bo‘lsa, Jamshid tirik bo‘lsa, marhamat, topib bering.
Topsangiz, suyunchisi bizdan. Men sizning iltimosingizni qabul qilay. Siz ham mening
nasihatimni qulog‘ingizga oling: balig‘i yo‘q hovuzga qarmoq tashlab ovora bo‘lmang.
— Qani, bir urinib ko‘raylik-chi, balki suyunchi yoningizga qolar. Balki qarmoqqa baliq
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |